Линклар

Malika aya: O‘g‘limni tirik ko‘rishdan umid uzganim yo‘q


O‘sh voqealari chog‘ida bir farzandi o‘ldirilgan va yana bir o‘g‘li bedarak ketgan Malika Qosimova.

O‘sh voqealari chog‘ida bir farzandi o‘ldirilgan va yana bir o‘g‘li bedarak ketgan Malika Qosimova.

O‘shning Pomir ko‘chasida yashovchi Malikaxon aya o‘tgan yilgi qonli voqealar chog‘ida ikki o‘g‘lidan judo bo‘ldi.

2010 yilning 13 iyun kuni 77 yoshli Malikaxon aya Qosimovaning to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammadjon Qosimov bedarak yo‘qolgan, kenja o‘g‘li Madaminjon esa otib o‘ldirilgan.

Malikaxon aya o‘tgan yilning 11 iyun kuni farzandlarining talabi bilan kelinlari va nabiralarini olib, O‘shning xavfsiz hududlarida istiqomat qiluvchi qarindoshlari uyiga ketgan. 22 iyun kuni esa aya o‘z uyiga qaytadi.

- 22 iyun kuni uyga keldik. Bu yerdan xabar bordi “kelavyeringlar” deb. Ungacha men telefondan bolalarni so‘rab turdim. So‘rasam, “Madamin akam oyog‘idan o‘q yeb, bolnitsada yotibdi”, deyishdi. Yo‘qolgan bolam Muhammadjon shanba kuni telefon qilgandi, - deydi Malikaxon aya.

2010 yilning 13 iyun kuni Malikaxon ayaning kenja o‘g‘li 41 yoshli Madamin Qosimov otib o‘ldirilgan va yoqib yuborilgan. Suhbatdoshimizga ko‘ra, guvohlar to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammadjon Qosimovni noma‘lum odamlar oq rangli mashinada olib ketishganini aytishgan.

Malikaxon ayaning aytishicha, bedarak ketgan o‘g‘li Muhammadjon qirg‘iz millatiga mansub do‘stlari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va iyun to‘qnashuvidan avval ularning to‘yu-azasida oshpazlik qilgan.

- To‘y qilsayam, o‘lim bo‘lsayam hafta-haftalab turib kelardi, qalpoqlarni kiyib kelardi. Mol boquvchilar olib ketardi. Mollarimizni fermaga berardik, o‘shalar olib ketardi. Ular bilan juda yaxshi munosabatda, inoq edi, - deydi suhbatdoshimiz.

Malikaxon ayaning aytishicha, o‘tgan yil iyul oyida to‘ng‘ich o‘g‘li Muhammadjon Qosimovning yo‘qolgani to‘g‘risida O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasiga ariza yozgan:

- Vafot etganiga qirq kun bo‘lay deganda, unisi-bunisi “militsiyaga boring”, deyishgandi, Nargiza degan qizga bordim.

Ozodlik: U qiz qayerda ishlaydi?

- GOVDda ishlaydi, tergovchi ekan. Ariza yozib tashlab kelganman. Anchadan keyin telefon qildi Nargiza. “Nima bo‘ldi, qidirayapsizlarmi?” dedi. “Yo‘q, sizlarga qarab o‘tiribmiz” dedim. Yaqinda bittasi aytibdi: “Mana shu yerdan kaltak yeb es-hushini yo‘qotgan bolalarni Moylisoyga (Moylisoyda ruhiy kasallarni davolaydigan shifoxona bor – tahr.) olib boribdi, surati bo‘lsa, olib keling, men borib ko‘ray”, deb bir xotin aytibdi. Ko‘p surat berdik. Propisnoyidan suratlarini kattalashtirib ko‘paytirdim. O‘g‘lim nogiron edi. Nogironlik guvohnomasini olib borib kattaytirdim. Juda ko‘p surat tarqatdik, bir natija chiqmadi. Bitta surati qoldi endi, o‘zimda turib tursin, - deydi Malikaxon aya.

77 yoshli onaxon to‘ng‘ich o‘g‘lini tirik ko‘rishdan umidini uzgani yo‘q.

- Ko‘nglim “o‘lmadi”, deyapti. Bolam kaltak yeb, es-hushini yo‘qotgan. Qayerdadir garovda bola bo‘lsa, balkim o‘sha yerdadir. Jinni bo‘lsayam, ko‘zi ochiq bo‘lsa, mana shu yerda o‘tirsa mayli edi. Madaminjonga Qur‘on o‘qiyapman, katta o‘g‘limni “o‘ldi” degim kelmayapti. Jinni bo‘lib, bir yerda yuribti-da, boshiga urib qo‘yishdi uni, - deb yig‘laydi onaxon.



Malikaxon ayaning o‘g‘li Muhammadjon Qosimovning bedarak ketgani yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari borasida ma‘lumot olish uchun O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov bilan ham bog‘landik.

- Men har bir arizani bilmayman-da. Men tergovchiga uchrab, undan: “Nima bo‘lyapti, tergov ishi qanday ketyapti?” deb so‘rayman. Taxminan tushdan keyingi soat 4-5 larda qayta telefon qiling, - deya va‘da berdi O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi mas‘uli Zamir Sidiqov.

Biroq aytilgan vaqtda qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib ham janob Sidiqov bilan bog‘lana olmadik - uning mobil telefoni o‘chirilgan edi, shahar telefoni go‘shagini esa hech kim ko‘tarmadi.

“Qilim shami” huquqni himoya qilish tashkiloti ma‘lumotlariga ko‘ra, 2010 yilning iyun oyida sodir bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida 120 kishi bedarak yo‘qolgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG