Линклар

Moskva viloyatida deportatsiya lageri quriladi


Rossiya rasmiylari uchun mehnat muhojirlarini deportatsiya qilish bilan bog‘liq muammo dolzarb bo‘lib qolganga o‘xshaydi.

Rossiya rasmiylari uchun mehnat muhojirlarini deportatsiya qilish bilan bog‘liq muammo dolzarb bo‘lib qolganga o‘xshaydi.

Moskva viloyatida deportatsiya qilinayotgan horijliklarni vaqtinchalik saqlash izolyatori quriladi. Hozirda Moskva viloyatida migrantlarni vaqtinchalik saqlash muassasalari yo‘qligi aytilmoqda.

Moskva viloyatida Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan muhojirlarni vaqtinchalik saqlash izolyatori quriladi. Moskva viloyati Mintaqaviy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i muovini Vasiliy Afanasevning muassasa qurilishiga federal byudjetdan katta miqdorda mablag‘ sarflanadi.

"Bu yo‘nalishda harakat davom etmoqda. 200 kishiga mo‘ljallangan maxsus muassasa qurilishiga 250-300 million rubl ajratilishi ko‘zda tutilgan" – dedi Vasiliy Afanasev.

Moskva viloyati prokurori Aleksandr Anikin bir necha oy avval viloyatda migrantlarni deportatsiya qilishdan avval saqlaydigan izolyatorlar yo‘qligini ta‘kidlagan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Moskva viloyati IIBsi balansida Serpuxov okrugida joylashgan deportatsiya qilinayotgan shaxslarni vaqtinchalik saqlash uchun xizmat qiladigan yagona muassasa mavjud.

Afanasev muhojirlarga mo‘ljallangan bu bino 2006 yilda qurilishi rejalangani, ammo moliyaviy sabablarga ko‘ra qurilish ishlari qoldirib kelinganini ta‘kidladi.

"Migratsiya – 21 asr" jamg‘armasi prezidenti, Rossiya Federal migratsiya xizmati direktorining sobiq muovini Vyacheslav Postavnin Ozodlik bilan suhbatda hukumatning qarorini ijobiy baholasa-da, Moskvadek yirik megapolisga 200 kishilik deportatsiya lagerining qurilishi masalani hal eta olmasligini gapiradi.

- Bu doimo muammo bo‘lib kelgan. Yaqingacha muhojirlar IVS – vaqtinchalik saqlash izolatorlarida saqlab kelingan. Axir bu qamoqxonaku! Vaholanki deportatsiya qilish uchun mo‘ljallangan muassasa mutlaqo boshqa narsa. Albatta, bunday muassasalar bo‘lishi kerak, lekin u yerda million kishini saqlaymiz deyishning o‘zi axmoqlik. 200 kishiga sarflanayotgan mablag‘ shuncha bo‘lsa, qolganini gapirmasa ham bo‘ladi, deydi Vyacheslav Postavnin.

Moskvadagi Siyosiy qochqinlar jamiyati prezidenti Bahrom Hamroyev Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan muhojirlarni vaqtinchalik saqlash muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanish. Uning aytishicha, Rossiya hukumati mehnat migrantlarni Moskva shahri va Moskva viloyatidan siqib chiqarmoqda.

- Umuman Moskva bo‘yicha ikkita spespriyomnik mavjud. Bittasi Sevyerniy ko‘chasida, unga O‘rta osiy, Ukraina, umuman MDH davlatlaridan ushlangan muhojirlar yuboriladi. Yana bir spespriyomnik G‘arb, arab mamlakatlaridan kelganlarga mo‘ljallangan. Albatta, Rossiya o‘zining siyosati orqali migrantlarga keskin choralarni ko‘radi, chunki migrantlarga qarshi agitatsiya qilishi, migrantlardan doimo nolib gapirishi kelajakda mehnat migrantlariga qarshi harakatlar tayyorlanayapti. 300 million rublga qurilayotgan bu bino repressiv bino bo‘ladi. Rossiya qonunchiligi migrantlarga qonunlarni bo‘zmasdan ishlashga imkon bermaydi, deydi Bahrom Hamroyev.

“Memorial” tashkiloti faoli bugungi kunda ham deportatsiya qilinayotgan horijlik migrantlar deportatsiya lagerlarida deyarli qamoq muddatini o‘tab chiqayotganini aytadi.

- Ular qarindosh urug‘laridan pul yig‘ib o‘zlari chiqib ketishadi. Bu doimiy muammoga aylangan. 5-6, hatto 8 oylab turgan O‘zbekiston fuqarolari bor. Ular kasal bo‘lsa meditsina yordami ko‘rsatilmaydi... Bu umuman inson huquqlariga to‘g‘ri kelmaydi, deydi Bahrom Hamroyev.

Moskvadagi “Boshpana huquqi” loyihasi rahbari Yelena Ryabinina Moskvada deportatsiya qilinayotganlar uchun sharoitlar chidasa bo‘ladigan darajada, mintaqalarda esa, mutlaqo sharoitlar yo‘qligini gapiradi.

- Moskvadagi Sevyerniy biroz durust bo‘lsada, qolgan joylardagi sharoitlar yo‘qligi tufayli odamlar IIBning sharoiti yo‘q maxsus priyomniklarida saqlanmoqda. Axir u yerda yosh bolali ayollar, o‘smirlar ham saqlanadi. Rossiya Ma‘muriy Kodeksida deportatsiya qilinayotgan shaxs uchun asosiy jazo sifatida jarima ko‘rsatilgan, badarg‘a qilish esa qo‘shimcha chora ekanligi belgilangan, deydi Yelena Ryabinina.

Ommaviy axborot vositilaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida horijlik fuqarolarni vaqtinchalik saqlash muassasalari Rossiyaning Yakutiya, Voronej, Nikolayev mintaqalarida ham ishga tushirilgan.
XS
SM
MD
LG