Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:56

O‘shda xudkushlik avj oldi


Rasmiy ma‘lumotlarda aytilishicha, O‘shda o‘z joniga qasd qilganlar soni o‘tgan yillarga nisbatan 2 marotaba ko‘paygan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining O‘sh shahar boshqarmasi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, joriy yilning may va iyun oylarida 29 odam o‘z joniga qasd qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda 2 barobar ko‘pdir.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘z joniga qasd qilganlarning 1 nafari erkak, qolgan 28 nafari esa 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ayollardir.

O‘sh shahar militsiyasi bu ayollar ayollar turmush qiyinchiliklari, jumladan, iqtisodiy qiyinchilik va oiladagi zo‘ravonliklarga chiday olmay o‘z joniga qasd qilganini iddao qiladi.

Aytish joiz, 2010 yilgi O‘sh qirg‘inidan so‘ng Qirg‘iziston janubida iqtisodiy vaziyat juda og‘irlashgan. Huquq himoyachilari minglab odamlar, asosan o‘zbeklar o‘z ish o‘rinlaridan ajraganlari yoki tirikchilik qilishlariga to‘sqinliklar bo‘layotgani to‘g‘risida gapirib kelmoqdalar.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, og‘ir iqtisodiy sharoit odamlarni o‘z joniga qasd qilishga undayotgan eng asosiy omildir.

O‘sh militsiyasi o‘z joniga qasd qilganlar orasida zo‘rlanganlar hamda sevgan yigitidan ajraganlar ham borligini aytmoqda.

Militsionerlarning aytishlaricha, ayollar sirka ichish yoki ko‘p miqdorda dori yutish orqali hayot bilan vidolashmoqchi bo‘lganlar.

Rasmiy ma‘lumotlarda o‘z joniga qasd qilganlarning millati ko‘rsatilmagan.

Qirg‘iziston Ombudsmeni tarqatgan ma‘lumotda aytilishicha, har yili mamlakatdagi ruhiy ko‘mak markazlariga 10 mingga yaqin odam oilaviy zo‘ravonliklardan shikoyat qilib murojaat qiladi. Ularning 7 ming nafardan ko‘prog‘ini ayollar tashkil etadi.

Mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi esa ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish faktlarining tez-tez sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda ko‘pchilik ayollar oiladagi zo‘ravonlik tufayli nafaqat o‘z jonlariga, balki boshqalarning ham umriga zomin bo‘layotgani to‘g‘risida ma‘lumotlar bor.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi Qirg‘iziston qamoqlarida saqlanayotgan ayollarning 87 foizi oiladagi zo‘ravonliklarga chiday olmay, jinoyatlarga qo‘l urganini bildirgan.

Shu bilan bir qatorda, ma‘lumotlarga ko‘ra, ayollarni o‘z jonlariga qasd qilishga va turli jinoyatlarga qo‘l urishiga sababchi bo‘lgan zo‘ravonlardan faqat 10 foizigina jinoiy javobgarlikka tortilar ekan.
XS
SM
MD
LG