Линклар

logo-print

Kilyunen: Men O‘zbekistondan pora olgan emasman


O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen qirg‘iz deputatlarining pora haqidagi iddaolarini hazilnamo gap sifatida qabul qilganini aytadi.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen qirg‘iz deputatlarining pora haqidagi iddaolarini hazilnamo gap sifatida qabul qilganini aytadi.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen bu gapni ayrim qirg‘iz deputatlari iddaosiga raddiya o‘laroq aytdi.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha parlament maxsus komissiyasi hisoboti matni 25 may kuni e‘lon qilindi, biroq deputatlar bu hisobotni yopiq eshiklar ortida muhokama qilishni kelisha olmagani uchun hisobot muhokamasi 2 iyunga qoldirildi.

Parlament majlisida 25 deputatdan iborat parlament komissiyasi a‘zolari hisobot yuzasidan uchta xulosaga ega ekanliklari, xulosa mualliflari ham bir-birlari bilan yakdil fikrga kela olmayotgani ma‘lum bo‘ldi. Shuning uchun ham parlament komissiya a‘zolariga 2 iyungayacha bir to‘xtamga kelish topshirig‘ini berdi.

Shundan so‘ng O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiyaning 3 may kuni e‘lon qilingan hisoboti deputatlar tanqidiga nishon bo‘ldi. So‘zga chiqqan barcha deputatlar xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenni noxolislikda ayblashdi, deputat Qanibek Imanaliyev esa hatto “Kimmo Kilyunen xalqaro komissiya hisobotida qirg‘izlarni vaxshiy qilib ko‘rsatish uchun o‘zbeklardan katta miqdorda pora olgan, Kimmo Kilyunen o‘z mamlakatida juda katta korrupsioner sifatida shuhrat qozongan”, deb iddao qildi.

Deputat Ismoil Isaqov esa xalqaro komissiya hisobotini Qirg‘iziston milliy xavfsizligiga tahdid, deya baholadi.

- Bu hisobot milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi, millatlararo nizoni kuchaytiruvchi, ayirmachilik kayfiyatlarini paydo qiluvchi hujjat bo‘lib qoldi, - dedi Ismoil Isaqov.

Biroq prezidentning parlamentdagi vakili Azimbek Beknazarov xalqaro komissiyaning O‘sh voqealarini o‘rganishi Qirg‘iziston uchun foydali bo‘ldi, deb bildirdi:

- Xalqaro komissiyaning yomon tomonlarini hozir ko‘proq eslayapmiz. Biroq bu komissiya kelib, voqeani o‘rganib, Qirg‘izistonda genotsid bo‘lgan emas, harbiy jinoyat bo‘lgan emas, degan qarorini chiqardi. Bungacha esa dunyo axborot vositalarida Qirg‘izistonda genotsid bo‘ldi, degan ma‘lumot tarqatilayotgan edi. To‘g‘ri, komissiya O‘shda insoniyatga qarshi jinoyat sodir etildi, degan xulosaga kelgan. Biroq Qirg‘iziston hukumati bu iddaoning noto‘g‘ri ekanini komissiya hisobotiga bergan sharhlarida to‘la asosiz ekanini isbotlab berdi, - dedi Azimbek Beknazarov.

O‘sh qirg‘ini bo‘yicha parlament komissiyasi hisobotini muhokama qilishni kechiktirib, xalqaro komissiya harakatlarini muhokama qilishga o‘tgan qirg‘iz parlamenti 26 iyun kuni Kimmo Kilyunenni Qirg‘izistonda nomaqbul shaxs sifatida e‘lon qilish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen esa qirg‘iz deputatlarining iddaolarini rad etdi va qirg‘iz parlamenti deputatlari harakatlarini “hazil bo‘lsa kerak” deya munosabat bildirdi:

- Bu gaplarning birortasi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Men hisobot uchun O‘zbekistondan ham, boshqalardan ham pora olgan emasman, - dedi Kimmo Kilyunen.

Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyati hozircha parlament tomonidan Kimmo Kilyunenning nomaqbul shaxs deb topilishi to‘g‘risidagi qaroriga munosabat bildirgani yo‘q. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Roza O‘tunbayeva yaqin kunlarda bu voqeaga o‘z munosabatini bildirishi kutilayapti.
XS
SM
MD
LG