Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:50

O‘shda o‘zbek maktabi tiklandi


Yangi qurilgan Tolstoy nomidagi o'zbek maktabi.
Yangi qurilgan Tolstoy nomidagi o'zbek maktabi.
O‘tgan yili sodir etilgan qirg‘in paytida yondirib yuborilgan O‘shdagi Tolstoy nomidagi o‘zbek maktabi qayta qurildi.

Tolstoy maktabi O‘sh shahriga tutash bo‘lgan Toshloq qishlog‘ida joylashgan. Bu maktab bir qavatli bo‘lib, o‘tgan yilgi qirg‘in kunlari yondirib yuborilgan edi. Shu kunlarda mazkur maktab qayta qurildi.

Toshloq qishlog‘ida yashovchi aholi "maktab sifatsiz qurilish materiallaridan bunyod etildi", degan iddao bilan Bishkekdagi “Fuqarolik jasmiyati korrupsiyaga qarshi” nodavlat tashkilotiga shikoyat yo‘llagan.

Biroq Tolstoy nomidagi maktab direktori Murodiljon Mo‘ydinov bu iddao assosiz ekanini, qishloq aholisi o‘z muammolari hal etilmayotganidan norozi bo‘lib shikoyat yozganini va mazkur shikoyat xatiga maktab qurilishi haqida noto‘g‘ri ma‘lumotlar kiritilganini aytdi:

Tolstoy maktabi iyun qirg'ini vaqtida yondirib yuborilgan edi.
- Shu yerda yashovchi aholi yozib yuboribdi-da, shikoyat xatini. Unda maktab 3 qavatli qilib qurilishi kerak edi, ammo 2 qavatli qilib qurilib qoldi, sifatsiz materiallardan qurildi, deb yozishibdi. Keyin aholi toza ichimlik suvi masalasini ham ko‘targan o‘z shikoyatida, -deydi Murodiljon Mo‘ydinov.

O‘shni qayta tiklash direksiyasi rahbari Jonto‘ra Sotiboldiyevning aytishicha, haqiqatan ham Tolstoy nomidagi maktab loyihasi 3 qavatga mo‘ljallangan edi. Ammo yer sharoitining to‘g‘ri kelmagani oqibatida maktabni 2 qavatli qilib qurishga qaror qilingan.

- Biz maktab 3 qavatli bo‘lsa ko‘p muammolar hal bo‘lar ekan, deb o‘ylab, loyihani 3 qavatga mo‘ljallab chizganmiz. Biroq mutaxasislarimiz tekshiruvlar natijasida yer sharoiti 3 qavatli binoga to‘g‘ri kelmasligini aniqlashdi. Shuning uchun 2 qavatli bino qurildi,-dedi Jonto‘ra Sotiboldiyev.

Maktab direktori Murodiljon Mo‘ydinov yangi bino sifatidan qoniqishini aytdi. Uning aytishicha, maktab qurilishida chetdan kelgan ustalar emas, aynan mahalliy aholi ishlagan.

Murodiljon Mo‘ydinovga ko‘ra, yangi maktab binosini o‘quv qurollari va jihozlar bilan to‘ldirishga xalqaro tashkilotlar yordam bermoqda.

- Men bir loyiha yozib, xalqaro tashkilotlarga topshirgan edim. Hozir Yaponiya elchixonasi tomonidan ximiya, fizika va boshqa fan kabinetlariga kerakli jihozlar uchun 55 ming dollar beriladigan bo‘ldi. YuNISEF tashkiloti esa 13 ta sinfga parta va shunga o‘xshash jihozlarni taqdim etmoqchi, -deydi maktab direktori.

Ayni paytda Tolstoy maktabi sifatsiz qurilgan deb hisoblayotgan Toshloq qishlog‘i aholisi 2010 yil iyulida vayron etilgan uylarini qayta tiklash ishlari paysalga solinayotganidan ham shikoyat qilganlar. O‘shni qayta tiklash direksiyasi rahbari Jonto‘ra Sotiboldiyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv paytida toshloqliklar o‘zlarining toza suv bilan ta‘minlanmaganliklarini ham aytganlar. O‘shni qayta tiklash direksiyasi rahbari toshloqlilarga bu muammolarni hal etish yo‘llari izlanayotganini bildirgan.
XS
SM
MD
LG