Линклар

logo-print

Moskva meri muhojirlarni legallashtirmoqchi


Rossiya hukumati joriy qilgan kvotalar markaziy-osiyolik mardikorlarning aksarini qonundan tashqariga chiqarib qo‘ygan.

Rossiya hukumati joriy qilgan kvotalar markaziy-osiyolik mardikorlarning aksarini qonundan tashqariga chiqarib qo‘ygan.

Moskva meri Sergey Sobyanin poytaxtda mehnat qilayotgan, lekin aksar ko‘pchiligi noqonuniy maqomga ega muhojirlarni legallashtirish tashabbusi bilan chiqdi.

Shanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida mehnat muhojirlarining qonunlarni buzmasdan mehnat qila olishi uchun ajratilgan kvotalarni ko‘paytirish, kelgusida esa, ularni umuman bekor qilish kerak, dedi Sobyanin.
Moskva Meri Sergey Sobyanin shanba kuni jurnalistlar bilan bo‘lgan bir yarim soatlik muloqoti chog‘ida noqonuniy migratsiya bilan bog‘liq muammoni hal etishning yangicha usulini taklif etdi. Shahar hokimi Rossiya poytaxtiga mehnat qilgani kelayotganlarga ajratilayotgan kvotalarni ko‘paytirish, keyinchalik esa mutlaqo bekor qilish g‘oyasini ilgari surdi.
- Bugungi kunda (Moskvaga kelayotganlar uchun) yiliga 200 ming kvota ajratilmoqda, ilgari esa 500 ming kishiga ajratilar edi. Biz migrantlar kvotalarini kamaytirmasdan aksincha, ularni qaydga olishni osonlashtirish uchun ko‘paytishimiz zarur,- dedi Sergey Sobyanin.
Moskva merining fikriga ko‘ra, mehnat muhojirlariga kvotalarni ajratish tizimining joriy etilgani tufayli ular mutlaqo huquqsiz qatlamga aylanib qolgan, bundan tashqari migrantlardan tushadigan soliq miqdori kamayib bormoqda.
Moskva shahar Dumasining Qonunchilik bo‘yicha qo‘mita raisi Aleksandr Semennikovga ko‘ra Rossiya jamiyatida migrantlar masalasida ikkita qarama-qarshi fikr shakllangan. Ozodlik bilan suhbatda Sobyaninning bu tashabbusiga hukumat rasmiylari orasida qarshi chiquvchilar ham talaygina, deydi u.
- Bu yana uzoq cho‘ziladi, chunki migrantlar bilan bog‘liq vaziyatning o‘zi ziddiyatli. Masalaga bir taraflama yondoshishning o‘zi xavfli. Bir tomondan rivojlanib borayotgan sanoat, qurilish qo‘shimcha ishchi kuchini talab etmoqda, ikkinchi tomondan esa rossiyaliklar orasida migrantlar sonining keskin oshib ketishiga qarshi, ko‘pincha o‘rinli norozilik ko‘chaymoqda. Shuning uchun Sobyaninning bu taklifini shahar Dumasi har taraflama o‘rganib chiqishga harakat qiladi va kvotalarni kamaytirish yoki bekor qilish xulolasini chiqarishdan oldin barcha tomonlarning argumentlarini o‘rganib chiqadi,- deydi Moskva shahar Dumasining Qonunchilik bo‘yicha qo‘mita raisi Aleksandr Semennikov.
Shahar kengashi vakilining aytishicha, bugungi kunda migratsiya masalasida hukumat tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dasturlar amalga oshirilmoqda.
Rossiya mehnat migrantlari kasaba uyushmasi Markaziy qo‘mitasi yuristi Komil Dilmurodovning Ozodlikka aytishicha, Moskvada mehnat muhojirlariga ajratilayotgan kvotalar sonining kamaytirilishi horijlik ishchilarning normal yashashi va mehnat qilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
- Men kvotalar bekor qilinishi tarafdoriman, chunki hatto Federal migratsiya xizmati umuman kvotalarni bekor qilish tashabbusi bilan chiqmoqda. Lekin hozircha turli vazirlik va davlat idoralari mutahassislari o‘rtasida muhokamalar bormoqda. Gap shundaki, joriy yil boshidan Rossiya poytaxtida jadallik bilan moliyaviy inqiroz davrida muzlatilgan qurilish proyektlari tiklanmoqda, o‘sib borayotgan sanoatga arzon ishchi kuchi talab etilmoqda. Ayrim manbalardan olingan xabarga ko‘ra, 2012 yildan boshlab mamlakatda kvotalar bekor qilinishi mumkin,- deydi Komil Dilmurodov.
Rossiya mehnat migrantlari kasaba uyushmasi xodimining so‘zlariga ko‘ra, kvotalarning bekor qilinishiga hozircha Mehnat va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi mutassadilari qarshi chiqmoqda.
Xalqaro Valyuta jamg‘armasi tarqatgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga yiliga 12 million mehnat muhojiri keladi. Federal migratsiya xizmati esa Rossiyada 5 million migrant borligini rasman tan olgan.
2011 yilda Rossiyaga 1,75 million kishiga ajratilgan mehnat kvotasidan 200 mingtasi poytaxt Moskvaga berilgan.
XS
SM
MD
LG