Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:00

Oltin rekordlarni urmoqda - Toshkentning oshig‘i olchi


Dushanba kuni jahon bozorida oltin narxi rekord darajadagi 1600 AQSh dollari chegarasidan oshdi.
Oltin narxi odatda qog‘oz pulga bo‘lgan ishonchning kamayishi tufayli qimmatlaydi. 2008 yilda avj olgan moliyaviy bo‘hron oqibatida dunyo iqtisodining ikki asosiy pul birligi – AQSh dollari va yevro o‘zining puturi keta boshlagan nufuzini hamon tiklay olgani yo‘q.
Oltin narxining juma kungi ko‘rsatgichdan 12 dollardan ko‘proqqa qimmatlashishiga Amerika davlat qarzi miqdori va Yevropada davom etayotgan iqtisodiy muammolar sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu bilan joriy yilda oltin 12 foizga qimmatladi.
O‘zbekiston jahondagi oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning o‘nligiga kiradi va ba‘zi taxminlarga ko‘ra mamlakatdagi konlardan yiliga 84 tonna yoki qariyb 3 million unsiya sof oltin qazib olinadi.
Jahon moliyaviy bo‘hronidan avval oltin narxi 750 AQSh dollari atrofida bo‘lgani inobatga olinsa, bugungi vaziyat O‘zbekiston uchun anchayin foydali ekanini taxmin qilish qiyin emas. Iqtisodichilar fikricha bugun O‘zbekiston ichki yalpi maxsulotining salmoqli qismi ham narxi oshib borayotgan oltinga to‘g‘ri keladi.
Bu vaziyat shuningdek O‘zbekiston hukumati keyingi oylarda oltin bilan bog‘liq janjalga aralashganini ham eslashni taqazo qiladi. Bu janjal O‘zbekistonda oltin qazib olish bilan shug‘ullanib kelgan Britaniyaning Oxus Gold shirkati mamlakatdan haydalib, uning mulkini davlat hisobiga musodara qilingani bilan bog‘liq.
O‘zbekiston hukumati bilan tuzgan “Amantaytau Goldfields” qo‘shma korxonasi faoliyati doirasida mamlakat iqtisodiga yotqizgan 400 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoyasi tahlika ostida Oxus Gold shirkati avval rasmiy Toshkentni Xalqaro arbitraj sudiga berdi. So‘nggi chora o‘laroq, ingliz shirkati shu oy boshida bedodlikdan shikoyat qilib, prezident Islom Karimovga ochiq xat yo‘lladi.
Bu tortishuvlarda Oxus Gold manfaatlarini himoya qilayotgan Amsterdam&Peroff advokatlik firmasi xo‘jayini Robert Amsterdam Ozodlik bilan suhbatda, prezident Karimovga yo‘llangan maktub xususida bularni aytdi.
- Hamma narsa prezident idorasidan turib nazorat etiladigan O‘zbekistondagi kabi sharoitda, Karimov idorasining xalqaro sarmoyador bilan bog‘liq bu janjaldan xabardor ekanini bir-ikki emas, balki uch martalab tasdiqlatib olish juda zarurdir. Zotan bu xorij sarmoyasi bilan bog‘liq yirik xalqaro janjallarning navbatdagisi va bu janjalda O‘zbekiston obro‘-e‘tibori qartaga tikilgan.
Oxus Gold shirkati bedodliklardan shikoyat qilib, preziyent Krimovga ochiq xat yo‘llashgacha bordi.
Mening mijozim millionlab dollar sarmoya ëtqizib, yuzlab o‘zbekistonliklarni ish bilan ta‘minlab kelgan yirik va jiddiy sarmoyador va unga nisbatan O‘zbekistonda har qanday qonunlarga zid tarzda muomala qilinmoqda. O‘zbekiston davlat tizimlarining o‘ziga nisbatan qilaëtgan haqsizligi oqibatida Oxus Gold oz emas, ko‘p emas 400 million AQSh dollariga kuyib o‘tiribdi. Bu maktubdan so‘ng O‘zbekiston prezidenti idorasi xalqaro sudda “bu janjaldan xabarimiz yo‘q”, deya olmaydi, deya ta‘kidladi Oxus Gold shirkati advokati Robert Amsterdam.
Mamlakatga 400 million AQSh dollari miqdorida sarmoya qilgan Oxus Gold shirkati mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xorijiy sarmoyador hamdir.
Britaniya shirkati jig‘ibiyron bo‘layotganiga nafaqt 400 million dollarlik sarmoya, balki O‘zbekistonning Markaziy Qizilqumdagi konlarini o‘zlashtirish uchun sarflangan 10 yil va yo‘lga qo‘yilgan infratuzilma va o‘rnatilgan uskunalar ham hissa qo‘shmoqda.
Aksiyalari Londondagi qimmatbaho birjasida aylanadigan bu shirkat O‘zbekistonda 10 yildan oshiq konlarni o‘zlashtirish va oltin qazib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Bundan tashqari O‘zbekiston hukumati 2006 yilda “Amantaytau Goldfields” qo‘shma korxonasidagi ingliz hamkorini soliqdan bo‘yin tovlaganlik aybi bilan sudga bergan edi. O‘shanda amlakatda qolish uchun
Zeromaks bilan majburiy sherikchilikka borgan Oxus Gold Glunroa Karimovga tegishli ekani aytilgan shirkat yopilgach qiyin ahvolda qoldi.
O‘shanda Oxus Gold mamlakatda qolish uchun prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnoraga tegishli ekani aytilgan sobiq Zeromaks shirkatiga 16 foiz aksiyalarni xatlab berishga majbur bo‘lgan edi.
Oradan besh yil o‘tib, shirkat butunlay mamlakatdan chiqarib yuborildi.
2010 yilda Oxus Gold Markaziy Qizilqumdagi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirgan loyihalar tufayli O‘zbekistonda qazib olinadigan oltinning umumiy miqdori hozirgi 3 million unsiyadan 7 million unsiyaga, ya‘ni qariyb 218 tonnaga oshishi kutilayotgan edi.
Bu amalga oshsa, O‘zbekiston oltin qazib oluvchi davlatlar ro‘yxatining 10-pog‘onasidan ikkinchi yoki uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin.
Qimmatbaho qog‘ozlar jahon bozorida vaziyat tahlikali bo‘lib qolayotgani bois, 1600 AQSh dollari qimmatbaho metall uchun hozircha absolyut marra emasligini ham taxmin qilish mumkin.
XS
SM
MD
LG