Линклар

Navoiy buyum bozori yonib kul bo‘ldi


Bozordagi savdo rastalaridan qolgani¸ bir uyum axlat va kul bo‘ldi¸ deyishmoqda guvohlar.

Bozordagi savdo rastalaridan qolgani¸ bir uyum axlat va kul bo‘ldi¸ deyishmoqda guvohlar.

Navoiy markazidagi kiyim-kechak va buyum bozorining yonib kul bo‘lgani xabari Ozodlikka 1 aprel kuni yetib keldi.

"6 martdan 7 martga o‘tar kechasi Navoiy shahridagi katta buyum bozorida 180 dan ziyod katta-kichik magazinlar yonib kulga aylandi. Savdo xodimlarining taxminicha¸ 1500000000 dan ziyod moddiy talafot yetgan. 3 kishi yurak xurushidan vafot etdi. Ayrimlar 60-70milionlik narsalaridan ayrildi. Nega bu xabar Ozodlikka yetib bormadi¸ hayronman."

Bu xabar Ozodlikning elektron pochta qutisiga 1 aprel kuni keldi va biz darhol uning tafsilotlarini o‘rganishga kirishdik.

Ismi sir qolishini so‘ragan navoiylik tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha, bu bozorda 150 dan ortiq do‘kon bo‘lgan. 8 mart bayrami arafasida barcha do‘kondorlar savdo uchun juda ko‘p mol olib kelgan. Biroq, yarim tunda chiqqan yong‘in, yelimdan yasalgan va bir-biriga juda yaqin qurilgan do‘konlarni bir zumda kulini ko‘kka sovurgan:

- Butunlay yonib ketgan. Hech narsa qolmagan. Hammasi jabr ko‘rgan. Biror narsa qolmadi. Metallargacha erib ketdi. U yerga pojarniylar kiradigan yo‘llar bo‘lmagan. Hamma narsa kul bo‘lib ketdi. Odamlarga juda jabr bo‘ldi. Odamlar bayram oldidan deb tovarlarni olib kelib qo‘ygan. Pullari ham bo‘lgan bechoralarning. 100-200 milliongacha tovarlar, pullar yongan, deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir tutilishini so‘ragan navoiylik tadbirkor.

Navoiy markazidagi buyum bozori yaqinidagi xonadonlardan birida yashovchi Svyeta ismli ayol Ozodlik bilan suhbatda 7 martga o‘tar kechasi qattiq baqir-chaqirlardan uyg‘onib ketganini aytadi:

- Juda yomon bo‘ldi, birdaniga hamma tomon yorishib, qasira-qusur tovushlar chiqa boshladi. Hamma ko‘chaga chiqdi. Bir zumdan keyin pojarniylar keldi. Biroq ular ham hech narsa qila olmadi.Olov bir zumda butun bozorni qoplab oldi, deydi Svyeta.

Suhbatdoshga ko‘ra, juda ko‘p mol- mulkidan ajralgan kamida ikki nafar tadbirkor yurak xurujidan vafot etgan:

- Katta pul yo‘qotganlar bolnitsaga tushgan. 20-30 kishini ertalab tez yordam olib ketgan. Ikki savdogar bolnitsada vafot etgan. Molidan ajralgandan keyin, endi ko‘p narsani yo‘qotdi-ku, 100-150 millionlik tovarni birdan yo‘qotgandan keyin, yomon bo‘lgan-da, deydi navoiylik tadbirkor.

Ayni paytda Navoiydagi buyum bozori direktori ustidan jinoiy ish qo‘zg‘algani aytilmoqda.

Ozodlik manbalarining aytishicha, bozorga o‘t ketishi ortida ikki sababdan biri bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Birinchisi, elektr tizimidagi nosozlikdan yong‘in kelib chiqishi va ikkinchisi¸ qasddan o‘t qo‘yish.

Navoiy shahridagi buyum bozorining kuyib ketgani haqidagi xabar tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri shahar va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi¸ prokuraturasi va hokimligiga sim qoqdi. Uchala idora rasmiylari bu borada biror tayinli gap aytish o‘rniga¸ Ozodlikni o‘z oralarida "koptok" qilishdi.

Ichki ishlar boshqarmasi hokimlikka¸ hokimlik prokuraturaga¸ prokuratura qaytarib yana Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilishni maslahat berdi.

Ichki ishlar boshqarmasi navbatchisidan olingan yagona ma‘lumot¸ yong‘in yuzasidan uchala tizim rasmiylaridan iborat maxsus Ishchi guruh tuzilgani bo‘ldi¸ xolos.

Navoiy buyum bozorida savdo qilgan tadbirkorlar¸ ular yaqinlari va yong‘in tafsilotlaridan xabardor shaxslar bu voqeaga oid faktlarni Ozodlikka yuborishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG