Линклар

logo-print
Tojikistonda jinsiy aloqaga majburlanganini iddao qilayotgan ayolning shikoyat arizasi ustidan mahkama jarayoni boshlandi.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi korxonalardan birida faoliyat yuritgan dushanbelik Dilafruzning shikoyat arizasi poytaxtning Shohmansur tuman sudida o‘rganilmoqda.

Dilafruz korxona boshlig‘i Afg‘onov o‘ziga nisbatan bir necha marta jinsiy tegajog‘lik qilganidan shikoyat qiladi.

- Bir marta emas, bir necha marta ana shunday harakatlar bo‘lgan. Bir gal Afg‘onov ish stolim ustiga spirtli ichimlik qo‘yib, ichishga majburladi. Men homiladorligim tufayli ichmasligimni aytdim. U bolamning otasi yo‘qligi tufayli uni oldirib tashlashimni taklif qildi. Keyin menga tashlandi, men uni itarib yuborib, kabinetdan chiqib ketdim, - der ekan Dilafruz o‘ziga nisbatan bunday munosabatdan keyinchalik Sog‘liqni saqlash vazirini ham rasman xabardor qilganini qo‘shimcha qildi.

Biroq, Dilafruzning gapiga qaraganda, vazir nomiga yozilgan shikoyatdan so‘ng u o‘z vazifasiga loqaydlik aybi bilan Tojikiston Mehnat kodeksining 46-bandiga muvofiq ishdan haydalgan.

Shohmansur tuman sudida davom etayotgan mahkama jarayonida ayblanuvchi sifatida qatnashayotgan Afg‘onov esa qo‘l ostida ishlagan xodimasi Dilafruz qonun doirasida ishdan haydalganini aytdi.

- Mening bu ayolga jinsiy tegajog‘lik qilganim yoki bo‘lmasa uni jinsiy yaqinlikka majburlaganim haqida arizada yozilganlarning hammasi asossiz. Uning ishdan ketishi esa qonun doirasida bo‘lgan. Davlat muassasalaridagi sanitariya holatini nazorat qilish va xulosalash zimmasida bo‘lgan bu sobiq xodimamiz ustidan juda shikoyat ko‘p bo‘ldi. Mana, qo‘limizda asoslar ham bor, yigirmata muassasa boshlig‘i Dilafruzning o‘zlariga nisbatan dag‘al munosabati va ko‘p hollarda tekshiruvlar yuzaki bo‘lgani haqida yozma shikoyat ham qilgan. Bu xodimamiz korxona umumiy majlisi qaroriga binoan ishdan haydalgan, - deydi Afg‘onov.

Shu o‘rinda aytish joizki, xodim yoki xodimaning o‘z boshlig‘i jinsiy yaqinlikka majburlagani yuzasidan shikoyat arizasi berishiyu bu ishning sudda ko‘rilishi tojik jamiyatida ilk bor kuzatilmoqda.

Garchi tojikistonliklar orasida rahbar shaxslarning o‘z qo‘li ostidagi xodimalariga jinsiy tajovuzi, jinsiy tegajog‘ligi va ko‘p hollarda jinsiy yaqinlik tufayli ishga olinishi mavzusi ochiq mavzu esa-da, kuzatuvchilar aksariyat juvonlar bu masalani mahkamaga olib chiqishdan tiyilishini urg‘ulaydilar.

Mavzu yuzasidan fikr bildirgan suhbatdoshimiz Asliyaxon kundalik hayotda bunday holatlar har qadamda bo‘lmas ham, uchrab turishini aytadi.

- Men ham shunday holatlarni kuzatganman. Balkim ishni yo‘qotmaslik, oilasi buzilmasligi, obro‘si to‘kilmasligi uchun ko‘proq sudga murojaat qilmaydi. Ish sudga borgandan keyin bundan ayolning oilasi xabardor bo‘ladi, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘ orasida ovoza bo‘ladi. Juda pokiza ayol bo‘lgan taqdirda ham uning hayotiga bu narsa salbiy ta‘sir ko‘rsatadi baribir, - deya mulohaza bildiradi Asliya.

Jamiyatshunoslar fikricha, mavzuning jamiyatda yopiqligicha qolayotganining yana bir sababi Tojikiston sudlarining mustaqil emasliklaridir.

Shu nuqtai nazardan, boshliqlar tomonidan jinsiy tajovuzga uchragan yoki jinsiy yaqinlikka majburlanayotgan ko‘pchilik xodima ayollar, jamiyatshunoslarga ko‘ra, shu “tartib”ga odatlanib, uni tabiiy bir hol o‘laroq qabul qiladi.

Tojikistonlik huquqshunos Oynihol Bobonazarova Dilafruzning jur‘ati boshqa ayollarga saboq bo‘lishi lozimligini ta‘kidlaydi.

- Birgina Tojikistonda emas, balki mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi davlat idoralarida ham ayollarni jinsiy yaqinlikka majburlash holatlari kuzatiladi. Lekin hamma ham Dilafruz singari buni sudga olib chiqishga jur‘at qila olmaydi. Boshliqning o‘z xodimasiga nisbatan bunday munosabati xalqaro me‘yorlarda ham, Tojikiston qonunlarida ham jinoyat sanaladi. Biroq, afsuski, o‘z huquqini himoyalash o‘rniga ular ixtiyoriy tarzda ishdan ketadi. Menimcha, bu an‘anani yo‘q qilish vaqti yetdi, - deydi tojikistonlik huquqshunos Oynihol Bobonazarova.
XS
SM
MD
LG