Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:40

Jahon birjalarida sarosima davom etmoqda


Qo‘shma Shtatlarning kredit reytingi pasaytirilishi ortidan jahon bo‘ylab qimmatbaho qog‘ozlar bozori ko‘rsatkichlari ham tushib ketdi.

Dushanba kuni AQSh birjalaridagi ko‘rsatkichlar keyingi 9 oydagi eng past darajaga tushdi.

Standard & Poor's agentligi o‘tgan juma kuni AQSh hukumati qarzlari reytingini pasaytirgan edi.

AQSh qimmatbaho qog‘ozlar bozorining asosiy ko‘rsatkichi Dow Jones Industrial 634 punkt, ya‘ni 5,5 foizga pasayib, kunni 10809 punkt bilan yakunladi. Dow Jones o‘tgan yil noyabridan beri birinchi marta 11000 punktdan pastroqqa sho‘ng‘idi va bu 2008 yil dekabridan buyon bir kun ichida ko‘rilgan eng yirik yo‘qotish bo‘ldi.

Uoll Stritdagi yo‘qotishlar Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasidagi tanazzulga uyg‘un bo‘ldi.

Nyu York birjasida dushanba kuni neft narxi 5,57 AQSh dollariga arzonlashib, kunni har bir barrel uchun 81,31 AQSh dollari ko‘rsatkichi bilan yakunladi. Bu ham o‘tgan yil noyabridan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Ayni paytda oltin 61,4 AQSh dollariga qimmatlashdi va yangi tarixiy rekordni urib, bir unsiyasi 1713 AQSh dollariga baholandi.

AQSh Prezidenti Barak Obama Standard & Poor's agentligi reytingni pasaytirganidan beri birinchi marta bunga munosabat bildirib, Amerika sarmoyalar uchun eng xavfsiz mamlakat bo‘lib qolishini, uning obro‘siga putur yetganiga Demokratlar va Respublikachilar o‘rtasidagi siyosiy tortishuvlar sabab bo‘lganini ta‘kidladi.

- Aslida biz defitsitni qisqartirish bo‘yicha puxta o‘ylangan va uzoq muddatli rejani ishlab chiqishimiz lozimligi to‘g‘risida reyting agentligining xulosasi shart emasdi. Bu narsa o‘tgan hafta, o‘tgan yili, men Oq uyga kelganimda ham ma‘lum edi. Reyting agentligi so‘nggi bir necha oy davomida Vashingtonda kuzatilgan tortishuvlar konstruktiv bo‘lmaganini aytishi ham shart emasdi, - dedi Obama.

Juma kuni Standard & Poor's moliyaviy shirkati Qo‘shma Shtatlarning kredit reytingini AAA darajasidan bir pog‘ona pastroqqa AA+ ko‘rsatkichiga tushirdi.
XS
SM
MD
LG