Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

Mobil telefonlarning erkin savdosi to‘xtatilmoqda


Mobil telefonlar sotish haqqi yaqin kunlarda faqat uyali aloqa kompaniyalariga xatlab berilishi mumkin.

Toshkentdagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan Abu Sahiy savdo markazida telefon savdosi tuxtatilgani tadbirkorlarning bunday havotirlarini kuchaytirdi.

Abu Sahiy savdo markazi bosh direktorining yordamchisi Jasur Yoqubov mobil telefonlarning sotuvda yo‘qligini izohlashga urindi.

- 10 kundan beri sotilmaydi. Tadbirkorlar olib kelishmagan, sotishmayapti. Tadbirkorlarimiz o‘zi sotishadi. Nimani olib kelsa, shuni sotadi. Tadbirkorlarning o‘zining xohishi-da. Masalan¸ mobil telefonlar o‘zi ko‘p ham bo‘lmagan. Ishlatilgan telefonlarni sotgan bo‘lishi mumkin o‘zimizda. Hozir ular ham yo‘q, dedi Jasur Yoqubov.

Abu Sahiyda ishlovchi tadbirkorlar mobil telefonlarni yashirincha sotishga o‘tib olgan, deydi Ozodlik iltimosiga binoan bozorni aylangan ammo ismi oshkor etilishini istamagan manba‘.

Bozorda sotilayotgan mobil telefonlarining aksari bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tib mamlakatga kiritilgani bois ularning narhi arzonroq, ammo aynan shu bois hukumat telefonlar savdosini "tartibga solish" niyatida.

Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi mobil telefonlar do‘koni xodimasi mobil kompaniyalari telefonlar savdosini o‘zlariga olayotgani bois do‘konni yopishga majbur bo‘lgani haqida gapirdi.

- Biz hozir mobil telefonlari sotmayapmiz. Chunki, mobil telefonlarni rastamojka qiladigan bo‘lsak, eng sodda mobil telefonning narhi 800-900 ming so‘mga yetib qoladi. Eshitishimizcha mobil telefonlar savdosi bilan uyali aloqa operatorlari shug‘ullanadi. Buning yaxshi tomoni O‘zbekistonga Xitoyning emas, balki Finlyandiyaning toza mollari keladi. Ammo telefonlar narhi ko‘tarilib ketadi, dedi do‘kon xodimasi.

Ammo hozircha Toshkentda qo‘ltelefonlar savdosini davom ettirayotgan do‘konlar talaygina. Toshkentdagi Hello Mobile do‘koni shulardan biri. Ammo telefonlarning savdosi uyali aloqa operatorlariga o‘tib ketishi haqidagi gaplar ularning qo‘log‘iga ham chalinmoqda.

- Telefonlarni faqat mobil aloqa operatorlari sotishi haqida eshitganman, deydi do‘kon xodimi.

O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlaridan hozircha bu borada jo‘yali javob olishning imkoni bo‘lmadi.

RWS (sobiq Perfectum Mobile) mobil kompaniyasi xodimi qo‘l telefonlari erkin savdosi to‘xtatilganidan bexabarligini aytdi.

- Sotish faqat mobil operatorlariga o‘tkazilishi haqida eshitmaganman, bizda atigi besh xildagi telefonlar sotiladi, yonimizdagi do‘konda assortiment ko‘proq, dedi RWS xodimi.

MTS (sobiq Uzdunrobita) kompaniyasi xodimi ayni paytda kompaniyada mobil telefonlari sotilmayotgani, biroq sotish rejasi borligini aytdi.

- Biz telefon sotmaymiz. Hali sotmayapmiz biz. Unaqa gap yo‘q. bundan bu yog‘iga agar aparatlar kelsa, MTSning o‘zining nomerlarini sotamiz. Bunday holat Rossiyada bor, hozircha bizda yo‘q, dedi MTS xodimi.

UzMobile kompaniyasi xodimi esa, kompaniya mijozlarini o‘zi telefon bilan ta‘minlashini bildirdi.

Toshkentda mobil telefonlar eng ko‘p Navoiy ko‘chasidagi elekt-jihozlar yarmarkasida sotilgan edi. Joriy oy o‘rtasida Navoiydagi ushbu do‘konlar yer bilan yakson qilindi. Ularning ayrimlari sobiq "Malika" tikuv fabrikasiga ko‘chirilgani ma‘lum. Yangi savdo majmuasining 10 apreldan boshlab ish boshlashi kutilmoqda.

Navoiy yarmarkasida telefonlar bilan savdo qilgan tadbirkorlardan biri Ozodlik radiosiga anonim tarzda o‘zining bundan buyon telefonlar bilan shug‘ullanmasligini aytdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda beshta uyali aloqa operatori faoliyat ko‘rsatmoqda. Telefonlar savdosining ular qo‘liga o‘tishi rost bo‘lsa, bu kompaniyalar va ular ortidagi shaxslarga mo‘maygina qo‘shimcha daromad olib keladi.
XS
SM
MD
LG