Линклар

Nazarboyev yana g‘olib


3 aprel kungi saylovlarni boykot qilishga chaqirgan qozoq muxolifati mamlakatning turli joylariga mana shunday tashviqot varaqalarini yopishtirib ketgandi.

3 aprel kungi saylovlarni boykot qilishga chaqirgan qozoq muxolifati mamlakatning turli joylariga mana shunday tashviqot varaqalarini yopishtirib ketgandi.

Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi ma‘lumotlariga ko‘ra, yakshanba kungi saylovda Nursulton Nazarboyev 95,5 foiz ovoz yiqqan.

3 aprel kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari dastlabki natijalarini e‘lon qilgan Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi raisi Quandiq Turg‘anqulov unda amaldagi davlat rahbari Nursulton Nazarboyev g‘alaba qozonganini bildirdi.

- Hozirgi paytgacha saylovchilar bergan ovoz quyidagicha taqsimlandi: Jambil Axmetbekov uchun saylovchilarning 1,4 foizi, Mels Yeleusizov uchun 1,2 foizi, G‘ani Qosimov uchun 1,9 foizi, Nursulton Nazarboyev uchun esa 95,5 foizi ovoz berdi, - dedi dushanba kuni o‘tkazilgan brifing chog‘ida Quandiq Turg‘anqulov.

Markaziy saylov komissiyasiga hududiy saylov komissiyalaridan hali ham protokollar kelib turganini qayd etgan rais Turg‘anqulov muddatdan avvalgi prezidentlik saylovlari natijalarini 9 apreldan kechikmay e‘lon qilinishini aytdi.

Kecha tunda Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi raisi prezidentlik saylovlarida saylovchilarning 90 foizi qatnashganini bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, muddatidan ikki yil avval o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 4 nomzod - amaldagi prezident Nursulton Nazarboyev, Qozog‘iston Kommunistik xalq partiyasi raisi Jambil Axmetbekov, Vatanparvarlar partiyasi yetakchisi, senator G‘ani Qosimov va “Tabig‘at” jamoatchilik harakati rahbari Mels Yeleusizovlar ishtirok etdi.

Ayni paytda bu nomzodlar qozongan ovozlar bo‘yicha ExitPoll natijalari ham MSK ma‘lumotlaridan ko‘p farq qilmaydi.

Qozog‘iston sotsiologlari va siyosatshunoslari assotsiatsiyasi prezidenti Baxitjamal Bekturganova saylov kuni o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari bo‘yicha Nursulton Nazarboyev 94,8 foiz, G‘ani Qosimov 2,7 foiz, Jambil Axmetbekov 1,57 foiz, Mels Yeleusizov 1,44 foiz ovoz olganini aytdi.

- Intervyuyerlarimiz Qozog‘istonning 14 viloyati, Ostona va Olmaota shaharlaridagi saylov uchastkalarida bo‘lishdi. So‘rov 100 mingdan ziyod saylovchi orasida o‘tkazildi, - dedi Baxitjamal Bekturganova.

Yakshanba kuni o‘zkazilgan saylovni, ma‘lumotlarga ko‘ra, YeXHTdan 357 nafar, MDHdan 426 nafar, ShHTdan 13 nafar, boshqa to‘rt xalqaro tashkilotdan 100 nafar va 25 davlat vakili bo‘lmish 163 nafar kuzatuvchi kuzatib borgan.

Bu tashkilotlar vakillarining Qozog‘istondagi navbatdan tashqari saylovlar haqidagi xulosalari bugun e‘lon qilinishi kutilmoqda.

Xalqaro kuzatuvchilar Qozog‘istonda shu paytgacha o‘tkazilgan birorta saylovni erkin va adolatli, deb baholamagan.

Ayni paytda qozoq muxolifat vakillari fuqarolarni 20 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Nazarboyevning prezidentlik muddatini yana 5 yilga uzaytiradigan bu galgi saylovni boykot qilishga chaqirgan.
XS
SM
MD
LG