Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:41

NATO O‘zbekistonni aylanib o‘tmoqchi


Yevropa mamlakatlari O‘zbekiston temir yo‘llaridan foydalanmagan holda Afg‘onistonga yuk yetkazib berishning muqobil yo‘llarini qidirmoqdalar.
Bu haqda Temir yo‘llar hamdo‘stligi tashkiloti qo‘mitasining raisi Tadeush Shozda bildirdi.

Tarkibiga 27 mamlakat kiruvchi mazkur tashkilot temir yo‘llari bosh direktorlarining 18 aprel kuni Dushanbe shahrida boshlangan anjumani 22 aprelgacha davom etishi kutilmoqda.

REGNUM axborot agentligining Tadeush Shozda so‘zlariga tayangan holda ma‘lum qilishicha, so‘nggi yilda Yevropa mamlakatlari O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga yuk yetkazib berishda muammolarga duch kelgan, shuning uchun ham ular yuk yetkazishning muqobil yo‘llarini qidirmoqdalar.

Temir yo‘llar hamdo‘stligi tashkiloti qo‘mitasining raisi bundan buyon NATO yuklari Turkmaniston hududi orqali tashilishi mumkinligini ham qistirib o‘tdi.

Shozdaga ko‘ra, yuk tashish bilan bog‘liq muammolar 21 aprel kuni Temir yo‘llar hamdo‘stligi tashkiloti bosh direktorlarining Dushanbeda o‘tkazilajak majlisida ko‘rib chiqiladi.

Majlisda Rossiya, Ukraina, Mo‘g‘uliston, Latviya, Eron, Germaniya, Polsha, Litva, Fransiya, Estoniya, Vyetnam, Ozarbayjon, Vyengriya, Belorussiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Koreya temir yo‘llari bosh direktorlari va vakillari qatnashishi kutilmoqda.

Asnoda Tojikiston temir yo‘llari mas‘ullarining ma‘lum qilishlaricha, 2010 yilda Tojikiston orqali Afg‘onistonga 161 ming tonna yuk tashilgan. Bu yuklarning asosiy qismi koalitsiya kuchlari uchun aviayonilg‘idan iborat bo‘lgani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning davlatga qarashli temir yo‘l shirkati 1 fevraldan boshlab Afg‘onistondagi AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlari uchun mo‘ljallangan yuklar uchun belgilangan tarifni oshirgandi.

Ayni paytda Tojikiston Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining bu mamlakatga o‘tkazilayotgan tranzit yuklari uchun temir yo‘l tariflarini pasaytirish haqidagi taklifini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 18 aprel kuni Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Nizomiddin Zohidov bildirdi.

- Afg‘onistonlik hamkasblarimiz murojaatnomasini o‘rganganimizdan keyin bu borada xat tayyorlab, o‘rganib chiqish uchun respublika hukumatiga yubordik. Umid qilamanki, mazkur masala, bizning Afg‘oniston bilan bo‘lgan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarimizni hisobga olgan holda, ijobiy hal etiladi, - dedi Nizomiddin Zohidov.

Eslatamiz, aprel oyi boshida Tojikiston temir yo‘llari Afg‘onistonga o‘tkazilayotgan yuklar uchun tarifni 60 foizga oshirgandi. Afg‘oniston shirkatlari va ularning tojikistonlik hamkorlari tranzit narxlari oshirilishi ortidan Afg‘onistonga o‘tkazilajak yuk hajmi ham sezilarli darajada qisqarishidan ogohlantirgandilar.
XS
SM
MD
LG