Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:13

“Ustoz” sanatoriysida qariyb o‘n kishi ovqatdan zaharlandi


2014 yilda Jizzaxdagi "PRIM" restoranida ham 160 kishi ovqatdan zaharlanib, kasalxonaga yotqzilgan edi
2014 yilda Jizzaxdagi "PRIM" restoranida ham 160 kishi ovqatdan zaharlanib, kasalxonaga yotqzilgan edi

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan “Ustoz” sanatoriysining qariyb o‘n nafar dam oluvchisi 23 mart kuni ovqatdan zaharlandi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan dam oluvchilarga ko‘ra, ko‘pchilik odam ovqat go‘shti hidlangani sababli uni tanovul qilmagan va zaharlanishdan saqlanib qolgan. Sanatoriy bosh vrachi zaharlanish holati bo‘lganini inkor qilmoqda.

Oilasi bilan “Ustoz” sanatoriysiga dam olgani kelgan urgutlik Saidkarim Nabievning Ozodlikka aytishicha, odamlarning zaharlanishiga sifatsiz go‘shtdan tayyorlangan taom sabab bo‘lgan:

“22 mart kuni kechqurun makaaronli ovqat berdi, g‘o‘lakli( go‘sht maydaligichdan chiqarilgan -tahririyat) go‘sht berdi. Go‘sht sal hidlangan edi. O‘sha kuni unchalik bilinmadi, hamma ovqatlanib ketdi. Oradan bir o‘tib, 23 mart kuni yana kechki ovqatda shunaqa go‘sht bilan ovqat berdi. Mening stolimda 7 kishi o‘tirardik, bir men ozroq edim, boshqalar emay turib ketdi. Boshqa stollarda ham kimdir edi, kimdir emadi”, deydi Saidkarim Nabiev.

Uning aytishicha, hali oshxonadan chiqmasdan ko‘ngli ayniy boshlagan:

“Oshxonadan chiqqandan bir tashladim. Kechasi bilan ham ichim o‘tdi, ham tinmay qusib chiqdim. Ertalab, tamom holatdan qoldim. Keyin vrachlar kelib, osma ukol qilib, dorilar berdi. Men bilganim, yana besh-olti kishida ham shunday bo‘pti. Bu haqda Oqdaryo tumani sanepidemiologiya markaziga ham xabar berdik. Lekin hech kim kelib tekshirmadi”, dedi pensioner o‘qituvchi.

Saidkarim Nabievga ko‘ra, dam oluvchilar janjal qilganidan so‘ng, sanatoriy oshpazi ishdan haydalgan:

“Ertasi kuni mijozlar janjal qilishganidan so‘ng majlis qilishib, kechirim so‘rashdi va oshpazni ishdan haydaganini aytishdi. Biror joyga shikoyat qilmasin deb, bosti-bosti qilishdi. Kasallarni shu erning o‘zida davolashyapti. Men ham bugun oyoqqa turdim”, dedi Saidkarim Nabiev.

“Ustoz” sanatoriysining bosh shifokori Habib Qarshiev Ozodlik bilan suhbatda dam oluvchilarning ovqatdan zaharlanganini inkor qildi.

“Ustoz” sanatoriysi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga qarashli bo‘lib, 150 dan ortiq mijozning dam olib, davolanishiga mo‘ljallangan. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining kurortlar boshqarmasi mulozimiga ko‘ra, shu paytga qadar boshqa sanatoriyalarda tez-tez kuzatiladigan zaharlanish yoki shunga o‘xshash noxushliklar “Ustoz” sihatgohida kuzatilmagan.

“Hozircha qo‘limizda zaharlanish yuzasidan to‘liq ma’lumotnomalar yo‘q. Lekin vaziyatdan xabarimiz bor. O‘sha yerda sanitariya epidemiologiya mutaxassislari vaziyatni o‘rganmoqda. Bizga ham zaharlanish go‘shtning sifatsizligidan kelib chiqqan deyishdi” deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining kurortlar boshqarmasi mulozimi.

“Ozodlik”ning ommaviy zaharlanish borasidagi so‘rovini Oqdaryo tumani prokuraturasi javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG