Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:07

O‘shda vahima kayfiyati urchimoqda


 Qirg‘iz rasmiylari mamlakat janubida tarqagan mish-mishlar asossizligini, O‘sh va Jalolobodda vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqdalar.
Qirg‘iz rasmiylari mamlakat janubida tarqagan mish-mishlar asossizligini, O‘sh va Jalolobodda vaziyat nazorat ostida ekanini aytmoqdalar.
O‘sh qirg‘inining bir yilligi yaqinlashgan sari shaharda turli mish-mishlar tarqatilib, aholi vahima ichida yashamoqda.

Ozodlik radiosi muxbiri suhbatlashgan o‘shliklar ana shunday ma‘lumotlarni berdilar.

O‘shda yashovchi O‘rinbek Alimbayev shaharda turli mish-mishlar tarqalayotganini aytdi:

- Har xil gaplar yuribdi shaharda. Qozog‘iston bilan O‘zbekistonda qurolli guruh tayyorgarlikdan o‘tayotgan emish, Tojikistonda ham shunday guruh tayyorgarlikdan o‘tayotgan emish, 300 ta Tolibon chegaradan o‘tib, qasos olishga shay turganmish, degan vahimali gaplar O‘shda juda ko‘payib ketdi, - deydi O‘rinbek Alimbayev.

Biroq Qirg‘iziston rasmiylari bu kabi mish-mishlar assosiz ekanini bildirmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, bugungi kunda O‘sh shahrida vaziyat hukumat nazorati ostida. O‘shdagi barcha huquq-tartibot tuzilmalari, chegara xizmati kuchaytirilgan tartibda ishlayapti.

Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, O‘shga Bishkekdan qo‘shimcha 300 nafar militsiya xodimi jo‘natilgan. Bundan tashqari, O‘sh va Jalolobod viloyatlari tumanlariga respublikaning boshqa hududlaridan 500 militsionerdan iborat qo‘shimcha otryad jo‘natilgan.

- Agar shaharda kutilmagan hodisa sodir bo‘lsa, tezkorlikda voqea joyiga o‘tib borish, shaharni qamal qilish va nazorat o‘rnatish borasida barcha chora-tadbirlarni ishlab chiqqanmiz. Albatta, aholi orasida turli mish-mishlar tarqalib, vahima paydo bo‘lgan. Ana shu vahima natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha tahdidlarning oldini olishga qodirmiz, - dedi Qirg‘iziston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Qursan Asanov.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan o‘shliklarning aytishlaricha, rasmiylarning vaziyat nazorat ostida ekani to‘g‘risidagi bildiruvlari tarqatilayotgan mish-mishlarning kamaytirolmayapti yoki aholi orasidagi vahimaning susaytirolmayapti.

O‘shlik Erkinboy akaning aytishicha, bugungi kunda odamlar hech kimga ishonmay qo‘ygan.

- Hozir odamlarning u ko‘zi bu ko‘ziga ishonmay qo‘ygan. Ertaga nima bo‘lib ketishini bugungi kunda xech kim bilmaydi. O‘zbeklar ham, qirg‘izlar ham vahimada. Nimaga deganda, O‘shda fitna qo‘zishga qaratilgan gaplar, bir millatni ikkinchi millatga qarshi qo‘ygan mish-mishlar juda kuchaygan, - dedi Erkinboy aka.

Uning aytishicha, O‘shda bu kabi mish-mishlarga qarshi tushuntirish ishlari juda sust olib borilayapti.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan yana bir o‘shlik Anvar aka esa, O‘sh qirg‘inining bir yilligi yaqinlashayotgani munosabati bilan o‘zbek oilalari yana qama-qamalar kuchayib ketishi, begunoh odamlar yana qamoqlarga tashlanishi mumkinligidan tashvishlanib yashayotganlarini aytdi.

- Bugungi kunda O‘shda bir qarashda hamma narsa o‘rniga tushganday ko‘rinadi, biroq odamlarning orasida: “Ertaga meni olib chiqib ketib, qamab qo‘yishmasmikin?” degan tashvish bor. Odamlarni xavotirga solayotgan asosiy narsa shu. Chunki bugungi kunda bozorlarda o‘zbeklar bilan qirg‘izlar aralashib yurib qolishdi, savdo-sotiq bemalol bo‘layapti. Ko‘chalarda ham shunday. Lekin gumonga olingan odamlarni qamoqqa olish holatlari to‘xtamayapti, - deydi Anvar aka.
XS
SM
MD
LG