Линклар

16 iyun kuni Qirg‘iziston parlamenti 2010 yilgi iyun voqealarini o‘rgangan parlament komissiyasi xulosasini ko‘rib chiqib, o‘z qarorini e‘lon qildi. Qarorning muhim punktlaridan biri Farg‘ona.ru axborot agentligi saytiga blok qo‘yish bo‘ldi. Ozodlik Farg‘ona.ru saytining bosh muharriri Daniil Kislovning bu qarorga munosabati bilan qiziqdi.
D. Kislov: Bu qarorga baho berish juda qiyin. Chunki bu qarorning kimga kerakligini tushunish qiyin. Bu bilan ular o‘zlariga qarshi chiqmayotganmikin, deb uylab qolaman. Bu qarorda mantiq juda kam. Kinoya bilan munosabat bildiradigan bo‘lsam, qirg‘iz parlament a‘zolariga meni juda zo‘r reklama qilganliklari uchun minatdorchilik bildiraman, chunki hozir menga juda ko‘p xalqaro tashkilotlardan vakillar, nufuzli shaxslar telefon qilib, meni qo‘llab-quvvatlashlarini aytishmoqda. Qarorga jiddiy baho beradigan bo‘lsam, undan afsuslanishdan o‘zga choramiz yo‘q. Qirg‘iz xalqi ikkinchi marta inqilob qilayotganida ko‘proq so‘z erkinligi va demokratiyani talab qilgan bo‘lsa, parlament qarorlari ularni Bakiyev va Aqayev davrlaridan ham orqaroqqa uloqtirib tashlayapti. BMT Internetdan foydalanishni fundamental inson huquqlari qatoriga qo‘shgan bir paytda qirg‘iz parlamenti senzurani qonuniylashtirishga kirishdi. Bunday bedodlikni Internetga to‘siq qo‘yib kelayotgan ammo buni tan olmayotgan O‘zbekiston ham o‘ziga ep ko‘rmagan.
Ozodlik: Daniil, siz bu qarorda mantiq yo‘q deyapsiz. Ammo qirg‘iz parlamenti saytingizni O‘sh voqealarini yumshoq qilib ayttganda, noholis yoritganlikda ayblamoqda. Sizningcha, Farg‘ona.ru yondashuvi boshqa OAVlarinikidan farq qildimi?
D. Kislov: Menimcha, biz bergan xabarlarimizda ko‘proq tafsilotni berishga alohida e‘tibor qaratdik. Rossiya Ommaviy axborot vositalari orasida Qirg‘izistondagi voqealarini yoritgan eng faol sayt bizniki bo‘ldi. Buning ham hech qanday hayron qolarli joyi yo‘q. Boisi Farg‘ona axborot agentligi Markaziy Osiyodagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashgan. O‘sh va Jalolobod voqealariga alohida e‘tiborimiz, aslida zo‘ravonlikni uyushtirish ortida turgan kuchlarning tanobini tortishi kerak edi. Mening ishonchim komilki, bugungi qirg‘iz parlamenti a‘zolari orasida mazkur harbiy harakatlarni uyushtirganlar va ularni boshqarganlar ham bor. Qirg‘iz parlamentida o‘tgan yilgi iyun voqealari chog‘ida avtomat ko‘tarib olib yugurib yurgan odamlar bor. Ana shular bugungi kunda jazodan qochmoqchi bo‘lishmoqda. Ular uchun deputatlik mandati jazosiz qolishning vositasi bo‘lib qoldi. Boshqa tomondan ular Qirg‘izistonni xalqaro tanqidlardan haqiqat izlovchilardan izolyatsiya qilmoqchi bo‘lishyapti. Zero, haqiqat ularni yo‘q qilishi mumkin.
Ozodlik: Daniil, aytingchi, o‘tgan yilgi voqealarni yoritish chog‘ida Qirg‘iziston rasmiylari tomonidan sizga rasman shikoyatlar bo‘lganmi?
D. Kislov: Bilasizmi, bunday holat biror marta bo‘lmadi. Rasman qirg‘iz prokuraturasi, hukumatiyu parlamentidan maktub olmaganmiz. Lekin saytimiz servyeriga butun qirg‘iz xalqi nomidan gapirayotganini davo qilib, tahdid mazmunidagi xatlarni qoldirganlar bo‘ldi.
Ozodlik: Qirg‘iz parlamenti Farg‘ona.ru saytiga to‘siq qo‘yishga buyruq berish bilan bir qatorda, bir guruh odamlarni sud va tergovlarsiz iyun zo‘ravonliklarida aybdor, deb hisoblanishini qaror qildi. Masalaning bunday qo‘yilishiga sizning munosabatingiz qanday?
D. Kislov: Qarorning bu bandi juda ajoyib va bu band meni ko‘proq hayratga soldi. Mening tushunchamdagi parlament deputati qonun qabul qiluvchi shaxs sifatida, yurisprudensiyadan xabari bo‘ladi va har bir gapini tarozga solib gapiradi. Bular esa konstitutsiyaning aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga mutlaqo tupurib qo‘yib, sud qaroridan oldin aybdorlarni e‘lon qilyapti. Bu mutlaqo kurakda turmaydigan gaplar. Biror bir munosabat bildirishga qiynalasan, kishi. Bu bilan parlament o‘zining noqobilligini, noprofessional, millatchi parlament ekanligini tan oldi. Bu kabi bayonotdan so‘ng, qirg‘iz parlamentiga o‘z faoliyatini tezroq to‘xtatishini tilashdan o‘zga choramiz yo‘q.
XS
SM
MD
LG