Линклар

Jurnalist Boboyev chiqish vizasini ololmayapti


Abdumalik Boboyev o‘ziga chiqish vizasi berilmayotganini kasbiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

Abdumalik Boboyev o‘ziga chiqish vizasi berilmayotganini kasbiy faoliyati bilan bog‘lamoqda.

O‘zbekistonlik jurnalist Abdumalik Boboyevga ikki oydan buyon chet elga chiqish vizasi berilmayapti.

Abdumalik Boboyev o‘z hujjatlarini tegishli idoralarga mart oyi boshlarida topshirganini aytadi:

- Yanglishmasam, 2 mart edi. Martning oxiri - aprelning boshlarida javob keldi. Qog‘ozda “xorijga chiqish bo‘yicha arizangiz qanoatlantirilmadi, hujjatlaringiz qo‘shimcha ravishda tegishli idoralar tomonidan o‘rganilayapti” deyilgan. Keyin respublika OVIRiga borishni maslahat berishdi. U yerga borsam, Toshkent shahar prokuraturasi hali mening xorijga chiqishim bo‘yicha ta‘qibni bekor qilmagan, deb aytishdi, - dedi jurnalist Abdumalik Boboyev.

“Amerika ovozi” radiosi muxbiri Abdumalik Boboyevga nisbatan jinoyat ishi o‘tgan yilning may oyida ochilgan edi. Shu vajdan Abdumalik O‘zbekistonni tark eta olmas edi.

2010 yilning 15 oktabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudi Boboyevni tuhmat va haqorat qilganlik, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlaganlik va tarqatganlikda aybdor, deb topib, unga eng kam ish haqining 400 barobari (18 million 86 ming so‘m yoki taqriban 8 ming AQSh dollari – tahr.) miqdorida jarima belgilagandi.

2010 yilning 12 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Boboyevning ishi yuzasidan apellyatsiya shikoyatini, keyinchalik nazorat tartibidagi arizasini ko‘rib chiqib, Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirgandi.

Jurnalist sud tomonidan qo‘yilgan jarima miqdorini mol-mulki musodara bo‘lmasligi uchun to‘lagan edi. Abdumalik Boboyev mazkur sud hujjatlari, jarima to‘laganlik haqidagi hujjatlar bilan Toshkent shahar prokuraturasiga borganligini ham aytdi:

- Keyin prokuraturaga bordim, tergovchi bilan gaplashdim. Hukm bo‘lganini, jarima to‘langanligi haqidagi kvitansiyalarni ko‘rsatdim. Ta‘qibni olib tashlash to‘g‘risida ariza yozib qoldirdim. Keyin prokuratura respublika OVIRiga xat jo‘natgan ekan. Ya‘ni “qarshi emasmiz xorijga chiqishiga” degan ma‘noda. Bu ham aprelda bo‘lgan edi, yanglishmasam. Undan keyin ham deyarli bir oydan ko‘proq vaqt o‘tayapti. Hali ham hujjatlarim o‘rganilayotganligini aytishayapti, - dedi o‘zbekistonlik jurnalist.

Abdumalik Boboyev chet elga chiqish ruxsatnomasi berilmayotganligini kasbiy faoliyati bilan bog‘laydi:

- Albatta shu jurnalistik faoliyatim bilan bog‘layapman. Bu yerda boshqa bir sababni ko‘rish qiyin, - dedi u.

Suhbatdoshimiz chiqish vizasi unga malaka oshirish maqsadida xorijga chiqish uchun kerak bo‘lganini aytadi:

- Germaniyadan bir fond o‘qishga taklif qilgan edi. Siyosiy ta‘qibga tushganlar bilan ishlaydigan fond ekan. Taklif qilgan edi, men rozi bo‘lgan edim. Unga ham 1 apreldan borishim kerak edi, - dedi Boboyev.

Ozodlik mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston respublikasi horijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga ham qo‘ng‘iroq qildi. Boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan xodimi bu borada telefon orqali ma‘lumot berilmasligini qayd etib, go‘shakni ilib qo‘ydi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fuqarolarning chet elga chiqishi uchun maxsus ruxsatnoma beriladigan yagona davlat hisoblanadi. Ikki yilga ruxsat beruvchi chiqish vizasini olish mustaqil jurnalistlar, huquq faollari va muxolifat vakillari uchun doimiy muammolardan bo‘lib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG