Линклар

Jahon iqtisodi yangi sinovlarga yuz tutdi. Dushanba kuni Osiyo qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi savdolar ko‘rsatkichlarning tushib ketishi bilan boshlandi. Bir tomonda Qo‘shma Shtatlarning kredit reytingi pasaygani, boshqa tomondan Yevropada Italiya va Ispaniyaning qarzlari bilan bog‘liq vaziyat jahon iqtisodi yana inqirozga yuz tutishi mumkin, degan xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Dushanba kuni Yaponiya qimmatbaho qog‘ozlar birjasining asosiy ko‘rsatkichi Nikkei kunni qariyb 1 foizga arzonlashish bilan boshladi. Buning ortida Janubiy Koreyada Kospey indeksi 1,5 foiz, Avstraliya birjasida S&P/ASX-200 ko‘rsatkichi 2,2 foiz va All Ordinaries qog‘ozlari 2,3 foizga pastga ketdi.

Yevropa Markaziy banki obligatsiyalarni sotib olish dasturini “faol amalga oshirish”ga tayyorligi e‘lon qildi. Bu bayonot yevrozonaga kiruvchi davlatlar, ayniqsa qarz botqog‘ida chiqa olmayotgan Italiya va Ispaniya iqtisodlariga bo‘lgan ishonchni oshirish ilinjida qilindi.

Dushanba kuni, Katta Yettilikka kiruvchi davlatlar rasmiylari dushanba kuni qimmatbaho qog‘ozlar bozoridagi vaziyatni muhokama qilishni davom ettirishadi. Yakshanba kuni uyushmaga a‘zo davlatlar rasmiylari maslahatlashuvlar o‘tkazib, “moliyaviy barqarorlik va o‘sishni ta‘minlash uchun barcha choralarni ko‘rishni” va‘da qildi.

AQSh va Yevropadagi iqtisodiy bo‘hronlar shundoq ham jahon moliyaviy bozoridagi vaziyatga salbiy ta‘sir o‘tkazib turgan bir paytda, shanba kuni Standard & Poor's moliyaviy shirkati Qo‘shma Shtatlarning kredit reytingini AAA darajasidan bir pog‘ona pastroqqa AA+ ko‘rsatkichiga tushurgani sarosimani yanada kuchaytirib yubordi.

Iqtisodchilar misli ko‘rilmagan bu xodisa, jahon moliyaviy bozorida yangi davrning boshlanishini anglatadi, demoqda. Ularning fikricha, AQSh kredit reytingi pasayishi oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Seaport Securities moliyaviy shirkati tahlilchisi Ted Vaysberg “Biz bunday hodisani avval boshdan kechirmaganmiz. Odamlar nimani kutish kerakligini bilmaydi” deb yozdi o‘z saytida.

Ayni paytda CNNMoney resursi “Hech narsa ro‘y bermasligi ham mumkin. Yaponiya o‘z reytingi tushganida, buning uzoq muddatli oqibatlari bo‘lmaganiga guvoh bo‘lgan edik. Ko‘pchilik AQShdagi vaziyat hammaga yaxshi ma‘lum bo‘lgani bois, reytingning tushishi oqibatlari minimal bo‘lishini bashorat qilmoqda”, deya yozdi.

Lekin ba‘zi tahlilchilar fikricha, Standard & Poor's shirkatining shunchaki ramziy, deb aytilayotgan qarori AQSh iqtisodiga bo‘lgan ishonchga katta putur yetkazishi va AQSh dollarini jahon valyutasi maqomidan mahrum qilishi mumkin.

Dushanba kuni Katta yettilikka kiruvchi AQSh, Germaniya, Britaniya, Yaponiya, Fransiya, Kanada va Italiya moliya vazirlari telefon orqali vjudga kelgan vaziyatni muhokama qilishni davom ettiradi.

Vafqulodda muzokaralar davom etarkan ham Yevropa, ham Amerika rasmiylari vaziyatni nazorat ostiga olish bo‘yicha yetarli va tezkor choralarni ko‘rmaganlikda tanqid qilinmoqda.

Dushanba kuni Xitoy matbuoti AQSh Kongressidagi Demokratlar va Respublikachilar Amerika kredit reytingi paysaytirilgani uchun bir-birini ayblash o‘rniga muammolarni hal etish chorasini ko‘rishi lozim, deya yozdi.
Xitoyning davlatga qarashli Xinhua agentligi dushanba kuni ertalab e‘lon qilgan maqolada: “Afsuski, o‘z xatolari ustida bosh qotirib, muammolarni hal etish choralarni qidirish o‘rniga Demokratlar va Respublikachilar reytingni pasaytirish to‘g‘risidagi qarorni shubha ostiga olmoqda va bir-birini ayblamoqda”, degan keskin fikrlarni e‘lon qildi. “Vashingtondagi sho‘x yigitlar yana muammo chiqrmasdan oldin xo‘roz urushini to‘xtatishlari lozim”, deyiladi yana maqolada.

Vashingtonning o‘zi ham AQSh Kongressi vaqtida harakat qilmaganini tan olmoqda. Oq uy matbuot vakili Jey Karni Demokratlar va Respublikachilar defoltning oldini olish maqsadida AQSh davlat qarzi miqdorini oshirish murosasi ustida uzoq bahslashib qoldi, deya bayon qildi.

Tahlilchilar Yevropadagi bo‘hron yuzasidan ham, YeIga kiruvchi davlatlar rahbarlari uzoq vaqt davomida bo‘hrondan chiqish yo‘llarini qidirishni paysalga solib kelganini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG