Линклар

O‘sh merini “tunash” so‘zi cho‘chitdimi?


O‘sh shahar meri Melis Mirzaqmatov iyun voqealari bo‘yicha rasmiy hujjatlarda talonchilikka oid iboralar qo‘llanishiga qarshi ekanini aytadi.

O‘sh shahar meri Melis Mirzaqmatov iyun voqealari bo‘yicha rasmiy hujjatlarda talonchilikka oid iboralar qo‘llanishiga qarshi ekanini aytadi.

Iyun voqealarida jabr ko‘rgan tadbirkorlarga yordam bo‘yicha hukumat nizomidan “o‘t qo‘yish”, “tunash” va “talon-taroj qilish” kabi iboralarni olib tashlash kerak.

O‘sh shahar meri Melis Mirzaqmatov ana shunday fikrda.

Bu mulohazani Mirzaqmatov o‘tgan yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida sodir bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida jabr ko‘rgan tadbirkorlarga moddiy yordam ko‘rsatish masalasi muhokama qilinmish hukumat majlisida bildirdi.

- Bu yerda Ichki ishlar vaziri ham o‘tiribdi. O‘t qo‘yish moddasi bo‘yicha hech kim qo‘lga olinmadi. O‘sh shahri yoki O‘sh viloyatida iyun voqeasidan keyin bironta ham reyderlik holati bo‘lgani yo‘q. Shu sababli nizomdagi “tunash”, “talon-taroj qilish” va “o‘t qo‘yish” degan so‘zlarni olib qo‘ysanglar. Bo‘lmasa, “kim kimning mulkiga o‘t qo‘ydi, qaysi tomon boshladi, kimlar ko‘proq o‘t qo‘ydi?” degan oxiri ko‘rinmas tekshiruvlar bo‘lavyeradi. Oddiygina “jabrlangan” deb umumiylashtirib qo‘ysak bo‘lmaydi? – deya savol tashladi O‘sh shahar meri Melis Mirzaqmatov 16 may kuni Bishkekda o‘tgan hukumat majlisida.

Biroq Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambayev O‘sh merining so‘zlariga e‘tiroz bildirib, iyun voqealari chog‘ida tajovuzkorlik holatlari kuzatilganini tan olish zarurligini aytdi.

Atambayev hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan moddiy yordam vaziyatni izga solib, odamlarda ishonch paydo bo‘lishiga yo‘l ochadi, deb hisoblaydi:

- Biron talotum sodir bo‘lsayoq bosib olish, o‘t qo‘yish, tunashni to‘xtatishi kerak qirg‘iz xalqi. Qanchalik achchiq bo‘lsa ham, bu narsani qabul qilish kerak. Endi bo‘lar ish bo‘ldi-da. Bu yerda faqatgina reyderlik holati yo‘q. Shuning uchun nizomda ham bu borada aytilmagan. Mana shu jabrlanganlarni yaxshilab aniqlab, yordam berishni oxiriga yetkazmasak, bu cho‘zilib ketadigan ish. Negaki, bungacha ko‘pchilik odamlar, ochig‘ini aytaman, “hukumat jabrlanganlar ko‘rgan ziyonni to‘lolmaydi”, deb yurishgandi. Mana, pul topilib, to‘lab bermoqchi bo‘lib turibmiz, - dedi Almazbek Atambayev.

Qayd etish joizki, kechagi hukumat majlisi chog‘ida O‘sh voqealarida jabrlangan tadbirkorlar uchun davlat xazinasidan 450 million so‘m ajratilgani aytildi, biroq bu mablag‘dan o‘shlik tadbirkorlarning barchasi ham birdek foydala olmaydi.

Qirg‘iziston moliya vaziri Uchqun Tashbayev iyun voqealarida jabr ko‘rgan, biroq o‘sha paytgacha noqonuniy tijorat bilan shug‘ullangan tadbirkorlarga yordam puli berilmasligini ma‘lum qildi:

- Ko‘plab tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tmay, soliq to‘lamay, noqonuniy tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. O‘sha tadbirkorlar o‘z vaqtida soliq to‘lagisi kelmay, qochib yurgan. Endi tovon puli olishga kelganda o‘sha odamlar bizneslarini avvalgi muddat bilan ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qilayotgan holatlar ko‘p bo‘layapti. Biroq biz bunday tadbirkorlarga yordam berolmaymiz, - dedi Uchqun Tashbayev.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan nizomda moddiy yordam berilmaydigan tadbirkorlikning turlari aniqlangan. Unda jabr ko‘rgan davlat yoki munutsipal mulkda ulushi bo‘lgan tadbirkorlarga, iyun voqealaridan keyin mulk egasi almashgan ob‘ektlarning xo‘jayinlari va kazino, sauna kabi ko‘ngilochar joylarga moddiy yordam berilmasligi ko‘rsatilgan.

Bungacha O‘sh voqealarida jabr ko‘rgan tadbirkorlar ro‘yxati tuzilgan va 2100 tadbirkor tovon puli olish huquqiga ega bo‘lgandi.

Hukumat nizomiga asosan, 5 ming so‘mdan 50 minggacha ziyon ko‘rgan tadbirkorlarning pullari to‘laligicha to‘lanadi. Bir million so‘mgacha va undan ortiq miqdorda ziyon ko‘rgan ikki toifadagi tadbirkorlarga 50 ming so‘mdan qaytarilmas mablag‘ va 150 ming so‘mgacha yengillatilgan tarzda kredit beriladi.

Qirg‘iziston hukumati, bundan tashqari, banklardan yirik miqdorda kredit olgan, biroq iyun voqealarida biznesidan ajragan tadbirkorlarga yengillik yaratish masalasini ko‘tardi. Bu borada Milliy bankka, kreditlarni to‘lash muddatini uzaytirish va foizlarni to‘xtatishga yordam berish topshirildi.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, o‘tgan yili muvaqqat hukumat dekreti bilan O‘sh va Jalolobodda ko‘plab tadbirkorlar soliqlardan va boshqa to‘lovlardan ozod qilingandi.
XS
SM
MD
LG