Линклар

logo-print

Jurnalistlar prezidentga murojaat qildi


Malohat Eshonqulovaning aytishicha, ochlik e‘lon qilgan jurnalistlarga hamdard ekanini bildirayotgan kishilar soni tobora ko‘paymoqda.

Malohat Eshonqulovaning aytishicha, ochlik e‘lon qilgan jurnalistlarga hamdard ekanini bildirayotgan kishilar soni tobora ko‘paymoqda.

Ochlik aksiyasini davom ettirayotgan jurnalistlar taqdiridan tashvishlangan hamkasblari prezident nomiga ochiq xat yo‘lladi.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov nomiga sakkiz nafar jurnalist tomonidan yo‘llangan ochiq xatda Konstitutsiya kafolati bo‘lgan prezidentning ikki jurnalist hayoti va sog‘ligi uchun javobgar ekanligi aytiladi.

“Biz ularning chaqiriqlariga quloq tutishingizni, o‘z davlati va jamiyati uchun kasbiy faoliyatini davom ettirish huquqini berishingizga chaqiramiz”, deyiladi ochiq xatda.

Mazkur maktub ostiga Galima Buxarbayeva, Umida Niyozova, Shohida Yoqub, Feruza Hoshimxonova, Sid Yanishev, Olga Fozilova, Viktor Krimzalov va Abdurahmon Tashanovlarning imzo chekkani aytiladi.

Toshkentlik huquq faoli va jurnalist Abdurahmon Tashanov ushbu murojaatnoma prezidentga yetib boradi, degan umidda.

- Agar hukumat ochlik aksiyasi bilan bog‘liq biror chora ko‘radigan bo‘lsa, “prezident eshitmagan edi, prezident endi eshitdi, endi chora bo‘ladi” degan gap bo‘ladi. Lekin aslida prezident eshitayotgan bo‘lishi ham mumkin. Hozirda “podshoning ikki yuzi” degandek vaziyat, - deydi toshkentlik huquq faoli va jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda jurnalistlarning norozilik namoyishlari ilgari ham bo‘lgan, biroq jurnalistlar orasida ochlik e‘lon qilish ilk bor kuzatilayotgan holatdir.

- Shuning uchun ham mahalliy jurnalistlar orasida kayfiyat har xil. Kimdir nojiddiy qabul qilib, maynavozchilik qiladi. Ikkinchilari achinish bilan qaraydi, uchinchilari norozilikni qo‘llab-quvvatlaydi. Yoniga borib, qo‘llab quvvatlamasa-da, ma‘nan, ruhan qo‘llab-quvvatlaydi, - deydi huquq faoli va jurnalist Abdurahmon Tashanov.

Tashanov aytib o‘tgan jurnalistlardan biri ochlikni davom etayotgan Saodat Omonova va Malohat Eshonqulovalarga 3 iyul oqshomida qo‘ng‘iroq qilgan ekan.

- Kecha kechqurun kutilmaganda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Axborot” dasturidan hamkasbimiz qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U kishining xavfsizligi nuqtai nazaridan ismini aytishim shart emas, deb o‘ylayman. “Qizlar, biz siz tomondamiz. Hamisha sizlar tomoningizda bo‘lganmiz. Biz erkaklar qilmagan ishni qildingiz. (Erkak kishi telefon qildi-da). Irodangizga qoyilmiz. Shuni bilingki, televideniyeda hamma ruhan sizlar bilan. Lekin hamma o‘zidan, bola-chaqasidan xavotir olib, ertaga ishsiz qolishidan qo‘rqib, ichidagisini tashqariga chiqara olmaydi. Shuni bilib qo‘yishingizni istayman”, deb telefon qildi. Mana shu so‘zlardan ham ancha xursand bo‘lib qoldik, - deydi jurnalist Malohat Eshonqulova.


( YouTube videoportaliga qo‘yilgan bu video Toshkentdagi huquq faoli Vladimir Husainov tomonidan 3 iyul kuni suratga olingan)

Sakkiz kundan buyon ochlik aksiyasini davom ettirayotgan Malohat Eshonqulova o‘zi va Saodat Omonovaning sog‘ligi haqida ham so‘zladi:

Bugun Ozodlikka xat yo‘llagan Saodat Omonova 4 iyulga kelib og‘zida atseton ta‘mini seza boshlaganini yozgan.
- Kecha umurtqa pog‘onam og‘ridi. Uydagilarga: “ko‘ringlar-chi, nimaga og‘riyapti?” dedim. “Umurtqangizda oqish bo‘lib uchta shish bo‘rtib chiqibdi” deyishganiga, sog‘ligimdan xavotir olib, yana tez yordam chaqirishga majbur bo‘ldim. Tez yordam shifokorlari kelib tekshirishdi. “Yelvizakda qolgansiz, qo‘rqmang, ozroq shamollash bor. Krem olib surtsangiz, yaxshi bo‘lib ketasiz” deb ketishdi. Og‘riq ertalabgacha davom etgani uchun bugun xo‘jayinim o‘zimiz tanigan shifokorga olib borib keldi. U ham ko‘rib, tez yordam shifokorining gapini takrorladi. Saodat ham ertalabdan buyon holsiz bo‘lib yotibdi, - deydi sakkiz kundan buyon faqat suv iste‘mol qilayotgan jurnalist Malohat Eshonqulova.

O‘zbekiston milliy teleradikompaniyasining sobiq muxbirlari Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova 27 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti devoni oldida ochlik aksiyasini o‘tkaza boshlagach, militsiya xodimlari tomonidan olib ketilib, uch million so‘m jarimaga tortilgan edi.

Shundan so‘ng ochlik aksiyasini o‘z uylarida davom ettirishga qaror qilgan jurnalistlar prezident Islom Karimov bilan uchrashish imkoni berilmagunicha o‘z aksiyalarini to‘xtatmasliklarini ta‘kidlamoqdalar.
XS
SM
MD
LG