Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:19

O‘shda snayperlar bo‘lganmi?


Rasmiylar Qirg‘iziston janubida o‘tgan yil iyun oyida sodir bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng turli qurollar bilan birgalikda snayperlik miltiqlari ham musodara qilinganini bildirgandilar.
Rasmiylar Qirg‘iziston janubida o‘tgan yil iyun oyida sodir bo‘lgan qonli voqealardan so‘ng turli qurollar bilan birgalikda snayperlik miltiqlari ham musodara qilinganini bildirgandilar.
O‘tgan yilgi O‘sh qirg‘ini chog‘ida qo‘lga olingani rasman e‘lon qilingan va ajnabiy ekani aytilgan o‘nga yaqin snayper bilan bog‘liq vaziyat tushunarsizligicha qolmoqda.

O‘sh qirg‘ini paytida snayperlar tomonidan tinch aholiga va harbiylarga qarata o‘q otilgani haqida ko‘plab guvohliklar bor. O‘tgan yili bu haqda Muvaqqat hukumatda kuch ishlatar tuzilmalarni boshqargan Azimbek Beknazarov ham rasman bildirgan edi. Biroq oradan bir yil o‘tgach, rasmiylar O‘sh qirg‘inida ishtirok etgan snayperlar masalasini chetlab o‘tishga harakat qilishmoqda va bu borada bir-biriga zid keluvchi bayonotlarni berishmoqda.

Masalan, Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Baqit Alimbekov O‘sh voqeasi o‘rganilganda yollanma snayperlar ishtiroki haqida dalillar tasdiqlanmaganini aytadi:

- O‘sh qirg‘inida xorijdan kelgan snayperlar ishtirok etgani haqida turli gap-so‘zlar bo‘lgan. Biroq xorijlik yollanma snayperlar bo‘lgani haqidagi dalillar tasdiqlanmagan. Albatta, O‘sh qirg‘inida qo‘lida qurol bo‘lgani uchun hibs qilingan odamlar bor. Lekin ularning xorijlik yollanma snayper ekani haqida birorta dalil mavjud emas, - dedi Baqit Alimbekov.

Ichki ishlar vazirining yana bir o‘rinbosari Qursan Asanov esa O‘sh qirg‘ini kunlari snayper ekani gumon qilingan xorij fuqarolari haqiqatan ham qo‘lga olingani haqida ma‘lum qiladi:

- O‘sh qirg‘ini kunlari mahalliy aholi tomonidan snayperlikda gumon qilingan uch nafar xorijlik qo‘lga olingan edi. Biz bu fakt yuzasidan ma‘lumotlarni to‘plab, Milliy xavfsizlik xizmati rahbariga topshirganmiz. Ochig‘ini aytishim kerakki, ular keyinchalik ayblari tasdiqlanmadi, degan izoh bilan hibsdan ozod qilingan, - dedi Qursan Asanov.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik xizmati rasmiylari esa snayperlar mavzusini muntazam tarzda chetlab o‘tishga harakat qiladilar. Matbuot anjumanlarida ham bu borada Milliy xavfsizlik xizmati rasmiylariga berilgan savollar javobsiz qolmoqda.

Ayni paytda o‘shliklar snayperlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganliklarini, hatto snayperlar qaysi joylardan turib aholiga o‘q uzganlari to‘g‘risida ham ma‘lumotlarga ega ekanliklarini aytishadi.

- Snayperlar bo‘lganiga hecham shubha yo‘q. Chunki snayperlar o‘qidan o‘lgan odamlarni ko‘rganmiz. Oddiy qurol bilan snayperlik vintovkasining o‘qi bir-biridan katta farq qiladi. O‘sh qirg‘ini kunlari ham rasmiylar: “faloncha snayperni qo‘lga oldik, faloncha snayperni otib o‘ldirdik”, degan ma‘lumotlarni berdi. Oradan bir yil o‘tib rasmiylarning bu mavzuni yopdi-yopdi qilishga harakat qilayotganlari shubhalidir, -deydi o‘shlik Qalis Abdiqaimov.

O‘shlik huquq himoyachisi Izzatullo Rahmatullayev ham mahalliy aholi snayperlar haqida ko‘plab guvohliklarga ega ekanini aytadi:

- Alebasterova ko‘chasida aholi 11 iyun kuni ertalab vertolyotlardan snayperlar tushirilganiga guvoh bo‘lgan. Navoiy ko‘chasida va Bo‘ston ko‘chalarida yashovchilar ham snayperlarni ko‘rishgan. Masalan, Bo‘ston ko‘chasida snayper o‘qidan uch kishi o‘lgan va 2 kishi yaralangan. Snayperlar Sulaymon tog‘i va viloyat kasalxonasi oldidagi ko‘p qavatli uylar tomida ham bo‘lgan. Uvombo‘yi ko‘chasida ham ko‘p odamldar snayper o‘qidan halok bo‘lgan, - deydi Izatullo Rahmatullayev.

Huquq himoyachisi snayperlar o‘qidan halok bo‘lgan konkret shaxslarning ismlarini ham keltiradi.

- Rasmiy doiralar snayperlar haqida qanday bayonotlarni berishidan qat‘iy nazar, snayperlarning bo‘lgani fakt. Masalan, men aytishim mumkin, Sharobiddin Komilov To‘laykan kasalxonasiga ketayotganida Sulaymon tog‘idagi snayper tomonidan o‘ldirilgan. Oradagi masofa esa 3 kilometr bo‘lgan. Kalashnikov avtomatlarining o‘qi 2,5 kilometr masofaga yetadi, xolos. Bunday faktlarni juda ko‘p keltirish mumkin, - deydi Izzatullo Rahmatullayev.

Ayni paytda bir qator mahalliy tahlilchilar qirg‘iz rasmiylari snayperlar to‘g‘risida bir-biriga zid keluvchi bayonotlarni berayotgani ham O‘sh qirg‘inida yollanma snayperlar ishtirok etgan, degan ishonchni kuchaytirishini aytadilar. Ayrim tahlilchilar “Qirg‘iziston hukumati qo‘shni davlatlar bilan aloqlarini sovuqlashtirmaslik maqsadida snayperlar haqidagi ma‘lumotlarni oshkor etishdan tiyilayotir”, degan taxminni ham bildirganlar.

Shu o‘rinda O‘sh shahar sud-tibbiy ekspertizasi e‘lon qilgan ayrim ma‘lumotlar ham qiziqish uyg‘otadi. Bu ma‘lumotda aytilishicha, O‘sh qirg‘ini kunlari 108 odam juda uzoqdan otilgan o‘qdan halok bo‘lgan. Bundan tashqari, O‘sh qirg‘ini kunlari turli qurollar bilan birgalikda militsiya tomonidan snayperlik vintovkalari ham musodara qilingan.
XS
SM
MD
LG