Линклар

Шошилинч хабар
01 май 2024, Тошкент вақти: 03:55

Navoiy va Samarqandga sel keldi. Paxtachida sel yangi ko‘prikni yuvib ketdi (VIDEO)


Paxtachida qulagan ko‘prik. Telegram / @PaxtachiZiyovuddin_news.
Paxtachida qulagan ko‘prik. Telegram / @PaxtachiZiyovuddin_news.

O‘zbekistonning ayrim hududlarida 28 - mart kuni yoqqan kuchli jala oqibatida sel yurdi. Seldan Samarqand viloyati tumanlari ko‘proq zarar ko‘rgani rasmiylar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan aytilmoqda. Navoiy viloyatida esa hokimiyat rasman "jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q"ligini bildirdi.

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Paxtachi, Qo‘shrabot tumanlarida sel keltirgan zarar haqida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab xabarlar paydo bo‘ldi. Jumladan, sel oqibatida Paxtachi tumanida kuni-kecha ishga tushirilgan yangi ko‘prik qulagani aks etgan suratlar tarqaldi.

Paxtachi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rasman bu xabarni tasdiqladi.

“Paxtachi tumanining asosiy ko‘chalaridan biri 4 K 560 "Boltali - Bog‘oloni - Ziyovuddin" avtomobil yo‘lining 12-13 kmlari oralig‘idagi zovur ko‘prigi katta talofat ko‘rdi. Shu sababli ushbu ko‘prikdan avtomobillar, hamda piyodalarning ham o‘tishi taqiqlanadi”,-deyiladi rasmiy xabarda.

Paxtachi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bundan tashqari 4 R 185 "M-37 avtomobil yo‘lidan Qarnabota qishlog‘iga kirish, 4 N 533 "Xumor-Po‘latchi-Jag‘alboy", 4 R 52 va 4 K 561 "Quyiboq Paxta zavodi-Shag‘al zavodiga kirish" avtomobil yo‘llari ham tabiiy ofatdan zarar ko‘rganligi sababli yopilganligini ma’lum qilgan.

Kattaqo‘rg‘on tumanida esa Oltinsoy, Jarboshi, Moybuloq qishloqlaridagi uy-joylarni suv bosgani xabar qilindi. Lekin hozircha rasman qancha uy suv ostida qolgani, sel oqibatida qancha zarar ko‘rilgani ma’lum emas.

Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘ondagi sel yuzasidan tarqatilgan ma’lumotlarda aytilishicha, suv avtomashinalarni ham oqizib ketgan.

Ayni paytda Samarqand viloyat hokimiyati va Favqulodda holatlar vazirligi sel yuzasidan rasman ma’lumot bermadi.

Navoiy viloyat hokimiyati matbuot xizmati esa 28 - mart kuni viloyatning ayrim tumanlarida ertalab soat 9:20dan 9:35gacha sel yurgani haqida rasmiy xabar tarqatdi. Unda aytilishicha: “sel oqibatida hech kim jabrlanganlar va halok bo‘lmagan”.

Aytilishicha, Karmana tumanida 21 ta hovliga, Xatirchi tumanida 15 hovliga suv kirgan va Navoiy shahri markaziy dehqon bozori hududida suv to‘plangan. Sel oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalaridan 14 ta texnika va 72 nafar shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Avvalroq Buxoro shahrida 28 - mart kuni yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida shahar ko‘chalari va uy-joylar yana suvga to‘lgani bildirilgandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Buxoro viloyat boshqarmasining bildirishicha, Yong‘in - qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi va texnikalari Buxoro shahar Istiqlol, Shoxrud, M.G‘ofur ko‘chalaridagi ichki yo‘llarda to‘planib qolgan yomg‘ir suvlarini olib tashladi.

XS
SM
MD
LG