Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:48

Ozarbayjon prezidenti rafiqasini vitse-prezident etib tayinladi


Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev turmush o‘rtog‘i Mehribon Alievani Ozarbayjonning birinchi vitse-prezidenti etib tayinladi. Ozarbayjon qonunlariga ko‘ra, agar prezident vafot etsa yoki o‘z faoliyatini davom ettira olmaydigan ahvolga tushsa, uning vazifalari aynan birinchi vitse-prezident zimmasiga yuklatiladi.

Alievning o‘z rafiqasini mazkur lavozimga tayinlash bo‘yicha buyrug‘i prezidentning rasmiy saytida 21 fevral kuni paydo bo‘ldi.

Birinchi vitse-prezident hamda ikkita ikkinchi vitse-prezident lavozimlari mamlakatda 2016 yilning sentabr oyida o‘tkazilgan referendum asosida yaratilgan edi.

Yangi konstitutsiya bo‘yicha prezidentga biror nima bo‘lgan taqdirda uning vakolatlari birinchi vitse-prezidentga o‘tadi. Eski konstitutsiya bo‘yicha bunday hollarda prezident vazifalari bosh vazirga yuklatilgan bo‘lar edi.

Muxolifatchilar hamda faollar referendum Aliev vakolatlarini yanada kengaytirganini aytib keladilar.

Aliev neft zahiralariga boy bo‘lgan Ozarbayjonga 2003 yildan beri yetakchilik qilib keladi. Undan avval esa mamlakatni otasi Haydar Aliev boshqargan.

52 yoshga to‘lgan Mehribon Alieva Yangi Ozarbayjon partiyasi yetakchisining o‘rinbosari hamda “Haydar Aliev jamg‘armasi”ning direktoridir. 1993 yilda Ozarbayjon prezidenti kursisiga o‘tirgan Haydar Aliev o‘g‘lini prezident etib tayinlaganidan ikki oy o‘tib vafot etgan.

Inson huquqlari guruhlari hamda G‘arb davlatlari hukumatlari Ilhom Alievni muxolifatchilar, inson huquqlari faollari va jurnalistlarni siquvga olishda ayblab keladi.

Aliev esa bu ayblovlarni rad etib keladi.

Ozodlik radiosining Ozarbayjondagi jurnalisti Xadicha Ismoilova 21 fevral kuni Mehribon Alieva mazkur lavozimga tayinlanishidan oldin bir necha odamni politsiya qo‘lga olgani haqida yozdi.

Ismoilova bir necha muxolifatchi faol bir oyga qamalgani, buning sababi Alievning yangi qarori bo‘yicha namoyishlar uyushtirilishi oldini olish ekanligini taxmin qilish mumkinligi haqida yozdi.

Eslatib o‘tamiz, Ismoilova moliyaviy jionoyatlarga qo‘l urishda aybdor topilib, 2015-2016 yillarda 17 oy qamoqda qoldi. Ismoilova va uni qo‘llovchilar uning qamalishini Aliev va uning yaqinlari qo‘l urgan korruptsiya haqida jurnalistik surishtiruv olib borgani uchun siyosiy jazo o‘laroq baholashdi.

XS
SM
MD
LG