Линклар

Jurnalistlar ochlik e‘lon qilganiga bir hafta to‘ldi


Ochlik e‘lon qilgan jurnalistlar Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova holidan mahalliy huquq faollari xabar olib turibdilar.

Ochlik e‘lon qilgan jurnalistlar Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova holidan mahalliy huquq faollari xabar olib turibdilar.

Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova madorsizlanganiga qaramay, ochlikni to‘xtatmoqchi emas.

Bir haftadan buyon ochlik aksiyasini davom ettirayotgan jurnalistlar Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova 3 iyulga kelib ancha holsizlandi.

- Maza yo‘q. Har safar huquq himoyachilari kelganida o‘tirib suhbatlashar edik. Bugun o‘rnimizdan turishga ham imkoni bo‘lmadi. Musulmonchilikka to‘g‘ri kelmasa ham nima qilamiz endi? Tez tibbiy yordamni chaqirishga qo‘rqqanimiz uchun ham ertalab Sur‘at Ikromov rafiqalari bilan suv va dori olib keldilar, - deydi jurnalist Malohat Eshonqulova.

O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasining sobiq muxbirlari Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova 27 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti devoni oldida ochlik aksiyasini o‘tkaza boshlagach, militsiya xodimlari tomonidan olib ketilib, uch million so‘m jarimaga tortilgan edi. Shundan so‘ng ochlik aksiyasini o‘z uylarida davom ettirishga qaror qilgan jurnalistlar prezident Islom Karimov bilan uchrashish imkoni berilmagunicha o‘z aksiyalarini to‘xtatmasliklarini aytmoqdalar. Ammo ularning kundan-kunga madorsizlanayotgani huquq faollari tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov ochlik e‘lon qilgan telejurnalistlar holidan muntazam ravishda xabar olib turgan huquq faollaridan biri.

- Kechagiga qaraganda ancha charchagan ko‘rinishadi, - deydi 3 iyul kuni jurnalistlarni uyiga borib ko‘rgan huquq faoli Surat Ikromov.

Ayni paytda O‘zbekiston rasmiylari, xususan, prezident Islom Karimov devoni, shuningdek, ochlik e‘lon qilgan jurnalistlarning sobiq ish beruvchisi - O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi rahbarlari norozilik aksiyasiga o‘z munosabatlarini bildirganicha yo‘q.

Asnoda 27 iyun kuni prezident devoni oldidagi aksiyasi uchun jarimaga tortilgan Malohat Eshonqulova va Saodat Omonovani, huquqshunoslar fikricha, ochlik e‘lon qilganlari uchun jazoga tortish mumkin emas. O‘zbekistonlik taniqli advokat Ruhiddin Komilovning aytishicha, milliy qonunchilikda ochlik e‘lon qilganni jazolashni ko‘zda tutuvchi me‘yorning o‘zi yo‘q.

- Bu holatlar bo‘yicha qonun hujjatlari mavjud emas, bo‘lishi mumkin ham emas. Bu norozilik bildirishning o‘ziga xos shakli. Qonunbuzarlik bo‘lishi uchun shu to‘g‘risida qonun bo‘lishi kerak. Bu to‘g‘risida qonunning o‘zi yo‘q. O‘tirib noroziligini bildirish, turib noroziligini bildirish, ochlik e‘lon qilish - bu insonning o‘zining ixtiyori bilan bog‘liq munosabatlar, - deydi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

O‘zbekistonlik jurnalist Abdumalik Boboyev ikki hamkasbining ochlik aksiyasini so‘nggi chora, deya baholaydi. Ayni paytda Boboyev ochlik aksiyasi qanday natija berishi mumkinligini oldindan taxmin qilish qiyin deydi.

- Albatta bu haqda aniq bir narsa deyish qiyin. Har holda, jurnalistlar matbuotda yoritayapti. Hukumat tomonidan biror-bir reaksiya bo‘lishi kerak, - deydi nekbinlik bilan Abdumalik Boboyev.
XS
SM
MD
LG