Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:03

“O‘qigan bilan o‘zbekka ish yo‘q”


2010 yil iyunida yondirib yuborilgan Tolstoy nomidagi maktabni bitirgan 13 nafar o‘quvchidan 7 nafari oliygohga kirishni xayoliga ham keltirayotgani yo‘q.
2010 yil iyunida yondirib yuborilgan Tolstoy nomidagi maktabni bitirgan 13 nafar o‘quvchidan 7 nafari oliygohga kirishni xayoliga ham keltirayotgani yo‘q.
Qirg‘iziston janubida 30 may kuni bo‘lib o‘tgan umumrespublika davlat testlarida o‘zbek o‘quvchilari deyarli ishtirok etmadilar.

O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Narimon qishloq hukumatidagi Cho‘lpon maktabi bitiruvchisi Muhiddin davlat testlarini topshirgan bitiruvchilar orasida o‘zbek bitiruvchilar sanoqli bo‘lganini aytadi:

- Chingiz Aytmatov maktabidan 26 nafar bitiruvchi umumrespublika testini topshirdik. Lekin bizning Narimon qishloq hukumatidagi boshqa o‘zbek maktablari, Sulaymonov nomli maktabdan 2 nafar bitiruvchi, Lunacharskiy maktabidan 2 o‘quvchi, VLKSM maktabidan besh o‘quvchigina qatnashdi, - dedi Muhiddin.

Suhbatdoshimizning aytishicha, u boshqa maktablardan kelgan tengdoshlaridan nega davlat testiga boshqa sinfdoshlari kelmaganini so‘ragan:

- “Baribir qatnashganimiz bilan biz nima bo‘lardik”, deb hammasi bosh tortdi, deyishdi. “Test topshirishning foydasi bor-ku” desak, “Biz katta bo‘lib hech kim bo‘lmaymiz - dehqon bo‘lamiz, dalachi bo‘lamiz. O‘qiganimiz bilan biz o‘zbeklarga ish yo‘q. boshqa millatdagilar ishlashadi”, deb javob berishdi. Qorasuv tumanida o‘zbeklar ko‘p bo‘lishiga qaramay, “Cho‘lpon” maktabiga test topshirgani borganimizda o‘zbek bitiruvchilar juda oz edi, - deydi Muhiddin.

Narimonlik Hikmatillo ham bu yil 11-sinfni tamomladi. Biroq u 30 may kuni bo‘lib o‘tgan umumrespublika davlat testlarini topshirmadi.

- O‘zimning oliy o‘quv yurtida o‘qishga qiziqishim bor-u, bitirganimdan keyin nima ish qilishimga aqlim yetmayapti. O‘qishni bitirgan qancha odam ishsiz yuribdi, masalan, mening akam ham bu yil o‘qishni bitirdi. U ham nima ish qilishiga hayron bo‘lib yuribdi, - deydi Hikmatillo.

Narimondagi Chingiz Aytmatov maktabi direktori Avazbek Xojibuvayevning aytishicha, maktab rahbariyati 10-11 sinf o‘quvchilari orasida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish masalasini keng targ‘ib qiladi, biroq buning samarasi oz bo‘ladi.

Avazbek aka fikricha, so‘nggi yillarda maktab bitiruvchilari orasida oliy o‘quv yurtlarda o‘qishga qiziqish susayishi faqat o‘zbek yoshlari orasida emas, boshqa millat yoshlari orasida ham kuzatilmoqda.

- Respublika bo‘yicha bizning o‘quvchilarda shunday kayfiyat bo‘layapti. O‘quvchilarda o‘qishga qiziqish yildan yilga pasayib borayapti. Ishsizlik, “undan ko‘ra, bir kasb egallasak, savdo-sotiq yoki boshqa bir ish bilan shug‘ullanish amalda yaxshiroq” degan narsa bo‘layapti-da. Saylovlarda ham, biron-bir ishga joylashishda ham yaxshi bilimga nisbatan tanish-bilishchilik, moddiy imkoniyatlar ko‘p rol o‘ynayotganini, millatidan qat‘iy nazar, hamma ko‘rayapti-da. Shu jumladan, o‘zbeklarniki yaqqolroq bo‘layapti, - dedi Avazbek aka.

O‘tgan yilning iyun oyida yondirib yuborilgan Tolstoy nomidagi maktab (bu maktab ham Qorasuv tumaniga qaraydi – tahr.) 11-sinfini bu yil 13 nafar o‘quvchi bitirdi. Ulardan faqat 6 nafari umumrespublika testini topshirgan.

Tolstoy maktabi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha muovini Mirzahamid Hojibulloxunovning aytishicha, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishni istamagan bitiruvchilar orasida hunar egallashga qiziqish katta ekan:

- Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga topshirmagan o‘quvchilarimizdan: “Endi nima qilasizlar, o‘qishga topshirmadingizlar-ku?” deb so‘rasak, kurslar bo‘lar ekan - masalan, kompyuterniy yoki qizlar uchun 6 oylikmi, 1 oylikmi medsestralikka o‘qishlar bo‘lar ekan - “shunaqa kurslarga kiramiz”, deyishadi. O‘g‘il bolalar esa: “Rossiyaga ketamiz” deyishadi, - dedi Mirzahamid Hojibulloxunov.

Ayni paytda mavzu yuzasidan Qorasuv tuman xalq ta‘limi boshqarmasi mas‘ullari bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.
XS
SM
MD
LG