Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2024, Тошкент вақти: 07:26

"Ko‘cha"ga qarshi reydlar: "Ziki" qamoqda, "Saidaziz medgorodok"ka yangi ayb qo‘yildi


"Ko‘cha"ga qarshi reydlar. Ozodlik
"Ko‘cha"ga qarshi reydlar. Ozodlik

O‘zbekistonda “Dolzarb qirq kunlik” nomi berilgan ommaviy hibsga olishlardan 5 oy vaqt o‘tib, yana bir jinoiy avtoritet qamoqqa tashlandi.

Ozodlik manbalarining bildirishicha, Toshkent sudi “Ziki eski shahar” laqabi bilan tanilgan Lutfulla Umarovni 6 yilu 2 oy qamoq jazosiga hukm qilgan.

Bu haqda rasman xabar qilingani yo‘q, ammo Umarovning hibsga olingani haqida Toshkent IIBB o‘tgan yil 25-dekabrida xabar bergan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontoxur tuman sudida o‘tgan mahkamani kuzatgan faollarga ko‘ra, Umarov giyohvand va psixotrop moddalarni tayyorlash, saqlash va sotishda aybdor topilgan.

52 yashar Umarov “Baxti Tashkentskiy”, “Saidaziz medgorodok”, “Boxo zavxoz” laqabli boshqa yirik kriminal avtoritetlar bilan bir vaqtda hibsga olingandi.

Ayni paytda ismini sir saqlashni so‘ragan advokatlarning Ozodlikka bildirishicha, “Saidaziz medgorodok” laqabli Saidaziz Saidazimovga ham “jinoiy uyushma tashkil etish” aybi qo‘shilgan.

Jinoyat olami yetakchilari ekani aytiladigan bu shaxslar o‘tgan yil noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “ko‘cha”ga qarshi yirik reydlar davomida qo‘lga olingan edi.

Rasman “Kriminogen vaziyatni yaxshilash uchun” deb izohlangan “Dolzarb 40 kunlik” doirasidagi reydlarda kriminal avtoritet sifatida nomi chiqqan shaxslar qo‘lga olingan.

Ular orasida “Salimboy” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyev, Toshkent "smotryashchiy"si sifatida nomi chiqqan Abbosxon Xo‘jayevlar bor.

Toshkent shahri sudlari matbuot xizmati bergan xabariga binoan, 19-mart kuni Salim Abduvaliyev ustidan hukm o‘qilgan va u 6 yilga qamalgan.

"Кўча"да нима гап? "Саидазиз медгородок"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:32 0:00


“Ziki eski shahar”ni yaqindan tanigan toshkentlik ishbilarmonga ko‘ra, bu kriminal shaxs 1990 - 2003-yillarda Toshkentda “polojenes” rutbasiga egalik qilgan.

“Ziki” degan avtoritet chorsulik edi. O‘zbekistonda yagona bo‘lgan o‘z vaqtida. 90-yillarning boshlaridan 2003-yillargacha “ko‘cha”da dong‘i ketganlardan biri bo‘lgan. Rossiya tomonidan unga o‘g‘rilik bo‘yicha diktovka qilishgan. U vaqtlarda Rossiyadagi “deystvuyushchiy vor”lar Toshkentdagi jinoiy guruhlarga rahbarlar va avtoritetlarni saylashardi. Bu yerdagi o‘g‘rilar bu yerdan topgan pulidan Rossiyadagilarga ulush berishardi. “Ziki” ular bilan ishlardi. Undan keyin Toshkentga Abbos xo‘ja “smotryashchiy” bo‘lgan, u ham o‘tgan yil dekabrda qamaldi”, deydi toshkentlik ishbilarmon.

Advokatlarga ko‘ra, Zikrilla Umarov o‘shanda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan ayblanib, qo‘lga olingan va ayni modda asosida qamoqqa hukm qilingan.

  • 273-modda:
  • “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish:
  • uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklashdan yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.


O‘tgan yil oxiridagi reydlarda nafaqat O‘zbekiston, balki postsovet hududida yirik kriminal avtoritet sifatida tanilgan shaxslar qo‘lga olingan.

Ular ustidan tergov tafsilotlari jamoatchilikka oshkor etilmagan, sud jarayonlari esa yopiq kechgan. Ozodlik gaplashgan advokat va huquq faollari ishga aloqador barcha tomonlardan maxfiylikni saqlash haqida tilxat olinganini aytishmoqda.

Toshkentdagi huquq faollaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda jinoyat olamida “Boxo zavxoz” nomi bilan tanilgan Bahodir Sultonov ustidan ham sud bormoqda.

“Sud Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida o‘tyapti. Sultonovga JKning 165-moddasi 2-kismi bo‘yicha ayb qo‘yilgan”, dedi ismini oshkor etmaslikni so‘ragan toshkentlik advokat.

Jinoyat kodeksining 165-moddada tovlamachilik aybi ko‘zda tutilgan.

  • 165-modda:
  • “Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchiga yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkiga shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘zining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish.
  • Uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

“Boxo zavxoz” yoki Bahodir Sultonov jinoyat olamida 1990-yillardan boshlab avtoritet sifatida tanilgan.

U o‘zbekistonlik ikki yirik kriminal avtoritetdan biri - xorijda qator moliyaviy jinoyatlarda ayblangan G‘ofur Rahimovga yaqin shaxs sifatida ko‘riladi.

“Zavxoz” deb zonada aytiladi. Barak bo‘ladi zonada va unda har xil jinoyatchilar bo‘ladi. Bular orasidan siyosiy, diniy mahbuslarga, zona tili bilan aytganda “dushnyak” - qiynoq, jinsiy zo‘rlashlar bilan “pokazaniya” olib beradigan “loxmach”lar bo‘ladi. “Boxo zavxoz” ulardan biri bo‘lgan. Nega “zavxoz” deyishadi? O‘z vaqtida u maxsus xizmatlarga juda ko‘p xizmat qivorgan va shu nom bilan avtoritet bo‘lib qolgan. Oxirgi qatlam ko‘cha, deb aytilganlar - maxsus xizmatlarning qaramog‘ida, proteksiyasida bo‘lganlar. Saidaziz medgorodok bo‘ladimi, Abbos bo‘ladimi - hammasining tepasida kuratori bor”, deydi toshkentlik ishbilarmon.

“Кўча”га қарши рейдлар: Қирғизистонда машҳур бўлган Салимбой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

Jinoyat ishi tafsilotlaridan xabardor huquq faollariga ko‘ra, “Saidaziz medgorodok” laqabli Saidaziz Saidazimovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 242-moddasi bilan “jinoiy uyushma tashkil etish” aybi ham qo‘yilgan.

  • 242-modda:
  • “Jinoiy uyushma tashkil etish, ya’ni jinoiy uyushma yoxud uning bo‘linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo‘lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat.
  • Uch yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.


“Saidaziz medgorodok” - o‘tgan yil noyabr va dekabr oyidagi reydlar chog‘ida nomi mahalliy va xalqaro matbuot tiliga tushgan shaxslardan biridir.

Rasmiy bildiruvga ko‘ra, 1987-yilda tug‘ilgan Saidaziz Saidaliyev “sport bilan shug‘ullangan jismonan baquvvat shaxslarni o‘z atrofiga yig‘ib, bezorilik, ta'magirlik kabi jinoyatlarni sodir etgan”.

Buni 27-yanvar kuni chiqish qilgan Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov alohida qayd etgan edi.

Vazirlik qoshidagi Jamoatchilik kengashiga berilgan hisobotda Almatov og‘ir jinoyat sodir qilganlikda ayblangan 230 dan ortiq shaxs ushlanib, javobgarlikka tortilganini bildirgan.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentidagi yoshlar orasida esa “Saidaziz medgorodok” taniqli sportchi sifatida nom qozongan.

Tarmoqlar uni "Salimboyning odami" va “odamlarning pulini undirib beradigan sportchi”, deb ta’riflashadi.

O‘tgan yil oxiridagi reydlar fonida “Saidaziz medgorodok” - ko‘chaning asosiy “razborshchik” iga aylangan va hatto, qo‘shni davlatlar elitasi bilan kriminal olam nomidan bordi-keldi qilgan vakil sifatida o‘rtaga chiqdi.

Boisi, qirg‘iz tilidagi tarmoqlarda “Saidaziz medgorodok”ning Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning o‘g‘li bilan, go‘yoki, bir stol atrofida o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi.

Na O‘zbekiston va na Qirg‘iziston rasmiylari bu suratga rasman munosabat bildirilmadi.

Ammo bu surat har ikki davlatlar “ko‘cha” deb ataladigan jinoyat olami va hokimiyat doiralari qanchalik chatishib ketgan borasidagi savollarni paydo qildi.

O‘tgan yil oxiridagi o‘zbek huquq - tartibot idoralari o‘tkazgan reydlar haqida matbuotga hisobot bergan Toshkent shahar IIBB jami 116 shaxsga nisbatan 38 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi.

“Салимбой” қамалди, “Бахти Ташкентский”нинг суди кутилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:35 0:00


27-yanvar kuni Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov 230 dan ortiq shaxs ushlangani va javobgarlikka tortilganini bildirgandi.

2023-yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan reydlar O‘zbekistonda 1990-yillar boshidan buyon jinoyat olamiga qarshi o‘tkazilgan eng yirik amaliyot bo‘lgan.

Amaliyotga nima turtki bo‘lgani va alohida shaxslarning jinoyat olamidagi roli, shuningdek, hokimiyat, xususan, kuch tuzilmalari bilan aloqalari borasida ko‘plab savollar ochiq qolmoqda.

Ozodlikning Ichki ishlarda muqaddam yuqori lavozimlarda ishlagan manbasiga ko‘ra, keyingi paytlarda “jinoyat olami”ning ko‘chada tanilgan yosh jangari yetakchilari atrofida odam ko‘payib borayotgani huquq-tartibot idoralarining nazarini tortgan edi.

IIV “kriminogen muhitni yaxshilashga qaratilgan bu reydlarga” oylab tayyorgarlik ko‘rilgani, qo‘lga olingan shaxslar uzoq vaqt kuzatuvda bo‘lganini aytmoqda.

Aksariyat manbalar, reyd o‘tkazish uchun shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatma berganini ham aytmoqda. Ammo, prezidentning o‘zi bu haqda hali bayonot bermadi.

XS
SM
MD
LG