Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:28

O‘shda qurilishning ikkinchi bosqichi mayda boshlanadi


2010 yil iyun voqealarida O‘shda o‘zbeklarga tegishli ikki mingga yaqin uy yoqib yuborilgan edi.
2010 yil iyun voqealarida O‘shda o‘zbeklarga tegishli ikki mingga yaqin uy yoqib yuborilgan edi.
O‘tgan yilning iyunida Qirg‘iziston janubida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar davomida bosqinchilar tomonidan yondirib yuborilgan uylarni qayta tiklash ishlarining ikkinchi bosqichi kelasi oyda boshlanadi. Bu haqda Ozodlikka O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi vakili ma‘lum qildi. Ayni paytda O‘sh shahri chetida joylashgan Lev Tolstoy nomidagi o‘rta maktabning yangi binosida pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Iyun qirg‘inidan so‘ng xalqaro tashkilotlar O‘shni qayta tiklash davlat direksiyasi muvofiqlashtiruvida uysiz qolgan aholiga ichki sathi 28 kvadrat metrli 2 xonali o‘tish davri uylarini qurib bergan edi.

Joriy yil boshida tilga olingan direksiya o‘sha 2 xonali uylarga qo‘shimcha uylar qurilajagi va oqibatda yangi uylar sathi 100 kvadrat metrga yetkazilajagi to‘g‘risida bayonot bergan.

O‘sh va Jalolobodni qayta tiklash direksiyasi rasmiy vakili Melis Erjigitov 3 mart kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, “Qurilish muddatlari haqida aniq gap aytish hozircha juda qiyin”, degandi.

Oradan bir yarim oydan ziyod vaqt o‘tdi. O‘shda yoz keldi hisob. Biroq o‘shliklardan olingan ma‘lumotlarga qaraganda, qurilishdan hanuz darak yo‘q.

- “70 metr kvadrat hisobidagi uylar quriladi” degan gaplar bo‘layapti. Lekin hali ish boshlangani yo‘q, dedi uyi yondirib yuborilgan o‘shliklardan biri, Uvom bo‘yi mahallasida yashaydigan Oltinoy opa.

Bu opa Lev Tolstoy nomidagi maktab direktori o‘rinbosari hamki, maktab yuzasidan savollarimizga bergan javoblarini ham eshittiramiz.

Hozircha esa, uylar masalasi. Biz 21 aprel kuni Melis Erjigitov bilan yana bog‘landik va undan mana bu xushxabarni eshitdik.

- Individual uylar qurilishining keng miqyosli ikkinchi bosqichi may oyidan boshlanadi, deb xabar qildi Melis Erjigitov.

Uning aytishicha, qurilishning ikkinchi bosqichini boshlash oldidan yondirilgan uylar vayronalarini batamom buzib, qurilish maydonini tozalab olish lozim va bu ish “O‘shning Cheremushki mavzeida boshlandi, yondirilgan uylarning devorlari buzilmoqda”.

Biz bu informatsiyani tekshirib ko‘rdik. Aftidan, janob Erjigitov vaziyatdan to‘la xabardor emasga o‘xshaydi. Chunki o‘shlik Izzatullo Rahmatullayevning 21 aprel kuni aytishicha, mavzeda hech qanday ish boshlangani yo‘q.

- Yangi yil arafasida 28 metr kvadrat qurilib bitgandan keyin mana hozir shu bugungacha Cheremushkada biror-bir harakat yo‘q. Ana shu qadimgiday turibdi. Hech qanaqa buzilishlar ham yo‘q. Hamma ëq bezdvijeniye turibdi hozir, deb xabar qildi Izzatullo Rahmatullayev.

Albatta, biz direksiya vakili Erjigitovni yolg‘onchiga chiqarmoqchi emasmiz. Chunki undan olganimiz boshqa ma‘lumotga qaraganda, qurilish ishlari ertaga bo‘lmasa, indinga boshlanishi aniqqa o‘xshaydi. Chunki sarflanadigan pul naqd.

- Qurilishning ikkinchi bosqichi faqatgina bitta donor – Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtiriladi va u 28 million dollar ajratdi, deb xabar qildi Melis Erjigitov.

Eslatib o‘tamiz, birinchi bosqich davomida bitkazilgan 28 kvadrat metrli uylar BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi, BMT Taraqqiyot dasturi, Xalqaro Qizil xoch va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilgan edi.

Masalaning yana bir muhim jihati ikkinchi bosqichda qurilajak uylarning hajmi masalasidir. Erjigitovning aytishicha, o‘tgan yili qurib bitirilgan 28 kvadrat metrli uyning yoniga 72 kvadrat metrli uy solinadi va umumiy sath 100 kvadrat metrni tashkil qiladi. Biroq bu hammaniki bir xil 100 kvadrat metr bo‘ladi, degani emas.
Yondirilgan uyi sathi 100 kvadrat metrdan ortiq bo‘lganlarga maksimum 100 kvadrat metrli uy solinadi. Ortiqchasiga ketadigan harajatni uyning egasi ko‘tarishi kerak.

Ayni paytda, yondirilgan uyi sathi 100 kvadrat metrga yetmaganlarga avvalgi uyi hajmidagina uy solinadi. Masalan, 11 iyungacha uyning hajmi 80 kvadrat metr edi. O‘tgan yili 28 kvadrat metr solindi. Bu yil endi qolgani – 52 metri quriladi.

Uy masalasi, hozircha bitdi.

Maktabga o‘taylik. Yondirib yuborilgan Lev Tolstoy nomidagi o‘rta maktab direktori o‘rinbosari Oltinoy Tilavoldiyevaning xabar qilishicha, maktabning yangi binosi bitish arafasida.

- Maktabimiz bitib qoldi. 25 mayga maktabimiz topshiriladi degan niyatlar bo‘layapti hozir Xudo xohlasa. Bugun maktabning kotelniysini provyerka qilishadigan bo‘layapti. Qo‘shni maktabdan ko‘mir olib kelishib ëqib xonalarning qanaqa issiqliklarini tekshiradigan bo‘layapti.

Ozodlik: Nechta o‘quvchiga mo‘ljallanayapti endi maktab?

- 340 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘layapti. Agar ikki smenada o‘qisa, 680 odam o‘qiydigan bo‘layapti.

Ozodlik: O‘zi umuman Tolstoy maktabida qancha o‘quvchi bor edi o‘tgan o‘quv yilida?

- 847 o‘quvchimiz bor edi.

Ozodlik: Bu yil qancha?

- 650ta o‘quvchi qoldi hozir. Buning boisi o‘quvchilar iyun voqealaridan keyin ota-onalari bilan birga Rossiyaga ketib qolganlari bo‘ldi. Shunaqa nimalarga bog‘lanib 200tadan ortiq o‘quvchi yo‘q bo‘lib qoldida maktabdan, deydi Oltinoy Tilavoldiyeva.

Shu kunda esa, Tolstoy nomidagi maktab o‘quvchilari qo‘shni maktab binosida o‘qimoqda.
XS
SM
MD
LG