Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:52

O‘sh qirg‘inida zarar ko‘rganlarga qo‘shimcha uylar quriladi


Kelajakda O‘shda faqat ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.
Kelajakda O‘shda faqat ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.
O‘shda iyun qirg‘inida yondirib yuborilgan uylar o‘rniga barpo etiladigan qo‘shimcha turar-joy binolari qurishning qachon boshlanishi hozircha aniq emas, lekin bu uylar yil oxirigacha qurib bitkazilishi bor gap¸ dedi Ozodlik gaplashgan hukumat va xalqaro tashkilotlar vakillari.

O‘shlik Avaz akaning aytishicha, O‘shning ayrim hududlarida qurilish ishlarining dastlabki bosqichi, ya‘ni o‘lchash va hisoblash boshlab yuborilgan.

-Uvom bo‘yidagi uylarni o‘lchab, hisoblab chiqib ketishibdi, 70 kvadratdan uy qurib beramiz deb. Biroq hali bu ish bizning mahallamizda boshlangani yo‘q. Uvom bo‘yidagilarga “uylaringizni qurib, hovlingizni asfaltlab ham beramiz”, deyishibdi, -deydi Avaz aka.

O‘shlik Mirahmad esa Ozodlik muxbiri bog‘langan paytda xalqaro tashkilotlardan biriga uy qurilishi ishlari qachon boshlanishini surishtirish uchun borgan ekan.

- Ulardan “qurilish qachon boshlanadi”, deb so‘rasam, “Hozircha donorlar pul o‘tkazgani yo‘q. Pul o‘tishi bilan qurilish ishlarini boshlab yuboramiz”, deb aytishdi, -deydi Mirahmad.

Suhbatdoshimizning aytishicha, iyun qirg‘inida uyi kuygan aholiga joriy yilda 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan turar –joy qurib berilar ekan.

O‘shda yongan uylarni qayta qurish bilan shug‘ullanayotgan AKTED xalqaro tashkilotining o‘z nomini aytmasligimizni iltimos qilgan rasmiysi esa donorlar o‘z vaqtida qurilish ishlari uchun mablag‘ ajratishini, biroq binokorlik ishlarini boshlash uchun O‘shni qayta qurish direksiyasi mutaxassislari xulosasi kutilayotganini aytdi:

- Bu yilgi qurilish loyihalari xalqaro tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Hozir biz O‘shni qayta qurish davlat direksiyasidan javob kutayapmiz. Chunki ular bizga qaysi joyda qancha uy va qancha kvadrat metr qurilishi kerakligi to‘g‘risidagi ma‘lumotni berishi kerak. Mana shu ma‘lumotlar bizga berilgach, Xudo xoxlasa, ishni boshlaymiz, -dedi xalqaro tashkilot vakili.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, O‘shni qayta qurish direksiyasi qirg‘iz parlamenti va O‘sh shahar meriyasi bosimi ostida qolgan edi. Parlamentdagi millatchi guruhlar, jumladan, parlament spikeri Akmatbek Keldibekov direksiyani faqat o‘zbeklarga uy qurib berayotganlikda ayblagan edi. O‘sh shahar meriyasi esa direksiya shahar bosh planiga zid ravishda qurilish ishlarini olib borayotganini, yongan uylar o‘rniga qurilgan har bitta yangi uyning qonuniy qurilgani tekshirilishini bildirgan.

O‘shni qayta qurish direksiyasi rasmiysi Melis Erjigitovning Ozodlik radiosiga bildirishicha, ayni paytda parlament va shahar meriyasi bilan bo‘lgan ziddiyatlar bartaraf etilgan. Direksiya o‘z faoliyatida mazkur tuzilmalarning bosimini his etmayapti.

Melis Erjigitov, shu bilan bir qatorda kunlar ilishi bilan qurilish ishlari boshlanishini, ammo bu jarayon qachon boshlanishi aniq emasligini aytdi:

- Qurilish muddatlari haqida aniq gap aytish hozircha juda qiyin. Ammo bitta narsa aniq: yondirilgan uylar o‘rniga 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan uylar albatta qurib beriladi,- dedi Melis Erjigitov.

Suhbatdoshimizdan “O‘sh shahar meriyasi bilan yangi uylarni qurish borasida til topisha oldinglarmi?”, deb so‘radik. Chunki shahar meriyasi o‘tish davri uylarining bir qismi noqonuniy qurilganini iddao qilib, ularni buzib tashlash bilan dag‘dag‘a qilgan edi. Rasmiyning javobi mana bunday bo‘ldi:

- O‘shda to‘rtta kvartal tektonik yoriq hududda joylashgan. Bu hududda bosh planga asosan aholining yashashi nazarda tutilmagan. Mazkur bosh plan hukumat tomonidan tasdiqlansa, shaharni qayta qurish boshlanadi. Lekin bu tektonik yoriq hududidagi yangi qurilgan uylar darrov buziladi, degani emas. Chunki bosh planni amalga oshirish uchun kamida 15-20 yillik tayyorgarlik jarayoni kerak bo‘ladi. Shuning uchun bu hududlarda uyi yondirilgan aholiga ham rejalanganidek 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan uylarni qurib beravyeramiz,-dedi Melis Erjigitov.

O‘shliklarni qiziqtirayotgan yana bir savolni AKTED xalqaro tashkilotining o‘z ismini oshkor qilishni istamagan rasmiysiga berdik. Masalan, O‘sh qirg‘inigacha bir odamning uyi 100 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, unga o‘sha eski uyi hajmi bo‘yicha yangi uy qurib beriladimi?

- Masalan, ba‘zi odamlarning uylar 2 qavatli bo‘lgan. Uning uyi 150 kvadrat metr bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq biz hozir 2 qavatli uyni qurib bera olmaymiz. Biz hukumatning talablariga binoan uy quramiz. Hukumat qonunlarida zarar yetgan uy hajmining 100 kvadrat metrigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qurib berilishi shartligi aytilgan.

Ozodlik: Demak 100 kvadrat metrdan oshgan hajmni qurib bermaysizlar va bu o‘sha uy egasining shaxsiy ishi bo‘lib qoladimi?

-Men bu borada aniq bir narsa deya olmayman. Chunki bu masala shu kungacha ko‘tarilgan emas. Biz qonunlarga asosan 100 kvadrat metrgacha bo‘lgan hajmni qayta tiklab berishga kelishganmiz,-dedi O‘shdagi AKTED xalqaro tashkloti rasmiysi.

2010 yilda O‘shda sodir etilgan iyun qirg‘inidan so‘ng xalqaro tashkilotlar O‘shni qayta tiklash davlat direksiyasi muvofiqlashtiruvida uysiz qolgan aholiga hajmi 25 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 2 xonali o‘tish davri uylarini qurib bergan edi.

O‘shanda 2011 yilda bu uylarga qo‘shimcha ravishda yana 75 kvadrat metrli 3 xonali uylar qurilishi ma‘lum qilingan edi.
XS
SM
MD
LG