Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:02

Obama: Usama o'ldi, ammo aksilterror urushi tugamadi!


1 may kuni oqshom kechki soat 7 da e‘lon qilingan xabarni eshitiboq, Usoma bin Lodin o‘ldirilganini bayram qilishga oshiqqan amerikaliklar ko‘chaga chiqdi.
1 may kuni oqshom kechki soat 7 da e‘lon qilingan xabarni eshitiboq, Usoma bin Lodin o‘ldirilganini bayram qilishga oshiqqan amerikaliklar ko‘chaga chiqdi.
11 sentabr voqealaridan 10 yil o‘tib, AQShga qarshi terror hujumiga mas‘ul ko‘rilgan Usama bin Ladin o‘ldirildi.

11 sentabr kuni Nyu-York shahridagi egizak binolarga uyushtirilgan terror xurujidan so‘ng Usama bin Ladin nomi dunyo bo‘ylab tilga tushgan, uni mahv qilishga qaratilgan “aksil-terror urushi” esa 21 asr hukumatlarining birinchi darajali vazifasiga aylangan edi.

Ana shu voqeadan qariyb 10 yil o‘tib, AQSh prezidenti Barak Obama 1 may kuni oqshom Al-Qoyda harakatining asoschisi va yetakchisi Usama bin Ladin o‘zining Pokistondagi Abbotobot shahridagi yashirin manzilidan topilgani hamda o‘ldirilganini ma‘lum qildi.

- Bu oqshom men Amerika xalqi va dunyo ahliga AQSh kuchlari Al-Qoyda yetakchisi va minglab begunoh erkaklar, ayollar hamda go‘daklar o‘limiga mas‘ul bo‘lgan Usama bin Ladin o‘ldirilgan amaliyotni o‘tkazdi, deya e‘lon qildi AQSh prezidenti Barak Obama.

Barak Obamaning Usama bin Ladin o'limi bo'yicha nutqi:



G‘arbda Usama bin Ladinni birinchi raqamli dushman, deb hisoblashardi.

Shuningdek, Islom olamida ham bin Ladin begunoh odamlar o‘limi, shu jumladan, Al-Qoyda janggarilari o‘tkazgan terror hujumlarida qurbon bo‘lgan begunoh musulmonlarning o‘limida ham ayblanib, qoralangan edi.

Ayrim musulmon davlatlarda u o‘zining zo‘ravonlikka asoslangan jihodiy maqsadlari yo‘lida tinchlikparvar bo‘lgan Islom diniga xiyonatda ayblangan.

Ayni paytda Usama bin Ladinning harakatini quvvatlagan, uning AQSh va ba‘zi arab davlatlari kofir, degan qarashlarini ma‘qullab, unga ergashganlar ham oz bo‘lmadi.

Bin Ladin 1957 yilda Saudiya Arabistonining Riyod shahrida, boy oilada tug‘ilgan. U otasi — Muhammad bin Ladinning o‘ninchi rafiqasidan tug‘ilgan yolg‘iz o‘g‘il edi.

Ota-onasi Usama tug‘ilishidan biroz o‘tiboq ajrashgan. 10 yoshida Usamaning otasi Saudiya Arabistonida sodir bo‘lgan samolyot falokatida nobud bo‘lgan.

Saudiyadagi dunyoviy maktabda o‘qigan va keyinchalik Qirol Abdulaziz univyersitetida iqtisod hamda biznes yo‘nalishida tahsil olgan bin Ladin Islom dinining vahhobiylik aqidalari bilan ulg‘aydi.

1979 yilda kollejni yakunlagach, u Falastindagi sunniy teolog Abdulloh A‘zam harakatiga qo‘shilib, sobiq SSSR ning Afg‘onistondagi kurashiga qarshi chiqdi va buning uchun Pokistonning Peshavorida qisqa muddat yashadi.

1984 yilda bin Ladin va A‘zam dunyodagi hayrihohlarni jalb qilish, ularni Afg‘onistondagi urushda ishtirok etishga tayyorlash maqsadiga qaratilgan Maktab al-Hadamat nomli guruhni ta‘sis etdi.

1988 yilda bu guruhdan Al-Qoyda harakati o‘sib chiqdi.

1990 yillarda Iroqning sobiq yetakchisi Saddam Husayn Quvaytga kirganida va Saudiya qirolligiga tahdid solganida, Usama Saudiya qiroliga o‘z ko‘magini taklif qildi. Biroq, qirol uning taklifini rad etdi.

So‘ngra AQSh yordami bilan Iroq Quvaytdan chiqarilgan kezda Usama bin Ladin Saudiya Arabistonini AQShga qaram, deya qoraladi va shundan so‘ng uning harakati G‘arb, xususan, AQShga g‘animlik pozitsiyasiga o‘tdi.

1990 yilda Nyu-York shahrida yahudiy ravvini Martin David Xananga suiqasd bo‘ldi. 1992 yil dekabrda Yamanning Aden shahridagi AQSh askarlari turgani taxmin qilingan Gold Mihor Hotelga hujum bo‘ldi. 1993 yilda Nyu Yorkdagi Jahon Savdo markaziga uyushtirilgan terror hujumining oldi olindi.

Bu hujumlarning barchasi ortida Usama bin Ladin va uning Al-Qoyda nomli tarmog‘i turgani ta‘kidlanadi.

bu voqealardan so‘ng bin Ladin Saudiya Arabistoni quvildi va 1992 yilgacha Sudanda yashadi. Keyinchalik u Sudandan ham quvildi va 1996 yilda Afg‘onistonga o‘tdi.

U yerda esa Usama Toliblar bilan mustahkam aloqa o‘rnatdi.

Keyinchalik uning terror tarmog‘i 224 odam hayotiga zomin bo‘lgan Keniya va Tanzaniyadagi AQSh elchixonalariga nisbatan eng yirik terror hujumlarini amalga oshirdi.

2001 yilda 11 sentabr xurujlari amalga oshirildi va faqat 2004 yilga kelib Usama bin Ladin bu hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi.

11 sentabr voqealaridan so‘ng AQSh va NATO qo‘shinlari yetakchiligida Al-Qoydaga qarshi qaratilgan global aksil-terror urushi boshlandi. Afg‘oniston va Iroqqa qo‘shin kiritildi.

AQSh prezidenti Jorj Bush boshlab bergan aksil-terror urushi boshlanganidan o‘n yil o‘tib, Usama bin Ladin yillar davomida unga tuzoq qo‘yilgan Pokiston va Afg‘oniston chegarasidagi qabilalar nazorati ostida bo‘lgan hududdan emas, balki Islomoboddan 60 kilometr narida bo‘lgan va anchagina zamonaviy, qariyb 1 million aholi yashaydigan shaharning qoq markazidan topildi.

Shu paytgacha olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, AQSh qo‘shinlari Pokiston maxfiy xizmatlari hamkorligida 1 mayni kuni harbiy operatsiya o‘tkazib, Usama bin Ladinni yo‘q qilgan.

AQSh kuchlari Usama bin Ladin jasadini olib ketgan va undan olingan DNK na‘munalari uning birinchi raqamli terrorchiga tegishli ekanini tasdiqlagan.

Aytilishicha, prezident Obama mart va aprel oylarida Al-Qoida yetakchisini yo‘q qilish operatsiyasini rejalashtirish bo‘yicha xavfsizlik kengashining bir nechta majlisida shaxsan ishtirok etgan. O‘tgan juma kuni Obama operatsiyani o‘tkazish uchun "yashil chiroq" bergan.

Barak Obama bu tafsilotlarni oshkor qilib, AQSh televideniyesi orqali qilgan murojaatidan so‘ng G‘arbning birinchi raqamli dushmani, deb qaralgan terrorchining o‘limini bayram qilgan amerikaliklar Oq Uy, Time Square va AQSh Mudofaa vazirligi binosi oldiga yig‘ildilar.

AQSh bayrog‘ini ko‘targan odamlar shu bilan terrorga qarshi urush tugaganiga umid qilmoqda.

Ammo, prezident Barak Obama bu bilan terrorga qarshi urush tugamagani, aksincha, bundan buyon yanada ehtiyotkorlikni oshirish zarur ekanini alohida uqdirdi.

- Bin Ladinning o‘ldirilishi mamlakatimizning Al-Qoidani yo‘q qilishga qaratilgan urinishlarida shu paytgacha erishgan eng katta yutug‘i bo‘ldi. Biroq uning o‘limi bu urinishlarimiz yakunlanganini anglatmaydi. Al-Qoida bizga qarshi hujumlarni uyushtirish harakatlarini davom ettirishiga shubha yo‘q. Biz mamlakat ichkarisi va tashqarisida harakatlarimizni davom ettirishimiz shart va davom ettiramiz, - dedi AQSh prezidenti Barak Obama.

Shu bilan birga AQSh prezidenti yana bir bor bu kurash Islom diniga emas, balki insoniyatga qarshi jinoyat sodir etayotgan terrorchilarga qarshi qaratilganini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG