Линклар

O‘sh bo‘yicha Xalqaro komissiya hisobotidan parchalar e‘lon qilindi


O‘tunbayeva yetakchiligidagi muvaqqat hukumat zo‘ravonliklarning oldini olish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi lozim edi, deya xulosa qildi xalqaro komissiya.

O‘tunbayeva yetakchiligidagi muvaqqat hukumat zo‘ravonliklarning oldini olish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi lozim edi, deya xulosa qildi xalqaro komissiya.

Qirg‘izistondagi 24.kg axborot agentligi 25 aprel kuni 2010 yilning iyunida Qirg‘izistonning janubida amalga oshirilgan zo‘ravonliklar sabablarini o‘rganish uchun tuzilgan Mustaqil Xalqaro tadqiqot komissiyasining hali rasman e‘lon qilinmagan hisobotidan parchalar e‘lon qildi.

E‘lon qilgan uzindilar xalqaro mutaxassislar amalga oshirgan tadqiqot umumiy hajmining qancha qismi ekanligi ma‘lum emas.

Biroq ulardan komissiyaning Qirg‘iziston hukumati hamda ba‘zi amaldorlarining fojia kunlaridagi faoliyatiga bergan baholari bilan tanishish mumkinki, ba‘zilarini keltirmoqchimiz.

Xalqaro komissiya Muvaqqat hukumat to‘g‘risida

Komissiya fikricha, “Qirg‘iz Respublikasining muvaqqat hukumati mamlakat janubida millatlararo munosabatlar yomonlashib ketganini yo tan olmadi, yoki yetarli baho bera olmadi...O‘tunbayeva yetakchiligidagi muvaqqat hukumat zo‘ravonliklarning oldini olish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishi lozim edi.”

General Isaqov to‘g‘risida

“Muvaqqat hukumatning Qirg‘iziston janubidagi maxsus vakili general Isaqov O‘sh shahri va O‘sh viloyatida amaliyotlar shtabi hamda xavfsizlik kuchlari ustidan qo‘mondonlikni o‘z zimmasiga oldi. Uning 11 iyun va undan keyingi kunlarda xavfsizlik kuchlari ishtirokining hayotga xavf solmaydigan qurollardan foydalanishni ta‘minlashga qaratilgan qoidalarini belgilashga va aniq buyruqlar berishga noqobilligi yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchilikdir.”

Baqit Alimbekov to‘g‘risida

“O‘sh shahri komendanti Baqit Alimbekov huquq-tartibot organlarini nazorat qilish vakolatidan g‘ayriqonuniy ravishda voz kechib, o‘z vakolatlarini general Isaqovga berib qo‘ydi va tartibni qayta tiklash vaqtida inson huquqlarini hurmat qilishni ta‘minlash yuzasidan majburiyatlarini bajarmadi.”

Qubatbek Baybolov to‘g‘risida

“Jalolobod viloyati komendanti Qubatbek Baybolov Jalolobodda zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun o‘z vakolatlari doirasida barcha choralarni ko‘ra olmadi. Bosh prokuror sifatida voqea kunlari va undan keyin amalga oshirilgan jinoyatlar bo‘yicha tergov va qidiruv ishlari Qirg‘izistonning milliy va xalqaro huquqiy majburiyatlariga binoan o‘tkazilishini ta‘minlay olmadi.”

Melis Mirzaqmatov to‘g‘risida

“O‘sh shahri meri Melis Mirzaqmatovning millatchilik ruhidagi chiqishlari millatlararo taranglikning yumshashiga xizmat qilmadi.”

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Muvaqqat hukumati va ba‘zi amaldorlarining iyun fojeasi kunlaridagi faoliyati to‘g‘risida yuqorida keltirilgan baholar Xalqaro komissiya hisobotining 24.kg agentligi e‘lon qilgan parchalaridan olindi.

Komissiya o‘z hisobotini hali rasman e‘lon qilgani yo‘q.

Tarkibiga 7 olim kirgan xalqaro komissiya iyun voqealari sabablarini o‘rganishni oktabrda boshlagan va yanvar oxirida tadqiqot uchun zarur materiallarni yig‘ib bo‘lgani to‘g‘risida e‘lon qilgan edi.

YeXHT Parlamentlararo assambleyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili, finlyandiyalik diplomat Kimmo Kilyunen yetakchiligidagi komissiya BMT, YeI va YeXHT bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish jarayonida tuzilgan. Lekin tilga olingan uch tashkilotdan birontasi ham mazkur komissiyaga o‘z mandatini bergan emas.

Komissiya faoliyatini Skandinaviya davlatlari, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqa ayrim davlatlar moliyalashtirgan.

Mustaqil xalqaro komissiyaning Qirg‘iziston prezidentiga taqdim etilgan hisoboti martda e‘lon qilinishi kutilgan edi. Keyingi kunlarda, hisobotning rasman e‘lon qilinmayotgani uni rus tiliga tarjima qilish zarurati bilan izohlanayotgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Sultan Qanazarovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga 25 aprel kuni bildirishicha, Komissiya hisoboti u bilan hukumat tanishib chiqib, o‘z javobini yozib bo‘lganidan keyin e‘lon qilinadi.
XS
SM
MD
LG