Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:17

1 mart keldi, lekin banklar tadbirkorlarni terminal bilan ta’minlay olmayapti


UZPAYNET kompaniyasining terminali yo‘q agentlari va ba’zi tadbirkorlik sub’ektlari 1 martdan boshlab o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Chunki, shu kundan boshlab O‘zbekistonda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi barcha tadbirkorlik sub’ektlarida kassa terminalisiz savdo qilish taqiqlab qo‘yildi. Tadbirkor va paynetchilar banklar terminal yetkazib berolmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Terminal yo‘q

UZPAYNET kompaniyasining Xorazm viloyati bo‘limi mutaxassisiga ko‘ra, tarmoq agentlarining qariyb 30 foizi kassa terminali bilan ta’minlanmagan:

“Bugundan paynetlarga terminalsiz faoliyat yuritish taqiqlandi. Soliqdan ogohlantirish xatlari berilgan. Terminali yo‘q klientlarga terminalsiz ishlash mumkin emas, deb aytyapmiz. Lekin, banklarda terminal qolmapti. Banklar, ariza berib qo‘yinglar, ta’minlaymiz deb aytyapti”, dedi mutaxassis.

"Vaqtincha ishlab turish mumkin"

UZPAYNET kompaniyasining vakili Ozodlik bilan suhbatda banklar terminal bilan ta’minlay olmayotganini tasdiqladi. Lekin, mutaxassis paynetchilarning vaqtincha terminalsiz ishlab turish chorasi borligini aytdi:

“Biror agentning terminali bo‘lmasa u bankka murojaat qilgani va terminal olish uchun navbatda turgani haqida spravka taqdim etishi kerak. Bu spravkada unga qachon terminal berilishi muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Biz shu spravka bo‘yicha unga paynetni yoqib beramiz. Ungacha ular terminalsiz ishlab turishadi. Soliqchilar kelsa, ana shu spravkani ko‘rsatadi”, dedi mulozim.

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, bu tartib soliq idorasi bilan kelishilgan holda vaqtinchalik amal qiladi.

"YaUPM terminal yetkazib berolmayapti"

Birinchi martdan boshlab chakana savdo va aholiga xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarida kassa terminalisiz savdo qilishning taqiqlanishi do‘kondorlarni sarosimaga solib qo‘ydi.

Terminalsiz ishlayotgan tadbirkorlar, banklarda ijaraga yoki lizingga olish uchun terminallar yetishmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Ayni paytda, Xorazm viloyatidagi banklardan birining mulozimi, terminal yetkazib berishga vazifador bo‘lgan O‘zbekiston Banklar Assotsiatsiyasining Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YaUMP) o‘z majburiyatini bajara olmayotganini aytdi:

“Bizga terminallarni Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi MChJ yetkazib berishi kerak. Lekin bu doimo muammo bo‘lib kelyapti. Terminal bilan ta’minlaydigan boshqa ta’minotchi yo‘q", dedi bank mulozimi.

Ozodlik nima sababdan terminal muammosi yuzaga chiqqanini bilish maqsadida Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi bilan bog‘landi.

Markazning terminal ta’minoti bilan shug‘ullanadigan Javohir Qudratov ismli mulozimi, Ozodlikning bu haqdagi savolini eshitgach, javob bermay aloqani uzib qo‘ydi. Janob Qudratov bilan bog‘lanishning boshqa imkoni bo‘lmadi.

"Terminal bilan ta’minlash monopoliya qilib olingan"

O‘zbekiston banklaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, “terminal muammosi bu sohaning monopoliya qilib olingani bilan bog‘liq”, dedi:

“Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi boshidan noto‘g‘ri tashkil qilingan. Aslida u Markaziy Bank tasarrufida bo‘lishi kerak, edi. Hozir esa u O‘zbekiston Banklar Assotsiatsiyasiga qaraydi. Butun respublikadagi plastik kartochkalar va terminallar orqali tushgan pulni ana shu markaz nazorat qiladi. Markaziy Bank uning ishiga aralasholmaydi. Terminallarni ham faqat o‘zining postavshchik firmasi yetkazib beradi. Masalan, men olgan ma’lumotga ko‘ra, bir terminal hozir 700-800 dollar miqdorida banklarga o‘tkazilyapti. Lekin, ana shu terminalni 100-200 dollar miqdorida yetkazib berishni boshqa tashkilotlar bir necha bor taklif qilishgan. Lekin, markaz boshqa hech kimni yaqiniga yo‘latmaydi, bu sohani monopoliya qilib olgan va uning tepasida yuqori martabali amaldorlardan biri turibdi”, deydi bank mulozimi.

Mulozimga ko‘ra, banklar tadbirkorga terminalni uch xil usulda – ijara, lizing va sotish orqali berishi mumkin.

Uzmetronom internet-gazetasining yozishicha, 1 mart kuni Toshkentdagi tadbirkorlar va aholiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan shoxobchalarning yarmidan ko‘pi hududiy soliq idoralariga o‘z faoliyatlarini to‘xtatganliklarini bildirib, patentlarini topshirgan.

Ozodlik toshkentlik kichik tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi patentlarini topshirganligi haqidagi faktni tasdiqlay olgani yo‘q.

Qarorni bajarmagan jazolanadi

Prezident qarorida chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari naqd yoki karta orqali hisob-kitob qilish shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirsa yoki tushirsa, buning uchun eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima qo‘llanishi aytilgan.

Shuningdek, chek qog‘ozini mijozga berishdan bosh tortgan tadbirkorlar huquqbuzar sifatida jarimaga tortiladi.

O‘tgan haftada Mirziyoev "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekkan.

Mazkur hujjat naqd pul va plastik kartalar vositasida to‘lov tizimidagi muammolarni bartaraf qilishga qaratilgani aytilgan edi.

XS
SM
MD
LG