Линклар

logo-print
Qirg‘izistonning Bozorqo‘rg‘on tumanida rossiyalik Usmonjon Xolmirzayev 9 avgust kuni kaltaklanish tufayli olamdan o‘tdi.

Qirg‘izistondagi “Qilim shami” huquq himoyasi tashkilotining Bozorqo‘rg‘ondagi vakili Gullola Tashkenovaning aytishicha, asli bozorqo‘rg‘onlik, biroq ayni paytda Rossiya fuqarosi bo‘lgan Usmonjon Xolmirzayev yakshanba kuni noma‘lum shaxslar tomonidan o‘z uyidan olib chiqib ketilgan va tuman militsiya bo‘limida qiynoqqa solingan.

- U kishi (Usmonjon Xolmirzayev demoqchi – tahr.) bozorda avtomobil zapchastlarini sotish bilan shug‘ullangan. 7 avgust kuni u kishini fuqarolik kiyimidagi odamlar uyidan chaqirishgan va bozorga olib kelib, o‘sha yerda uni urishadi. Keyin uni ROVDga olib kelishadi. ROVDda uni urib, soat kechki 7 da unga: “6 ming dollar topib kelasan” deyishadi. U: “6 ming dollar pulim yo‘q”, deganidan keyin “30 ming so‘m berasan” (taqriban 680 AQSh dollari – tahr.) deyishadi. Shundan so‘ng uning qarindosh-urug‘i kechki soat 8 da 30 ming so‘m pul topib kelishadi. U bolaga protivogaz kiydirishib, urib qiynashganidan ahvoli og‘irlashgan va uni qarindoshlariga berishgan. Reanimatsiyada u bolaning ahvoli og‘irlashib, doktorlar uni yaqinlariga qaytarib berishadi va kecha tungi soat 2 da joni uzilibdi, - deydi voqeani o‘rganayotgan huquq faoli Gullola Tashkenova.

Usmonjon Xolmirzayevning turmush o‘rtog‘i Zulfiya opa esa voqeani mana bunday eslaydi:

- 7 avgust kuni uyda to‘yga tayyorgarlik qilayotgan edik, remont qilayotgan edik uyda. Soat 16.00 da eshigimizga uch kishi keldi. Bozor kuni, dam olish kunda olib ketishdi. Melisaxonani ofis qilib olishibdi. Protivogazi bor ekan, azoblaydigan hamma anjomlari bor ekan. Olib kirib, savol-so‘roq qilmay, pul ham so‘ramay, kallasiga protivogazni kiydirib uravyeribdi. Yiqilib qolsa, tizzasi bilan irg‘ib, hammayog‘ini ezib yuboribdi. “Urmanglar, kelishaylik” desa, 6 ming dollar so‘rabdi. “Unaqa pulim yo‘q” desa, “30 ming ber” debdi. O‘shanda uyga telefon qildi “tezda 30 ming qilib kel, topishmasang, o‘lib qolaman”, dedi, - deya hikoya qiladi ko‘zyoshlarini to‘xtata olmagan Zulfiya opa.

Uning aytishicha, yaqinlari Usmonjon akani 7 avgust kuni kechki soat 22 dan keyin Bozorqo‘rg‘on tuman kasalxonasiga olib kelishadi. Rengen natijalari Usmonjon akaning qovurg‘alari singanini ko‘rsatadi, biroq Usmonjon aka kasalxonada qolishni istamaydi, yaqinlarini uni uyiga qaytarib olib keladilar.

Zulfiya opa voqeaning ertasi kuni uyiga mahalliy rasmiylar kelganinini va kuyovi bilan uchrashganini aytar ekan, Usmonjon aka mahalliy rasmiylarga hech kimdan da‘vo qilmasligini aytganini eslaydi:

- O‘zi o‘lim to‘shagida yotganda ham ularni oqlayapti. “Aka, ko‘pga kelgan to‘y bo‘ldi, hech kimdan da‘voyim yo‘q. shu ishlarning keragi yo‘q, tinch qo‘ying”, dedi. U degani, urganda: “Agar urganimizni aytsang, urug‘-aymog‘ing bilan yo‘q qilib yuboraman”, degani ekan. Uni kuyovim qari xolasiga aytgan ekan. Bizga aytmagan, - deydi Zulfiya opa.

Unga ko‘ra, 7 avgust kuni erini uyidan davlat raqami 11 54 bo‘lgan baqlajon rangidagi VAZ-2107 mashinasida olib ketishgan. Zulfiya opaning aytishicha, Usmonjon aka o‘limidan avval o‘zini kaltaklaganlardan birini “qorachadan kelgan, savlatli Zamir ismli yigit” deya tasvirlab bergan.

Zulfiya opa eri Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun uning vafotidan so‘ng O‘shdagi Rossiya konsulligiga borganini, eri kaltaklab o‘ldirilgani uchun jasadni sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazish bo‘yicha konsullik tomonidan ekspert berishlarini so‘rab ariza yozganini aytadi.

- Rossiya konsulligi menga ekspert qo‘shib berdi. Hozir bu yerda ekspert turibdi. Bu yerda SNBning odamlari ham bor. OBSE, OONning vakillari ham turibdi. Yana provazashitniklar ham turibdi. Mana bu yerda morgda skritiyadamiz (jasadni yorib ko‘rish jarayonida qatnashyapmiz demoqchi - tahr). Tumanning kattalari ham kelgan, - dedi Zulfiya opa.

Zulfiya opa aytgan tuman kattalaridan biri, Bozorqo‘rg‘on tuman hokimi Qubatbek Artiqov voqea haqida bugun ertalab eshitganini aytadi

- U yigitni ROVDga “2010 yildagi tartibsizliklarga aloqasi bor” deb so‘roqqa chaqirishgan ekan. Uni chaqirishgani to‘g‘risida ma‘lumotni eshitdim. Tafsilotlarni endi o‘rganamiz. Men soat 6 da tuman kengashi deputatlari bilan SNB, kuch tizimi strukturalari bilan birgalikda yig‘ilish o‘tkazaman. Shundan keyin natijalarini aytaman. Hozircha boshqa ma‘lumot yo‘q, - dedi Qubatbek Artiqov.

Bozorqo‘rg‘on tuman hokimi bu voqeaga milliy bo‘yoq bermaslik lozimligini ham urg‘uladi.

- Bu yerda hech qanday millatlararo masala yo‘q. Menimcha, bu yerda kuch tizimlarining aybi bor. Biroq buni sud aniqlaydi. Shu masalani men ham aniqlash niyatida kuch ishlatar organlar bilan yig‘ilish o‘tkazaman, - dedi hokim Qubatbek Artiqov.

Voqea yuzasidan qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun biz O‘shdagi Rossiya konsulligiga ham murojaat qildik. Rossiya konsulligining biz bilan suhbatlashgan xodimasi konsullik rasmiylari hozirda ayni masala yuzasidan Jalolobodga ketganlarini, o‘zi esa bu borada biror-bir ma‘lumot berolmasligini aytdi.

Bozorqo‘rg‘on tuman militsiya bo‘limi boshlig‘i Ernist Mo‘ldaliyev esa kerakli ma‘lumotlarni aniqlab olganidan so‘ng o‘zi biz bilan bog‘lanishi aytdi.

Asnoda Usmonjon Xolmirzayevning turmush o‘rtog‘i Zulfiya opaning aytishicha, eri o‘limidan avval militsiya xodimlari mashina ehtiyot qismlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi Akmal ismli yigitni kaltaklashayotganini ham ko‘rgan ekan.

- Xo‘jayinim aytdi: “Akmalni ham urib. ezib yuborishdi”, dedi. “Zapchast bozorda savdo qiluvchilarning barini olib kelishayapti”, dedi. “Melisaxonaning tomini yopish kerak, hammang o‘lasanmi-qolasanmi pulini to‘laysan”, deyishibdi. Urmay olavyermaydimi, olishsa, - deydi Zulfiya opa.

Ozodlik radiosi Bozorqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan mazkur voqea rivojini kuzatib boradi.
XS
SM
MD
LG