Линклар

logo-print

Obama rejasi O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?


Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etganidan keyin mintaqadagi vaziyat qanday kechishi hukumatlar ixtiyorida, demoqda tahlilchilar.

Xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etganidan keyin mintaqadagi vaziyat qanday kechishi hukumatlar ixtiyorida, demoqda tahlilchilar.

AQSh Prezidenti Barak Obama kelasi bir yarim yil ichida Afg‘onistondagi Amerika qo‘shinlarining uchdan bir qismi olib chiqilishini e‘lon qildi. Chorshanba kuni qilgan chiqishida Obama AQSh va uning NATO bo‘yicha ittifoqchilari Al-Qoidani tor-mor etish va Tolibon harakati xurujlari ko‘lamini kamaytirish maqsadiga erishganini ta‘kidladi. Obamaning qo‘shinlarni olib chiqish rejalari Oq uy ma‘muriyatidan Amerikaning ichki muammolari bilan shug‘ullanishni talab qilayotgan amerikaliklarni qoniqtirishi mumkindir, lekin hamon beqaror qolayotgan Afg‘onistonga bevosita chegardosh mamlakatlar, xususan O‘zbekiston uchun bu nimani anglatishi mumkin?

Amerika Afg‘onistonda Al-Qoida va Tolibonni mag‘lub etish maqsadiga erishganini ta‘kidlagan prezident Barak Obama joriy yil oxiriga qadar amerikalik 10 ming askar, kelasi yil esa 23 ming askar uyiga qaytishini e‘lon qildi. Bu AQSh qo‘shinlari umumiy sonining 30 foiziga yaqinini tashkil qiladi.

Obama chorshanba kuni Oq uyda qilgan chiqishida Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlarni olib chiqa olishiga koalitsiya kuchlarining janggarilarni zaiflashtira olgani va Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari iqtidori oshirilgani tufayli imkon tug‘ilganini ta‘kidladi.

- Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari soni 100 mingdan oshdi va ba‘zi viloyat va shaharlarda allaqachon xavfsizlik uchun mas‘uliyatni Afg‘oniston xalqiga topshira boshladik. Zo‘ravonlik va tahdidlarga qaramasdan, afg‘onistonliklar o‘z mamlakati uchun kurashmoqda va jonini bermoqda, mahalliy politsiya kuchlari faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda, bozor va maktablarni ochmoqda, ayol va qizlarga yangi imkoniyatlarni yaratmoqda va o‘nlab yillar davom etgan urush sahifasini yopishga harakat qilmoqda, dedi AQSh prezidenti.

Obama Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish va ularning sonini ko‘paytirish mamlakatdagi xavfsizlik mas‘uliyatini 2014 yilgacha to‘laligicha mahalliy kuchlar zimmasiga o‘tkazish va bosqichma-bosqich AQSh qo‘shinlarining barchasini olib chiqish maqsadini amalga oshirishga imkon berishini qo‘shimcha qildi.

Oq uy rahbarining askarlarni uyga qatarish rejalari amerikaliklarning hukumatdan mamlakat ichki muammolari, xususan iqtisodiy inqirozga kattaroq e‘tibor qaratish talablari kuchayayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Ayni paytda harbiy tahlilchilar Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatilishi haqida gapirish hali erta ekani va xalqaro koalitsiya kuchlari mamalakatdan chiqib ketganidan keyin Afg‘onistonga bevosita chegardosh mamlakatlar qiyin ahvolda qolishi mumkin, degan fikrlarni ilgari surmoqda.

Rossiyadagi “Yejenedelniy jurnal” nashrining harbiy sharhlovchisi Aleksandr Gols Obama e‘lon qilgan 2014 yilgacha xavfsizlik ma‘suliyatini to‘laligicha Afg‘oniston qo‘shinlariga o‘tkazish maqsadini amalga oshirish mushkul bo‘lishini aytadi. Bu holda, deydi harbiy tahlilchi, birinchi navbatda ektremistik kayfiyatlarning urchishiga shart-sharoitlar yaratayotgan Afg‘onistonning avtoritar qo‘shnilari qiyin ahvolda qoladi.

- Amerikaliklar va NATO Afg‘onistondan chiqib ketsa, Tolibonning qayta hokimiyatga kelishini bashorat qilish qiyin emas. Bu vaziyatda ekstremistik Islom deb ataluvchi fenomen O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ko‘chishini taxmin qilish mumkin. Chunki o‘sha radikal Islom zaif avtoritar rejimlar hukm surgan mamlakatlarda paydo bo‘ladi. U bilan kurashishning asosiy uslubi esa, qashshoqlik bilan kurashishdir. Bu hukumatlar esa, o‘z mamlakatlarida avj olgan ijtimoiy tengsizlik va shu kabi muammolarni hal etish istagida, deb aytish qiyin, deydi tahlilchi A. Gols.

Obama Afg‘onistonda jiddiy yutuqlarga erishilayotgani va qo‘shinlarni olib chiqish to‘la mas‘uliyatni his etgan holda amalga oshirilishini ta‘kidlaganiga qaramasdan, Afg‘onistonning xavfsiz va o‘zini eplay oladigan mamlakatga aylanishiga, ayniqsa Amerika jamoatchiligida jiddiy shubhalar bor.

Obamaning o‘zi ham Afg‘onistonni “mukammal makonga” aylantirish maqsad qilib qo‘yilgani yo‘q, deya ta‘kidlashi jamoatchilik orasida bunday kayfiyatning kuchliligiga yana bir dalil bo‘ldi.

- Biz Afg‘onistonda mukammal makon yaratishga harakat qilmaymiz. Biz bu mamlakat ko‘chalari va tog‘larini umrbod nazorat qilish niyatida emasmiz. Bu Afg‘oniston hukumatining vazifasi va bu hukumat o‘z xalqini himoya qilish va urush belgilab bergan iqtisodini barqaror tinchlikni ta‘minlay oladigan iqtisod tomon burish iqtidorini namoyish qilishi zarur, dedi Obama.

Berlindagi Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Jorj Marshall markazi tahlichlisi Nik Pratt Qo‘shma Shtatlar o‘n yil davomida prezident Hamid Karzay hukumatiga boshqaruv tizimidagi korrupsiyani yengishga yordam berib kelgani va Afg‘oniston hukumati bu imkoniyatdan amalda foydalanayotganini namoyish qilishi fursati kelganini aytadi.

- Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini prezident belgilab bergan muddat ichida olib chiqadi. Bu kutilganidan ham tezroq ro‘y berishi mumkin. Undan keyin nima bo‘lishi to‘laligicha Afg‘oniston hukumatiga bog‘liq bo‘ladi. Endi ular istaydimi yo‘qmi, bir narsaga erishini istasa, g‘aflatdan uyg‘onib, 21 asrga kirishlari lozim bo‘ladi, deydi N. Pratt.

Afg‘onistondan horij qo‘shinlarining olib chiqilishi O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ekstremizm va terrorchilikning oshishiga turtki bo‘lishi mumkinmi yo‘qmi, bu ham to‘laligicha mintaqa mamlakatlari hukumatlarining ixtiyoridadir deydi tahlilchi. Xususan, O‘zbekiston haqida gap ketadigan bo‘lsa, g‘arbda tajriba orttirgan o‘zbek mutaxassislari mamlakatni taraqqiy etgan davlatlariga qo‘shishni istaydimi, yo mamlakatning ortga ketishiga qo‘l qovushtirib qarab turadimi, degan savolga javob berishlari kerak, deya xulosa qiladi N. Pratt.

- Masalan, men ishlaydigan Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Jorj Marshall institutida o‘zbekistonlik mutaxassislarni 1993 yildan beri o‘qitib, ular bilan tajriba almashib kelmoqdamiz. Bu vaqt ichida juda ko‘plab o‘zbeklar bu yerda o‘qidi. Ularning hammasi oliy ma‘lumotli va bu yerdan ko‘p narsani o‘rganib ketdi. Endi ularning ham o‘z muammolariga e‘tibor qaratib, ularni o‘zlari hal qiladigan vaqt keldi. Buning uchun nima qilish kreakligi ular yaxshi biladi. Ular Afg‘oniston xalqi keyingi bir necha o‘n yillik davomida boshdan kechirgan turmush tarzini istaydimi, yo xalqaro hamjamiyatga qo‘shilib o‘sish yo‘lini tunlaydimi, bu haqda o‘zlari qaror berishlari lozim. Albatta, terrorchilik va ekstremizm ko‘lami oshadi, deyish oson. Lekin terrorchilik va ektremizm faqatgina mintaqa xalqlari muammoga ko‘z yumib, uning keskinlashini istasagina oshadi, deydi Berlindagi Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Jorj Marshall markazi tahlichlisi N. Pratt.
XS
SM
MD
LG