Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:57

Jahon chempionati: Urugvay - O'zbekiston 2:0


Meksikada o'tayotgan o'smirlar o'rtasidagi futbol bo'yicha Jahon chempionatida qatnashayotgan O'zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Urugvay terma jamoasiga 2:0 hisobi bilan mag'lub bo'ldi. Shunday qilib, futbol tarixida birinchi marotaba Jahon chempionatida (17 yoshgacha) qatnashayotgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi 3 g'alaba va ikki mag'lubiyat bilan uyga qaytmoqda.

Himoya chizig'i eng kuchli jomoalardan biri hisoblangan Urugvayga qarshi o'yin boshidayoq o'zbekistonlik futbolchilar yuqori saviyadagi o'yin ko'rsata boshladilar. Birinchi xavfli vaziyat ham biznikilar tarafidan amalga oshirildi. Biroq raqibning kuchli himoyasi va shiddatli kontr-hujumlari terma jamoamiz himoyasi oldida birin-ketin xavfli vaziyatlar yarata boshladi.

Birinchi gol o'yinning 29-daqiqasida urugvaylik hujumchi Santyago Charamoni tarafidan kiritildi. Himoyachimiz Javlon Mirabdullayevning qo'ygan xatosidan unumli foydalangan Charamoni G'anisher Xolmurodov qo'riqlagan darvoza burchagini aniq nishonga oldi.

Ikkinchi gol o'yinning 64-daqiqasida kiritildi. Raqibning O'zbekiston himoya chizig'ida amalga oshirgan aniq paslari va himoyachilarimizning biroz sustkashligi Urugvay hujumchisi Agirrega darvozamiz oldida zarba uchun qulay vaziyat yaratdi. Chap oyoqdan ijro etilgan Agirre zarbasini darvozabonimiz G'anisher Xolmurodov qaytara olmadi. Hisob 2:0.

Shundan so'ng vaziyatga to'g'ri baho bergan o'zbekistonlik o'smirlar butun jamoa bilan hujumga o'ta boshladilar. Biroq bu hujumlar Urugvayning himoyachilari tarafidan qaytarilar edi. O'zbekistonnning butun jamoa bilan hujumga o'tishi albatta raqib uchun yaxshi kontr-hujum imkoniyatlarini yarata boshladi. Shunday imkoniyatlarning biridan foydalanayotgan urugvaylik hujumchi Guilerro Mendez o'z jamoasiga penalti ishlab berdi. Jarima maydonchasida o'tgan to'p uchun kurashda zahiradan tushgan himoyachimiz Muhsinjon Ubaydullayev Mendezni yiqitib to'xtatishga majbur bo'ldi. Biroq Mendezning o'zi ijro etgan penaltini darvozabonimiz G'anisher Xolmurodov qaytarishga muvaffaq bo'ldi.



Shundan so'ng o'yin oxirigacha hisob o'zgarmadi. O'zbekiston terma jamoasining o'yin davomida to'pni ko'proq o'z nazoratida ushlab turganiga qaramasdan (56% - 44%), tepilgan burchak to'plarining soni ko'pligiga qaramasdan (8- 2) va raqibning ko'proq sariq kartochkalar olishiga qaramasdan (1 -3) Monterrey shahrida o'tgan bu o'yinda omad Urugvay terma jamoasiga kulib boqdi.

Birinchi marotaba 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga chiqgan o'zbekistonlik o'smirlar esa mamlakatimiz futbol tarixida o'chmas iz qoldirdilar. Meksika-2011 biz uchun tugagan bo'lsa-da, o'zbekistonlik yosh futbolchilarning keyingi o'yinlarida omadlar tilab qolamiz. Ushbu Jahon chempionatida olingan tajriba hamisha sizlarga yor bo'lsin!
XS
SM
MD
LG