Линклар

Qirg‘iz parlamenti spikeri Axmatbek Keldibekov bu masalani deputatlar muhokamasiga olib chiqmoqchi.

Spiker Keldibekov O‘sh voqealarini o‘rgangan xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenning Qirg‘izistonga kelishiga ruxsat berish masalasi parlament majlisida ko‘rilishini 2 iyul kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kimmo Kilyunen boshchiligidagi xalqaro komissiya shu yil may oyida e‘lon qilgan o‘z xulosasida Qirg‘iziston janubida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilganini qayd etgandi. Bu xulosadan norozi bo‘lgan qirg‘iz deputatlari 26 may kuni komissiya raisi Kimmo Kilyunenning Qirg‘izistonga kirishini ma‘n qiluvchi qaror qabul qilgandilar.

Mazkur qaror qabul qilinishidan avval so‘zga chiqqan qirg‘iz deputatlari xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunenni noxolislikda ayblashgan, deputat Qanibek Imanaliyev esa hatto: “Kimmo Kilyunen xalqaro komissiya hisobotida qirg‘izlarni vahshiy qilib ko‘rsatish uchun o‘zbeklardan katta miqdorda pora olgan, Kimmo Kilyunen o‘z mamlakatida juda katta korrupsioner sifatida shuhrat qozongan”, deya iddao qilgandi.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunen esa bu iddaolarni rad etib, qirg‘iz deputatlari harakatlarini qaltis hazil o‘laroq qabul qilganini aytgandi.

- Bu gaplarning birortasi ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Men hisobot uchun O‘zbekistondan ham, boshqalardan ham pora olgan emasman, - degandi Kimmo Kilyunen.

Qirg‘iziston prezident Roza O‘tunbayeva ham 17 iyun kuni Bishkekda o‘tgan Xalq qurultoyida Kimmo Kilyunen himoyasiga chiqib, “men xalqaro komissiya rahbariga nisbatan parlament tomonidan qabul qilingan qarordan chuqur afsusdaman va bu qaror qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilaman”, degandi.

Asnoda, Spiker Keldibekovning aytishicha, yaqinda Finlyandiyaga safar qilgan ayrim qirg‘iz deputatlari Kimmo Kilyunen bilan uchrashgan.

- Uchrashuv komissiya rahbari tashabbusiga ko‘ra bo‘lib o‘tgan. U Qirg‘iziston janubidagi voqealar yuzasidan o‘z xulosalarida xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini tan olgan va albatta xorijdan kelib, ikki oy ichida hammasini tekshirib chiqish mumkin emasligini aytgan. U Qirg‘izistonga kelib, deputatlar bilan uchrashishni istaydi. Men parlamentga shunday taklif kiritaman. Agar u istayotgan bo‘lsa, marhamat qilib izoh bersin, - deya ta‘kidladi spiker Keldibekov.

Biroq O‘sh voqealarini o‘rgangan xalqaro komissiyaning o‘tgan hafta Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayevaga yozgan maktubiga ishonadigan bo‘lsak, mazkur komissiya vakillari o‘zlarining avvalgi xulosalarida qat‘iy turibdilar. Xalqaro komissiyaning barcha a‘zolari imzo chekkan maktubda qirg‘iz deputatlarining komissiya xulosasi bo‘yicha ayblovlari asossizligi aytiladi va qirg‘iz deputatlari zudlik bilan zarur islohotlar o‘tkazish o‘rniga bekorchi gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘layotganiga ishora qilinadi.
XS
SM
MD
LG