Линклар

Olmaliqda buxanka non taqchillashdi


Guvohlarga ko‘ra, Olmaliqda buxanka non taqchillashgani ortidan xususiy nonvoylar yopadigan obi nonning narxi ham ko‘tarilib ketgan.

Guvohlarga ko‘ra, Olmaliqda buxanka non taqchillashgani ortidan xususiy nonvoylar yopadigan obi nonning narxi ham ko‘tarilib ketgan.

Mahalliy aholi vakillari buni un importida paydo bo‘lgan muammolar bilan bog‘lamoqda.

Olmaliq shahrida yashovchi Vyera ismli suhbatdoshga ko‘ra, Olmaliqda non do‘konlarida tanqislik bir necha haftadan buyon davom etmoqda.

- Do‘konlarda non yo‘q. Bor-u, uni odamlar juda tez sotib olishayapti. Faqat olibsotarlarda, bozorda bor. Do‘konda 400 so‘m bo‘lgan buxanka non olibsotarlarda 500 so‘m. Sifatida haqida gapiradigan bo‘lsam, hatto do‘konlarda ham sifatsiz, tez ushoqlanib ketadigan nonlar ko‘paygan. Nonvoylar yopadigan obi nonlar 500 so‘mdan 800 so‘mgacha ko‘tarilgan. Yuqori sifatli unda qilingan buxanka bo‘lsa, 600 so‘mga olasiz. Odamlar aytishayaptiki, chegara yopiq emish. Shu uchun unni olib kelish uzilishlar bo‘layapti. Shu boisdan non tanqisligi bor, deyishayapti, - dedi olmaliqlik Vyera.

Olmaliq shahrida non tanqisligi sezilayotganini shahar hokimligi iqtisodiyot bo‘limining xodimasi ham tasdiqladi:

- Un olib kelishimiz bu oyda kechikib ketdi. Respublikadan taqsimotni kech berdi. Endi mana hozir, 20 maydan oldin u yerdan hal bo‘lmadi-da. Un taqsimoti, fond taqsimoti kech bo‘lib ketdi. Endi hozir oldik. Endi unni mahallaga tarqatadi. Lekin non yopadigan tashkilotlarimiz ko‘p, un fondi kam, yetmaydi. 15 tonnani bir haftaga yetmay kombinat ado qilib bo‘ldi, yana un so‘rayapti. Bizning sharoitimiz yo‘q, - deydi Olmaliq shahar hokimligi mutaxassisi.

Unga ko‘ra, haqiqatan Olmaliqda non qimmatlagan. Suhbatdoshimiz buning o‘ziga xos sabablari borligini aytadi:

- Endi qimmatlashgani Qo‘yliqdan non olib kelib sotayapti. Aytayapman-ku, mana yarim oygacha un taqsimoti hal bo‘lmaganidan keyin, nonni boshqa joylardan ham olib kelib sotishdi-da, - deydi u.

Olmaliq shahar hokimligi xodimining aytishicha, shahardagi non tanqisligi muammosini faqat Toshkent hal qilishi mumkin:

- Shaharga non yopish uchun 127 ming aholiga 264 tonna un beradi, endi bu to‘liq ta‘minlay olmaydi, yetmayapti. Buni endi faqat respublika fond taqsimoti hal qiladi. Lepeshka non fonddan ajratilgan undan emas, balki bozorda sotib olingan undan yopilgani uchun nonning bu turi bo‘yicha tanqislik sezilmayapti, - deydi Olmaliq hokimligi mutaxassisi.

Biroq Olmaliq shahar iste‘molchilar huquqini himoya qilish jamiyati rahbari Abdivassi Jonqoilov shahar hokimligi xodimi so‘zlarini inkor qildi.

- Yo‘q, hokimliklar aytavyeradi. Unday bo‘lgani yo‘q. Men o‘zim yangi rahbarman, rahbar bo‘lganimdan beri hamma joyda yuribman. Hamma do‘konda buxanka non bor, - dedi Abdivassi Jonqoilov.

Ammo Olmaliq shahri iste‘molchilar huquqini himoya qilish jamiyati rahbari Jonqoilovdan sal oldinroq uning qo‘l ostida ishlaydigan xodimalardan biri olmaliqliklar nondan qiynalayotganlarini e‘tirof etgandi:

- Bizda, Olmaliqda o‘zi non masalasida ko‘p muammo bo‘layapti-da. Keyin narxlari ham oshib ketgan. Bu haqda og‘zaki murojaatlar bo‘lgan, - degandi Olmaliq shahridagi iste‘molchilar huquqini himoya qilish jamiyati xodimasi.

Asnoda non muammosi faqat Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagina kuzatilgani yo‘q. O‘zbekistonlik huquq faoli Dmitriy Tixonovga ko‘ra, avvalroq bunday muammo Olmaliqqa yaqin bo‘lgan Angren shahrida ham kuzatilgan.

- Tushlikka qadar buxanka non sotib olish imkoni bor edi. Tushdan so‘ng esa non sotib olish muammo edi. Kechki paytda faqat xususiy novvoylardan obi non sotib olish mumkin edi, xolos. Ular ham narxni buxanka non yo‘qligida ko‘tarib yuborishdi. Bitta obi non 500 so‘m turgan bo‘lsa, 700 so‘mgacha ko‘tarishdi. 800 so‘mlik non esa, 1000-1200 so‘mgacha chiqib ketdi. Uch hafta davomida nima uchun Angrenda non tanqisligi kuzatilganiga hech kim izoh bera olmayapti. Bir haftadan buyon esa yana non serob bo‘lib qoldi, - dedi angrenlik huquq faoli Dmitriy Tixonov.

"Olmaliq non" hissadorlik jamiyatidan mazkur muammo bo‘yicha javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ayni paytda “Uznews.net” nashrining “O‘zdonmahsulot” hissadorlik jamiyatiga tayangan xolda xabar berishicha, O‘zbekistonda un yetkazib berish bilan muammo yo‘q, Toshkent viloyati esa un bilan to‘liq ta‘minlangan.
XS
SM
MD
LG