Линклар

O‘lmagan singil uchun 22 ming dollar


Qirg‘iziston ijtimoiy himoya vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, shu kungacha O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealarda halok bo‘lgan 360 kishining yaqinlari davlatdan 1 million so‘mdan xun puli olgan.

Qirg‘iziston ijtimoiy himoya vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, shu kungacha O‘sh va Jaloloboddagi qonli voqealarda halok bo‘lgan 360 kishining yaqinlari davlatdan 1 million so‘mdan xun puli olgan.

O‘shda o‘tgan yilgi qirg‘inda singlisi o‘lganini ro‘kach qilib, qalbaki hujjat asosida 1 million so‘m xun pulini olgan Aynura Jo‘qo‘yeva qo‘lga olindi.

Bu borada Ozodlikka Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nurlan To‘qtaliyev ma‘lum qildi.

- O‘zgan tumanida istiqomat qiluvchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro Aynura Jo‘qo‘yeva 2011 yil iyun oyida hujjatlarni qalbakilashtirish orqali O‘zgan tuman ijtimoiy himoya boshqarmasidan go‘yoki iyun voqealarida vafot etgan singlisi To‘qtaqan Jo‘qo‘yeva uchun 1 million so‘m miqdorida yordam puli olgan. Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida To‘qtaqan Jo‘qo‘yevaning tirik ekani va turmush o‘rtog‘i bilan Qorasuv tumanining Boshbuloq qishlog‘ida yashirin tarzda istiqomat qilayotgani aniqlandi, - dedi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nurlan To‘qtaliyev.

Unga ko‘ra, 2010 yilning 10 avgustida o‘tkazilgan tergov ishlari paytida 40 yoshli Aynura Jo‘qo‘yeva o‘lgan odamlarning surati orasida go‘yo o‘z singlisi To‘qto‘qan Jo‘qo‘yevani tanigan va bu holat rasmiy bayonnomada qayd etilgan. So‘ngra To‘qto‘qan Jo‘qo‘yeva o‘limi yuzasidan O‘sh shahar prokuraturasi tomonidan jinoiy ish ochilgan. To‘qto‘qan Jo‘qo‘yevaning jasadi deb taxmin qilingan murda esa boshqa vafot etgan odamlar qatorida O‘sh shahrida ko‘milgan.

- Shu bois Qirg‘iziston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi O‘sh viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda 2011 yil 18 iyulida Qirg‘iziston Respublikasi Jinoiy kodeksining 166-moddasi 3-qismida ko‘zda tutilgan jinoyat - tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘adi. Aynura Jo‘qo‘yeva qo‘lga olindi. U hozirda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining O‘sh shahridagi tergov izolyatorida saqlanmoqda, - dedi Nurlan To‘qtaliyev.

Qirg‘iz hukumati shu yilning 10 may kuni qabul qilgan 204-sonli qaroriga ko‘ra, o‘tgan yil iyun oyida O‘sh va Jalolobodda qurbon bo‘lganlarning oila a‘zolariga 1 million so‘m yoki shu kundagi kurs bo‘yicha 22200 AQSh dollaridan ortiqroq xun puli to‘lanadigan bo‘lgandi.

Shuningdek, mazkur qarorga muvofiq, iyun voqealari chog‘ida bedarak yo‘qolganlarning yaqinlariga ham 1 million so‘m miqdorida moddiy ko‘mak beriladi.

Bundan tashqari, qirg‘in kunlari og‘ir tan jarohati olganlarga 100 ming so‘m, yengil tan jarohati olganlarga 50 ming so‘mdan tovon puli ham to‘lashga qaror qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilgi O‘sh qirg‘inida 400 dan ortiq odam halok bo‘lgan, halok bo‘lganlarning 106 nafari qirg‘iz, 3 nafari boshqa millat vakillari, 276 nafari esa o‘zbeklardir.

Biz O‘sh qirg‘inida halok bo‘lgan va jarohatlangan odamlardan qanchasi bugungi kunda hukumat tomonidan ajratilgan xun va tovon pullarini olganligi to‘g‘risida ma‘lumot olish uchun Qirg‘iziston ijtimoiy himoya vazirligi bilan bog‘landik:

- Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bizga halok bo‘lgan 397 odamning ro‘yxati kelgan. Bugungi kunda ulardan 360 oila 360 million so‘m miqdorida moddiy ko‘mak oldi. Ichki ishlar vazirligidan bizga bedarak yo‘qolgan 34 odamning ro‘yxati kelgan. Bulardan bugungi kunda 26 oila 1 million so‘mdan moddiy ko‘mak olishdi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan jarohatlangan 1406 odamning ro‘yxati kelgan. Bulardan 695 odam 40 million 900 ming so‘m miqdorida moddiy ko‘mak olgan, - dedi vazirlik qoshidagi ijtimoiy ta‘minot bo‘limi boshlig‘i Dinara O‘ro‘zbekova.

Unga ko‘ra, O‘sh qirg‘inida halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan shaxslarning moddiy ko‘mak ololmagan yaqinlari Qirg‘iziston hukumatining 2011 yil 4 mayidagi qaroriga asosan viloyat davlat ma‘muriyatlarida tuzilgan maxsus komissiyaga tegishli hujjatlar topshirishi mumkin. Mazkur komissiya yordam pulining berilishi yoki berilmasligi masalasini ko‘rib chiqadi.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG