Линклар

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, joriy yilning 17-18 may kunlari Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 64/51-sonli qamoqxonada diniy motivlar bilan qamalgan mahkumlar qiynoqlar to‘xtalishi talabi bilan norozilik aksiyasi o‘tkazishgan.

Tashkilot rahbari Sur‘at Ikromovning Ozodlikka aytishicha, unga Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida yashovchi o‘ndan ziyod ayol murojaat qilib, Koson qamoqxonasidagi qiynoqlar borasida shikoyat qilishgan.

- Ayollarning so‘zlariga ko‘ra, ularning yaqinlari jinoyat kodeksining 159, 244-1 va 244-2 moddalari bo‘yicha qamalgan. Mahkumlar namoz o‘qigani uchun qamoqxona rahbariyati tomonidan qiynoqqa tutilgan. 17-18 may kunlari mahkumlar qiynoqlar to‘xtatilishi, namoz o‘qishga ruxsat berilishi va mahkumlarning sharoitlarini yaxshilash talabi bilan chiqishgan. Biroq norozilar qiynoqlarga tutilib, o‘nlab mahkum jazo izolyatoriga tashlangan,- dedi Sur‘at Ikromov.

Mahkumlarning yaqinlari Yevropa Ittifoqi, BMT, YeXHT va AQSh hukumatiga murojaat qilib, qiynoqlarning to‘xtatilishida O‘zbekiston hukumatiga bosimni kuchaytirishni so‘armoqda.
XS
SM
MD
LG