Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:28

O‘zbekistonlik er-xotin hamyurtlarini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda


O‘zbekistonda qidiruvga berilganlar.
O‘zbekistonda qidiruvga berilganlar.

Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida mehnat muhojiri bo‘lgan yurtdoshlarini talon-toroj qilib ketganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik er-xotin Rossiya va O‘zbekistonda qidiruvga berildi. Jabrdiyda muhojirlar bu masalada shikoyat qilib prezident va Tashqi ishlar vazirligi virtual qabulxonasiga murojaat qilganidan keyin Toshkentdan javob olgani, keyinroq esa ularga O‘zbekiston konsulligi yordamga kelganini gapirmoqda.

Ozodlikning Moskvadagi tahririyatiga murojaat qilgan surxondaryolik Husniddin Xabilov Krasnoyarsk shahrida anchadan buyon ekskavatorchi bo‘lib ishlab kelishi, o‘tgan oy oxirlarida o‘z hamyurti bo‘lgan er-xotin tomonidan tunab ketilganini so‘zlab berdi.

- 2016 yilning 19 dekabrida men ishda bo‘lganimda qo‘shnilarim xotinim O‘rinboeva Nigorani bo‘ynidan bo‘g‘ib, qo‘lidan telefoni, sumkasi, pasport-patent, medknijkasini tortib olib, birga yashayotgan kvartiramizdan chiqib ketgan. Ular Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidan bo‘lgan Yu. B. va xotini A. A. bo‘lgan. O‘sha kuni politsiyaga murojaat qildik – politsiya esa xotinimni olib ketmoqchi bo‘ldi, deydi Husniddin.

Husniddin pasportsiz va boshqa hujjatlarisiz qolgan turmush o‘rtog‘i deportatsiyaga tushib qolishi mumkinligidan xavfsirab, O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga Internet tarmog‘i orqali shikoyat yozadi.

Bir necha kundan keyin ularga O‘zbekistonning Novosibirskdagi konsulligidan telefon qilishdi.

- Konsullikdan bizga telefon qilishib, ularning jinoiy ishi Andijon sudiga oshirilgani, ular Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham qidiruvga berilganin aytishdi. Ularning joyi aniq emas, lekin telefondan qo‘ng‘iroq qilib, qo‘rqitib va har xil gaplarni gapirib, “Qo‘lingdan kelganini qil!” deb, telefonlarini o‘chirib qo‘ydi. Ayolim hujjatsiz uyda o‘tiribdi. Biz Novosibirskdagi konsullikka kerakli narsalarni jo‘natganmiz – ketishga ruxsatnoma tayyor bo‘libdi, borib olishimiz kerak, dedi Husniddin ayoli Nigoraning hujjatlarini tiklash va Rossiyadan chiqib ketish sertifikatini tayyorlashda O‘zbekistonning Novosibirskdagi konsulligi xodimlarining katta yordami tekkanini gapirar ekan.

O‘zbek muhojiri O‘zbekistonning Tashqi ishlar vazirligi virtual qabulxonasidan olgan rasmiy javobda Krasnoyarsk Ichki ishlar boshqarmasi va Andijon viloyat militsiya boshqarmasiga “sodir etilgan voqea bo‘yicha tegishli tadbirlar o‘tkazilishi” so‘ralib xat jo‘natilgani, u erdan qidiruv ishlari boshlab yuborilgani borasida javob olinganini bildirdi.

Shuningdek, 12 yanvar kuni virtual qabulxonadan Nigora O‘rinboeva bilan telefon orqali ulanishgani va vaziyat tafsilotlari o‘rganilgani aytildi.

O‘g‘irlikda gumon qilinayotgan er-xotin
O‘g‘irlikda gumon qilinayotgan er-xotin

Ozodlik B. Yu. va A. A. O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan Nigora O‘rinboevaga jarohat etkazganlikda va kvartirani talon-toroj qilib ketganlikda ayblanayotgan Krasnoyarsk shahar Sovetskiy tuman politsiya bo‘limi tomonidan qidiruvga berilganini aniqladi.

Politsiyada qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik er-xotin tayinli joyda ishlamagani, migratsiya qaydini buzgan holda Rossiyada yashab kelayotganini ma’lum qilishdi.

Husniddin bundan yarim yil oldin og‘ir vaziyatda qolgan andijonlik er-xotin B. va A. yordam ko‘rsatib, uyiga olib kelganini esladi.

- U odamlar ko‘chada qolgan paytida, kvartiramizga kirib, ikki xonadan birini er-xotinga berganman. Yana men o‘sha kvartira pulini to‘liq to‘laganman, yeb-ichariga pul berganman. Ularni boshqa kvartiradan chiqarib yuborishganida, 4 ming rubl to‘lab o‘zim turgan joyga olib kelganman. Ularning 13,5 ming qarzi ham bor edi mendan. Eng yomoni – ayolimning hujjatlarini olib ketganida, dedi qilgan yaxshiligiga olgani to‘g‘risida so‘zlagan Husniddin Xabilov.

Hozirda Nigora chiqish guvohnomasi asosida O‘zbekistonga chiqib ketishga tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG