Линклар

Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova uch kundan buyon ochlik aksiyasini davom ettirmoqda.

O‘zbekiston prezidenti devoni oldida ochlik aksiyasi o‘tkazgani uchun qariyb uch million so‘m jarimaga tortilgach, aksiyani uyda davom ettirishga qaror qilgan ikki jurnalist Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova prezident Karimov bilan uchrashuv belgilanmaguncha o‘z aksiyalarini to‘xtatish niyatida emaslar.

- Kuchimiz yetguncha, sog‘lig‘imiz ko‘targuncha davom ettiramiz. Chunki kurashni oxirigacha davom ettirish lozimda baribir, - deydi Saodat Omonova.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, 28 iyun kuni ular sog‘lig‘i yomonlashgani bois tez tibbiy yordam chaqirishga majbur bo‘lishgan.

- Mana bugun ochlik e‘lon qilganimizning uchinchi kunini davom ettirayapmiz. Qanchalik qiyin, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, maqsadimizga erishish uchun davom ettirishga harakat qilib o‘tiribmiz. Kecha endi balki ochlikning ikkinchi kuni bo‘lgani uchundir, bunday jarayon bizning organizmimizda kechmaganligi uchunmi - juda og‘ir bo‘ldi. Bosh og‘rib, holsizlanib o‘zimizni yo‘qotish darajasiga yetganimiz uchun ham tez yordamga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Jahongir ismli tibbiy ërdam shifokori kelib, har ikkalamizning ham qon bosimimizni o‘lchadi, yurak urishini tekshirdi. Hammasi joyida ekanligini ta‘kidladi. Lekin u: “Ikkita odamning bor yoki yo‘qligi mamlakat uchun fojia emas. Bu hech narsani hal qilmaydi. Men shifokor sifatida bilaman. Bilasizmi, Toshkentda bir kunda qanchadan qancha odamlar haq-nohaq o‘lib ketayapti. Bu nima axmoqchilik? Ochlik e‘lon qilasizlarmi? Undan ko‘ra, agar O‘zbekiston ëqmaëtgan bo‘lsa, Rossiyaga chiqib ketinglar, xorijga chiqib ketinglar ëki umuman kasblaringni o‘zgartiringlar” degan ma‘noda turli gaplarni gapirib, ruhiy ta‘sir ko‘rsatib ketdi, - deydi Malohat Eshonqulova.

Jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova 27 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti devoni oldiga chiqib ochlik e‘lon qilgan va oradan 2 daqiqa o‘tmay ularni fuqarolik kiyimidagi militsiya olib ketgan edi.

Jurnalist Malohat Eshonqulova 27 iyun kungi aksiya paytida.
Dushanba kuni Yakkasaroy tuman fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi Malohat Eshonqulova va Saodat Omonovani noqonuniy ravishda ochlik o‘tkazgan deb topib, ma‘muriy javobgarlikka tortdi va ularga eng kam ish haqining 60 baravari miqdorida jarima belgiladi.

Biroq jurnalistlar ochlik aksiyasini uyda davom ettirishga qaror qildi.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, ular bu haqda prezidentga, shahar va tuman hokimligiga, xavfsizlik xizmatlariga va sog‘liqni saqlash idoralariga rasmiy maktub yo‘llagan.

Eshonqulovaning aytishicha, huquq faollari ular holidan xabar olayapti, biroq rasmiy idoralardan hech kim kelmagan.

- Kecha xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotidan uch kishi kelib huquqiy maslahatlarini berib ketdilar. Mana bugun, rahmat, O‘zbekistondagi taniqli huquq himoyachisi Sur‘at Ikromov rafiqalari bilan bizning holimizni so‘rash uchun tashrif buyurdilar. Ancha suhbatlashib o‘tirdik. Ko‘nglimizni ko‘tardilar va bizga kerakli huquqiy maslahatni berdilar, - deydi Malohat Eshonqulova.

Huquq faoli Sur‘at Ikromov ochlik aksiyasi o‘tkazayotgan jurnalistlar uyida.
Eslatamiz, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining "Yoshlar" telekanalida ishlab kelgan jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalar televideniyedagi qonunbuzarliklar, mahalliychilik va senzuraga chek qo‘yilishini talab qilib, o‘tgan yili 6 dekabr kuni Toshkentning markaziy maydonida piket o‘tkazganidan keyin 9 dekabr kuni ishdan haydalgan edilar.

Jurnalistlar nohaq ishdan bo‘shatilganini da‘vo qilib, "Yoshlar" kanali rahbariyatini sudga berdi.

31 may kuni Shayhontohur tumanlararo sudi ikki jurnalistning ishdan bo‘shatilganini qonuniy deb topib, “Yoshlar” telekanali rahbariyati foydasiga hukm chiqardi.

Ozodlik jurnalistlar ahvolini kuzatishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG