Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:49

O‘zbekistonliklar Rossiyada yo‘qotganini Turkiyadan topishi mumkinmi?


Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari yildan-yilga ozayib bormoqda. Rossiya Markaziy banki ma’lumotlariga qaraganda, 2016 yilda bu mamlakatdan O‘zbekistonga 2 milliard 741 million dollar jo‘natilgan bo‘lib, bu 2013 yilgi ko‘rsatkichdan 60 foizga kamdir.

Ayni paytda bu kamchilik boshqa davlatlardan, xususan, Turkiyadan jo‘natilayotgan pullar hisobiga to‘ldirilayotganday. Har holda, Turkiya matbuotiga ko‘ra, 2015 yili Turkiyadagi pul jo‘natuvchi SMT kompaniyasi orqali postsovet mamlakatlariga yuborilgan pul jo‘natmalarining 39,9 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bu ko‘rsatkich necha pul ekanligi to‘g‘risida ochiq manbalardan ma’lumot topilmadi. Biroq Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar bu mamlakatda vatandoshlari soni yildan-yilga ko‘payib borayotganini e’tirof etmoqda.

Oyiga 400 dollar topayotgan usta

Mahmud deb tanishtirishimizni so‘ragan 29 yashar o‘zbekistonlik yigit Istanbulda, avtomobillarni sozlash ustaxonasida ishlayotganiga qariyb 7 oy bo‘lib qoldi. Mahmud bir oyda 400 dollar ish haqi oladi. Bu puldan 300 dollarini O‘zbekistonga – uyiga jo‘natadi. O‘ziga 100 dollar qoladi.

“Bitta kvartirada 6 kishi yashaymiz. Sheriklarim ham O‘zbekistondan. Kvartira puli, oziq-ovqatimiz o‘rtada, amallab etkazamiz”, dedi Mahmud.

Aytishicha, u taniydigan o‘zbek yigitlar, asosan, qurilishlarda ishlaydi. Turklarning dala-hovlilarida chorva boqadi. Til biladiganlar do‘konlarda ishlaydi, ofitsiantlik qiladiganlari ham bor.

Oyiga 800 dollar topayotgan enaga-oshpaz

Ismini aytishimizni istamagan o‘zbekistonlik ayolning Istanbulga kelganiga bu yil 8 yil to‘ldi. Samarqand shevasi turkcha so‘zlar va ohanglarga omuxta bo‘lib ketgan bu oliy ma’lumotli matematika o‘qituvchisi so‘nggi 4 yildan buyon bir oilada bola boquvchi bo‘lib ishlaydi. Ayolning xizmat vazifasiga kuniga 12 soatdan ishlaydigan ish beruvchilari – er-xotin uchun kechki ovqat tayyorlash ham kiradi. Bola boqqani va oshxonada qiladigan mehnati uchun o‘zbekistonlik ayol oyiga 800 dollar pul oladi.

“4 yil oldin ishga kirganimda shuncha oylik berishgan. Hozir ham shuncha. O‘zgargani yo‘q. Har oyda O‘zbekistonga, talaba qizimga 100 dollar jo‘nataman. Qolganini shu erda, Turkiyada bankdagi hisobimga o‘tkazaman. Ancha-muncha pul yig‘ilib qoldi”, dedi ayol.

Lalelidagi har bir mag‘ozada kamida bir o‘zbek topasiz

Laleli (Lolali) Istanbulning tijoriy mavzelaridan eng yirigidir. Postsovet mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondan keladigan savdogarlar tovarlarni, asosan, shu yerdagi magazinlardan xarid qiladi.

“Bu yerdagi do‘konlardan istalganiga kirib, balandroq ovozda o‘zbekcha gapira boshlasangiz, darrov oldingizga bir o‘zbek kelib, “Xo‘sh, xizmat”, deb qo‘l qovushtiradi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda Turkiyadagi Xalqaro turkistonliklar hamkorlik tashkiloti raisi muovini Namoz Normo‘min.

Tashkilot ixtiyoridagi ba’zi ma’lumotlarga tayanib, Namoz Normo‘minning aytishicha, Turkiyaga Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mehnat muhojirlari kelishi 2000 yillar boshida boshlangan va shu kunda 200 ming nafar atrofida markaziyosiyolik bor. Har kuni mintaqadan 3 mingdan 5 mingacha odam Turkiyaga kelib-ketib turadi.

Namoz Normo‘min aytayotgan raqamlar norasmiy, taxminiy raqamlardir. O‘zi keltirgan raqam hamda O‘zbekiston aholisining mintaqadagi nufusidan kelib chiqib, Namoz Normo‘min Turkiyada 100 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surdi.

Turkiya tomon oqim yo‘lidagi to‘siqlar

“Keyingi yillarda Turkiyada o‘zbeklarning o‘zigina emas, ularning atrofidagi gap-so‘zlar ham ko‘payib ketdi va bu gaplar o‘zbekistonliklarning Turkiyaga oqimiga to‘siq bo‘lishi mumkin”, - dedi Namoz Normo‘min ekstremistlikda, terrorchilikda va boshqa jinoyatlarda gumon qilinayotgan, ayblanayotgan o‘zbekistonliklar to‘g‘risidagi xabarlarni nazarda tutib.

O‘zbekiston birinchi?

Yenicaggazetesi.com.tr​ saytining 2016 yil noyabridagi xabariga ko‘ra, 2015 yilda Turkiyadan bu mamlakatdagi SMT kompaniyasi orqali yuborilgan pul jo‘natmalarining 39,9 foizi, ya’ni 531 mln. dollari O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan va O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha postsovet mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egallagan (ikkinchi o‘rinda 20,2 % bilan Gruziya, uchinchi o‘rinda 15,3% bilan Qirg‘iziston). O‘zbekistonga Turkiyadan yuborilgan o‘rtacha bir jo‘natma 497 dollarni tashkil qilgan. 2015 yili SMT kompaniyasi orqali 1,4 mlrd. pul jo‘natilgan.

Bu ma’lumotlardan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining Istanbuldagi muxbiri Elvira Buudaychievaning ham xabari bor. Mavzuni o‘tgan oyda maxsus o‘rgangan muxbirimizning aytishicha, pul jo‘natmalariga oid yangi ma’lumotlar Turkiyadagi ochiq manbalarda hozircha yo‘q. Muxbirimizning aytishicha, SMT kompaniyasiga oid ko‘rsatkichlarda O‘zbekistonning birinchi o‘rinni egallagani umuman Turkiyadan o‘zbekistonliklar eng ko‘p pul jo‘natadi, degani emas. Bu SMTning Rossiyadagi "Zolotaya korona" pul o‘tkazish kompaniyasi bilan hamkorlik qilishi bilan izohlanishi mumkin, xolos.

XS
SM
MD
LG