Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:21

Maktablardagi ingliz tili o‘qituvchilarining 10,5% imtihondan o‘ta olmadi


O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovning vazirlik rasmiy veb nashriga aytishicha, mamlakat umumta’lim maktablaridagi ingliz tilidan ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning 10 foizdan ko‘prog‘i professional malaka imtihonidan o‘ta olmagan.

Bu ko‘rsatkich, O‘zbekiston bo‘ylab mavjud 20 mingdan ko‘proq ingliz tili o‘qituvchilarining bilim darajasi va professional mahoratini tekshiruvdan o‘tkazish paytida ma’lum bo‘lgan.

Ulug‘bek Inoyatovning aytishicha, tekshiruvdan o‘ta olmagan 2860 nafar o‘qituvchining navbatdan tashqari malaka oshirish kurslaridan o‘tishi rejalashtirilgan.

O‘qish, yozish, tinglash va grammatika

3–12 yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab ingliz tili o‘qituvchilarining ingliz tilini bilish darajasi tekshirildi.

Ular test markazlarida British Council idorasining ingliz tili bo‘yicha IELTS test imtihonlarini topshirganlar.

Toshkent shahar Uchtepa tumani o‘rta maktablaridan birida ingliz tilidan dars berayotgan yosh o‘qituvchiga ko‘ra, test markazlarida o‘qituvchilardan "o‘qish, yozish, tinglash va grammatika bo‘yicha test olingan".

"Yanvarda bo‘ldi. Selxozda test bo‘ldi. Avval ingliz tilidagi matnni o‘qib eshittirishdi, biz ikki marta tingladik. Keyin xuddi o‘sha matn bo‘yicha 20 ta savolga javob berdik. Keyin insho yozdirishdi, keyin inglizcha tekst o‘qidik va grammatikadan savollarga javob berdik," dedi u.

Unga ko‘ra, imtihondan o‘ta olmagan o‘qituvchilar hozirda haftasiga bir marta o‘quv markazlariga borib, ingliz tilidan ta’lim olishmoqda.

"Imtihondan o‘tmaganlar mart oyidan boshlab har juma kuni test markazlariga borib o‘qishadi. Yozda yana imtihon topshirishadi," - dedi yosh o‘qituvchi.

Ingliz tiliga ishtiyoq

Sobiq prezident Islom Karimov tomonidan 2012 yil dekabrida imzolangan qarorga muvofiq, O‘zbekistonda ingliz tili umumta’lim maktablarining birinchi sinfidan boshlab o‘rgatiladi.

Mazkur qarordan “…o‘sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o‘qitish, shu tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda buning negizida, ularning jahon tsivilizatsiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko‘lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishlari uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish...” maqsadi ko‘zlangan.

Ingliz tiliga e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan qaror ortidan ingliz tili O‘zbekistondagi barcha o‘quv yurtlarida eng ko‘p talaba qabul qilinadigan sohaga aylandi.

Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 2016 yilda oliy o‘quv yurtlarda 2450 abiturient ingliz tili fakulьtetlariga o‘qishga kirdi.

Bundan Sovet Ittifoqi paytida millatlararo muloqot tili hisoblangan rus tiliga e’tibor inglizchaga nisbatan to‘rt baravardan ko‘proqqa ozayib ketganini ko‘rish mumkin: rus tili va adabiyoti fakultetlariga o‘qishga 530 o‘rin ajratilgan, xolos.

Olmaliq shahar o‘rta maktablaridan birining o‘qituvchisi ingliz tili rus tili o‘rnini "asta-sekinlik bilan" egallab borayotganini aytdi.

- Ingliz tiliga talab kuchli. Oldin hamma bolasini rus tiliga bergan bo‘lsa, endi inglizchaga berishayapti. Chunki qiziqish katta, - dedi ingliz tili o‘qituvchisi.

Biroq, Ozodlik suhbatlashgan ingliz tili o‘qituvchilariga ko‘ra, o‘rta maktablarda ingliz tili darsliklari yetishmayotir.

Ingliz tili o‘qituvchilariga ko‘proq maosh

Ular ingliz tili o‘qituvchilari maoshlari boshqa o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq ekanini ham ilova qilishdi.

O‘zbekiston sobiq prezidenti qarori 7 bandi bu borada jumladan shunday deyilgan:

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligining chet tillar o‘qituvchilari va muallimlariga qonun hujjatlari bilan belgilangan rag‘batlantiriluvchi to‘lovlar va qo‘shimchalarni hisoblashda, ularning lavozim maoshlari tarkibiga kiritgan holda qishloq joylarda joylashgan ta’lim muassasalarida ularning tarif stavkalariga 30 foiz va boshqa ta’lim muassasalarida 15 foiz stavkalari miqdoridagi har oydagi qo‘shimchalar qo‘shib berishni belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin”.

XS
SM
MD
LG