Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:46

Iroq kuchlari Mosul aeroportini "Islom davlati" jangarilaridan ozod qilish uchun jang boshladi


23 fevral kuni Iroqning terrorizmga qarshi kurashuvchi askarlari shiddatli janglardan keyin jangarilar boshqaruvidagi G‘azloniy bazasiga yetib bordi. 2017y., 23 fevral.
23 fevral kuni Iroqning terrorizmga qarshi kurashuvchi askarlari shiddatli janglardan keyin jangarilar boshqaruvidagi G‘azloniy bazasiga yetib bordi. 2017y., 23 fevral.

Mosul shahrining “Islom davlati” jangarilari qo‘lida qolayotgan hududlarini ozod etish uchun kurashayotgan Iroq kuchlari shahar janubidagi aerportni zabt etish uchun amaliyotni boshlab yubordi.

23 fevral kuni mamlakat rasmiylari terrorizmga qarshi kurashuvchi bo‘linma askarlari shiddatli janglardan keyin jangarilar boshqaruvidagi G‘azloniy bazasiga yetib borganini bildirdi.

Mazkur amaliyotning asosiy maqsadi Mosul aerportini ozod etishdir.

Avvalroq Iroq kuchlari AQSh etakchiligidagi xalqaro koalitsiya ko‘magi bilan Mosul shahrining g‘arbiy qismini ozod etish amaliyotini boshlagan edi. Iroq rasmiylarining bildirishicha, 19 fevraldan beri 120 kvadrat kilometr hudud jangarilar changalidan ozod qilingan.

Rasmiylarga ko‘ra, hukumat askarlari yaqin kunlarda g‘arbiy Mosulga kirib borishi mumkin bo‘ladi.

20 fevral kuni AQSh rasmiylari shaharda taqriban 2000 “Islom davlati” jangarisi borligini bildirdi. AQSh maxsus amaliyotlar kuchlari ayrim Iroq qo‘shinlariga bevosita yordam bermoqda. Bundan tashqari, minglab amerikalik askar Iroq kuchlariga moddiy va texnik yordam ko‘rsatmoqda.

Hozirda Iroqning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Mosulda 750 ming oddiy fuqaro bor.

19 fevral kuni televidenie orqali chiqish qilgan Iroq bosh vaziri Haydar al-Abodiy Iroq harbiylari Mosul shahrining “Islom davlati” ekstermist guruhi qo‘lida bo‘lgan g‘arbiy qismini ishg‘ol qilishni boshlaganini ma’lum qilgan edi.

Reuters xabar agentligi 19 fevral kuni kechgacha Iroq kuchlari tezkorlik bilan bilan bir necha qishloqni zabt etgani haqida xabar berdi.

Harbiylar elektr toki ishlab chiqarish stansiyasi qo‘lga olinganini hamda bir necha jangari o‘ldirilganini bildirishdi.

Tahlilchilar Mosulning g‘arbiy qismini jangarilardan tortib olish oson bo‘lmasligini aytishmoqda.

20 fevral kuni AQSh mudofaa vaziri amaliyotni yaqindan kuzatish uchun Jeyms Mettis Iroqqa avval e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi.

Mettis tashrifini Bag‘dodda Iroq yetakchilarini AQSh prezidenti Donald Trampning saylov kampaniyasi davomida qilgan va’dalari haqida xavotir olmaslikka chaqirishdan boshladi. Tramp o‘z kampaniyasi davomida AQSh Iroqqa ko‘rsatgan harbiy yordam evaziga mamlakatdagi neft zahiralarini “olib ketishini” va’da qilgan edi.

Mettis AQSh Iroqqa “hech kimning neftini olish uchun kelmaganini” ta’kidladi.

Iroq kuchlari o‘tgan yilning oktabr oyida AQSh havo hujumlari, shia jangchilar hamda kurd peshmerga qo‘shinlari ko‘magi bilan shaharni ozod etish amaliyotini boshlagan edi. “Islom davlati” yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy 2014 yil Mosulda turib Iroq va Suriyani o‘z ichiga olgan xalifalik e’lon qilgan edi.

Ammo “Islom davlati” jangarilari kutilgandan ham ko‘priq qarshilik ko‘rsatdi. Iroq kuchlari bir necha hafta deganda shaharning sharqiy qismini ozod etishga muvaffaq bo‘ldi.

Jangari guruh ko‘plab vahshiyona jinoyatlarni sodir etishda ayblangan va Yevropa hamda boshqa mintaqalardagi yirik terrorchilik harakatlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Ayni paytda bu guruh Roqqa shahrini Suriyadagi poytaxti, deb biladi. Bu shahar ham ayni paytda AQSh vositachiligidagi kuchlarning qurshovida qolmoqda.

XS
SM
MD
LG