Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:41

Azimjon Asqarov sudda so‘nggi so‘zini aytdi (VIDEO)


Asqarov sudda so‘nggi so‘zini so‘zlamoqda.
Asqarov sudda so‘nggi so‘zini so‘zlamoqda.

O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Azimjon Asqarov ishini qayta ko‘rib chiqayotgan Chuy viloyat sudidagi mahkama jarayoni nihoyasiga etmoqda. 10 yanvar kuni o‘tgan jarayonda Azimjon Asqarovga so‘nggi so‘z berildi. Sud hukmni 17 yanvarda e’lon qilishini bildirdi.

Sudda so‘nggi so‘zini so‘zlagan Azimjon Asqarov 7 yildan beri o‘zi va u bilan birga sudlangan 7 odam nima uchun qamoqda o‘tirganini hanuz tushunmaganini aytdi:

-Yuzdan ortiq qurollangan jigit Bozorqo‘rg‘onga keldi va oradan bir necha soat o‘tgach ular 430ta uyga o‘t qo‘ydi. Bozorqo‘rg‘onni yo‘q qilish uchun yuzlab odamlar keldi.Biz 8 odam nima uchun qamoqda o‘tiribmiz? Bizning millatimiz o‘zbek bo‘lgani uchunmi? Biz o‘z ko‘chamizni, o‘z uyimizni, o‘z farzandlarimizni va ayollarimizni himoya qilganimiz uchunmi? –dedi Asqarov.

Азимжон Асқаровнинг суддаги сўнгги сўзи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:44 0:00

So‘nggi so‘zida huquq faoli o‘ziga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganini, faqat militsionerlardan iborat bo‘lgan ayblov tomoni guvohlari yolg‘on ko‘rsatmalar berganini aytdi. Asqarovga ko‘ra, u Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasida 7 odamning qiynoqlardan o‘lganini fosh etgani uchun undan o‘ch olingan.

“Agar prokurorlar bu banditlarni mana shu tarzda himoya qilishda davom etsa, Bozorqo‘rg‘on militsiyasida odamlarni o‘ldirish davom etadi”, degan Asqarov o‘z so‘zida davom etar ekan o‘zini yolg‘on detektorida tekshirishlarini talab qildi:

-Yana bir bor aytaman, agar yolg‘on detektori poligrafida aybdor ekanim isbotlansa, ommaviy ravishda menga nisbatan oliy jazo qo‘llanishini iltimos qilaman. Agar aybdorligim tasdiqlanmasa, menga nisbatan ishni soxtalashtirgan va yolg‘on ko‘rsatma bergan guvohlarga jinoyat ishi ochilsin, -dedi Asqarov.

O‘tgan yilning oktabridan beri har seshanba kuni o‘tkazilayotgan sud jarayonida advokatlar Asqarovga nisbatan tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilgani, uning aybsiz ekani isbotlanganini aytib, suddan Asqarovni BMT Inson huquqlari qo‘mitasi qaroriga asosan qamoqdan ozod etishni talab qilib keldilar.

Prokurorlar esa guvohlar va dalillar vositasida Asqarovning aybdor ekani tasdiqlanganini aytib, unga nisbatan umrbod qamoq jazosi hukmini saqlab qolishni talab qilmoqda. Prokurorlar Asqarovning yolg‘on detektorida tekshirilish talabiga qarshi chiqib kelmoqda. Ularga ko‘ra, bunday jarayon Qirg‘iziston jinoyat qonunchiligida belgilanmagan.

-Qirg‘iziston xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini bajarmasa, vaziyatdan foydalanib BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga, Xavfsizlik kengashiga murojaat qilaman. Qirg‘izistondagi etnik asosdagi jinoyatlarni o‘rganuvchi maxsus organ tuzishni talab qilaman. Qirg‘iziston hukumatiga eng qattiq sanksiyalarni joriy etishga chaqiraman. Agar sud adolatli qaror chiqarmasa, bundan boshqa ilojim yo‘q, -dedi Asqarov.

Shundan so‘ng sud hukm 17 yanvar kuni o‘qilishini bildirib, tanaffus e’lon qildi.

Joriy yilning aprel oyida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov ishini o‘rganib chiqib, qirg‘iz hukumati Asqarovni zudlikda qamoqdan bo‘shatishi shart, degan qarorni chiqargan edi.

Shundan so‘ng 12 iyulda Qirg‘iziston Oliy sudi Asqarovga nisbatan ikkinchi va uchinchi sud instansiyalari chiqargan umrbod qamoq jazosini bekor qilib, ishni qayta ko‘rib chiqish uchun Chuy viloyat sudiga jo‘natgan.

Xalqaro tashkilotlar Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini aytib keladilar va Qirg‘iziston hukumatini 6 yildan beri huquq faolini qamoqdan ozod etishga chaqirib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG