Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:12

Karimov Medvedevga nega sim qoqdi?


Ikkala prezident o‘rtasida 23 may kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati mavzui turli taxminlarga sabab bo‘lmoqda.

“Muntazam o‘tkazib turiladigan fikr almashuv doirasida Dmitriy Medvedev va Islom Karimov ikki tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar¸ xalqaro muammolar hamda istiqboldagi aloqalar rejasini muhokama qildilar.

Telefon suhbati o‘zbek tomoni tashabbusi bilan o‘tkazildi”¸ deyiladi Rossiya prezidentining rasmiy sahifasida yozilgan ikki enlik xabarda.

Bu ikki enlik xabar¸ turli axborot vositalarida turlicha sharh va taxminlarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi telefon suhbati¸ xususan bu suhbatni taqozo qilgan sabablar xususidagi sharhlar munosabati bilan Ozodlik Rossiya Strategik tadqiqotlar institutining yetakchi tahlilchisi Ajdar Kurtovga bir necha savol bilan murojaat qildi.

Ozodlik: Ajdar Ashirovich¸ Islom Karimov Kremlga ko‘p ham tez-tez sim qoqadigan prezidentlardan emas. 23 may kuni Karimovni qanday muammo¸ qanday ehtiyoj Medvedevga sim qoqishga undadi¸ deb o‘ylaysiz?

Ajdar Kurtov: Kreml va Oqsaroy bu suhbat haqida aniq bir xabar bermayotgan bir kezda¸ unda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan har xil taxminlarni ilgari surish mumkin.

Mening taxminim¸ MDH ichiga postsovyet hududidagi yana bir integratsion tuzilmani tiqishtirirish yuzasidan yaqinda bo‘lib o‘tgan majlis bilan bog‘liq. Men diplomatik manbalardan olgan ma‘lumotga ko‘ra¸ MDH ning so‘nggi yig‘ilishida Erkin savdo hududi yaratishga oid Moskva tashabbusi yana qabul qilinmagan. Bunga esa¸ ikki davlat – Turkmaniston va O‘zbekistonning qo‘shilmagani sabab bo‘lgan.

Turkmaniston vakili Ashxobod pozitsiyasini ochiqlamay turib¸ bu tuzilmagan qo‘shilmasligini bildirgan bo‘lsa¸ MDH yig‘inidagi Toshkent namoyandasi bu tuzilmaga keskin qarshilik bildirgan va Rossiya va Ukraina tomoni taklif qilgan murosaviy yechimni mutlaq qabul qilmagan.

Yig‘ilish arafasida Moskva rasmiylari Erkin savdo hududiga oid kelishuvning imzolanish uchun hozirligi va MDH a‘zolarining bu borada murosaga kelganini bildirayotgan edi. Ammo Toshkent¸ o‘z eski odatiga ko‘ra¸ yana Moskva rejasini chippakka chiqardi va aftidan Islom Karimov ana shu voqea ortidan keskinlikni bir oz yumshatish maqsadida Medvedevga sim qoqqan bo‘lishi mumkin. Zotan o‘tmishda ham Rossiyaning MDH hududlaridagi rejalarini ko‘p bor barbod qilgan Toshkent rahbari o‘zini shu zaylda tutganiga guvoh bo‘lganmiz.

Ozodlik: Ajdar Ashirovich¸ Islom Karimov Dmitriy Medvedevga sim qoqdi¸ degan xabar ortidan¸ bu suhbatga undagan omillarga oid turli taxminlar paydo bo‘ldi. Uzmetronom.com internet gazetasi ilgari surgan shunday taxminlardan biriga ko‘ra¸ Rossiya Dumasining sobiq deputati Aleksey Mitrofanovning O‘zbekistonda Karimovga qarshi xalq isyoni boshlangani haqida “Exo Moskvы” radiosi orqali tarqatgan asossiz xabari go‘yoki Islom Karimovning g‘azabini qo‘zg‘agan va bu masalada Kreml rasmiy pozitsiyasini aniqlash maqsadida¸ Oqsaroy rahbari Medvedevga sim qoqqan. Siz bu taxminga nima deysiz?

Ajdar Kurtov: Shubhasiz¸ O‘zbekiston prezidenti atrofidagi shaxslar¸ qolavyersa buning uchun maxsus vakolat berilgan tuzilmalar O‘zbekiston haqida xorij ommaviy axborot vositalari¸ xususan Rossiya axborot dunyosida bildirilayotgan ma‘lumot va mulohazalarni muntazam ta‘qib etib boradilar va bu haqda Karimovni xabardor qilib turadilar. Boshqa davlat matbuotining O‘zbekiston haqida yozadigan har bir tanqidiy xabari toshkentdagilarning keskin e‘tiroziga sabab bo‘lishi ham bor gap. Bunga Karimovning ko‘p marotaba G‘arb va Rossiya muxbirlarini O‘zbekistonga qarshi axborot xuruji uyushtirayotgani haqidagi qahrli bayonotlari dalil. Shu bois Aleksey Mitrofanovning Toshkent va Andijonda Karimov rejimiga qarshi o‘n minglab odam isyonga chiqqani haqida tarqatgan xabarining Oqsaroyda e‘tiroz uyg‘otganini tushunish mumkin va men Karimov ana shu maqolaga noroziligini bildirish uchun Kremlga sim qoqdi¸ degan taxminda jon bo‘lishi mumkinligini inkor qilmayman.

Ozodlik: Toshkent rahbarining ko‘p ham siyosiy vaznga ega bo‘lmagan Mitrofanovning chiqishi uchun Kreml javob berishi kerak¸ degan iddao bilan Medvedevga sim qoqishi¸ bir oz erishdek tuyulmayaptimi sizga?

Ajdar Kurtov: Darhaqiqat¸ janob Mitrofanov Rossiya rasmiysi emas¸ bugun u Rossiya Davlat dumasining ham¸ LDPR ning ham vakili emas. U bugun rasman “Spravyedlivaya Rossiya” partiyasi a‘zosi sanaladi. Ammo janob Mitrofanov o‘z ustozi Jirinovskiydan olgan saboqlariga sodiq qolgan holda¸ vaqt-vaqti bilan xayoliga kelgan bo‘lar-bo‘lmas gapni gapirib yuradi. Bundan maqsad¸ o‘z shaxsiga e‘tibor qaratishdan boshqa narsa emas.

Afsuski¸ toshkentdagilar bu kabi yengil-yelpi siyosatchilarning yengil-yelpi¸ asossiz bayonotlariga Rossiya hukumatining rasmiy qarashi ifodasi¸ degan shubha bilan yondashadi. Ammo ishonchim komil¸ Mitrofanovning O‘zbekistonda qo‘zg‘olon boshlandi¸ deb tarqatgan xabariga Kremlning aloqasi yo‘q. Agar bo‘lganda edi¸ kremldagilar bunday dezinformatsiyani sal toshi og‘irroq odamlar orqali qilgan bo‘lardi.

Shunday bo‘lsa-da¸Toshkent Mitrofanov bayonotini “Ha¸ o‘zimiz bilgan kabi¸ Moskva O‘zbekistonni beqarorlashtirishga qaratilgan yovuz rejalar ustida ishlayapti¸ Kremlda rejimni o‘zgartirish harakati bor”¸ degan qabilda kutib olgan bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas. Shu bois¸ Karimov telefon suhbatida bu borada ham Medvedevdan gap olishga uringan bo‘lsa¸ bordir.

Ozodlik: O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari mustaqillikdan beri birda ilib¸ birda sovub davom etib kelmoqda. Toshkent-Moskva munosabatlarining bugungi davri havosini qanday baholaysiz?

Ajdar Kurtov: Shubhasiz¸ hozirgi aloqalar davri sovuqchilikdan boshqa narsa emas. Bugun O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining biror jabhasida aloqalarni yaxshi yoki iliq deb bo‘lmaydi. Iqtisodni olasizmi¸ harbiy-xavfsizlik sohasini yoxud siyosiy munosabatlar¸ ularning barida deyarli bir xil sovuqchilik kuzatilmoqda.

O‘zini hamma tomondan ihotalashni davom ettirayotgan Toshkent rejimi Moskvaning har qanday taklif va harakatiga kuchli shubha bilan qaraydi va unda ko‘pincha yovuz niyatni ko‘radi. Shu bois¸ u Moskvadan chiqadigan har qanday tashabbus yo‘lini to‘sishga urinmoqda. Ammo Moskva-Toshkent munosabatlarida bunday fasl o‘zgarishi ham yangilik emas.
XS
SM
MD
LG