Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:34

Kimmo Kilyunen matbuotda paydo bo'lgan O'sh qirg'ini bo'yicha xisobotni tan olmadi


O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunen.
O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro komissiya rahbari Kimmo Kilyunen.
Dushanba kunidan boshlab Bishkekdagi internet saytlarning birida O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya xulosasi sifatida taqdim etilib, nashr qilinib kelinayotgan ma‘lumotlar Qirg‘iziston siyosatchilari orasida qo‘qqisdan yorilgan bomba ta‘sirini paydo qildi.

Mazkur ma‘lumotlarda Qirg‘iziston hukumati vakillari, jumladan, prezident O‘tunbayeva, Muvaqqat hukumatdagi mudofaa vaziri Ismoil Isaqov, O‘sh meri Melis Mirzaqmatov va boshqa bir qator tanqili siyosatchilar O‘sh qirg‘inini to‘xtatib qolish uchun deyarli hech qanday harakat qilmaganliklari aytilgan edi.

Biroq 27 aprel kuni O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya rahbari Kimmo Kilyunen internetda nashr qilingan ma‘lumotlarni tan olmasligini bildirdi:

- Men ochiq aytaman. Internetda komissiya xulosasi sifatida taqdim qilinib, nashr qilingan birorta ma‘lumotni tan olmayman. Bu bizning hisobot emas. Chunki biz hozir hisobot ustida ishni davom ettirmoqdamiz, -dedi Kimmo Kilyunen.

O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya rahbarining aytishicha, komissiya o‘z hisobotini may oyining boshlarida jamoatchilikka taqdim qiladi.

- 3 may, seshanba kuni soat 3 da Bishkekdagi Kabar axborot agentligida biz bu borada matbuot anjumani o‘tkazamiz va o‘z xulosamizni jamoatchilikka taqdim etamiz. Biz rasman xulosamizni e‘lon qilmagunimizcha paydo bo‘lgan ma‘lumotlarni tan olmaymiz,-dedi Kimmo Kilyunen.

Ayni paytda O‘sh qirg‘inini o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil komissiya xulosasi sifatida taqdim etilgan ma‘lumotlarni chop etgan 24. kg axborot agentligi mazkur xujjat noma‘lum manbaalar orqali tahririyatga keltirilganini aytmoqdalar.

Qirg‘izistonlik siyosatchilar orasida noma‘lum manbalar orqali taqdim etilgan mazkur hisobotning chop etilishi katta bahslarga sabab bo‘ldi. Masalan, Muvaqqat hukumat tomonidan 2010 yilda janubiy hududlar bo‘yicha vakil etib tayinlangan general Ismoil Isaqov, Jalolobod viloyat komendanti bo‘lgan Qubatbek Baybolov kabi siyosatchilar bu ma‘lumotlarning chop etilishini qoraladilar hamda uni noxolis, deya baholadilar.

7 aprel inqilobidan so‘ng Muvaqqat hukumatda Moliya vaziri vazifasini bajargan Temir Sariyev esa, bu borada mana bunday fikr bildiradi.

- 7 apreldan keyin hukumatga va rahbariy o‘rinlarga tayyorgarligi yo‘q odamlar tayinlanib qoldi. Bunga o‘sha paytda iqtidorga kelgan siyosiy partiyalar sabab bo‘ldi. Bunday sharoitda hukumat va rahbarlar zaif bo‘lib, O‘sh qirg‘inining oldini olib qololmadi. Shuning uchun o‘sh qirg‘inida hammamizning ozgina bo‘lsa ham aybimiz bor, deb hisoblayman, -dedi Temir Sariyev.

Tarkibiga turli mamlakatlardan 7 olim kirgan xalqaro komissiya iyun voqealari sabablarini o‘rganishni oktabrda boshlagan va yanvar oxirida tadqiqot uchun zarur materiallarni yig‘ib bo‘lgani to‘g‘risida e‘lon qilgan edi.

YeXHT parlament assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili, finlyandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen yetakchiligidagi komissiya BMT, YeI va YeXHT bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish jarayonida tuzilgan. Lekin tilga olingan uch tashkilotdan birontasi ham mazkur komissiyaga o‘z mandatini bergan emas.

Komissiya faoliyatini Skandinaviya davlatlari, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa ayrim davlatlar moliyalashtirgan.

Mustaqil xalqaro komissiyaning Qirg‘iziston prezidentiga taqdim etilgan hisoboti martda e‘lon qilinishi kutilgan edi. Keyingi kunlarda, hisobotning rasman e‘lon qilinmayotgani uni rus tiliga tarjima qilish zarurati bilan izohlanayotgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Sultan Qanazarovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga 25 aprel kuni bildirishicha, Komissiya hisoboti u bilan hukumat tanishib chiqib, o‘z javobini yozib bo‘lganidan keyin e‘lon qilinadi.
XS
SM
MD
LG