Линклар

O‘shlik 27 yoshli Farhodjon Sharipov “qoidasiz kurash” yo‘nalishida 3 karra Florida chempioni. Ayni paytda u jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Farhodjon O‘shning Turon shaharchasida tug‘ilib o‘sgan. To‘rt farzandli oilada katta bo‘lgan suhbatdoshimiz yoshligidan sportning bir necha turi bo‘yicha shug‘ullangan.

- Dadamiz yoshlikdan sportga bergan edi. Dadam o‘zi sportsmen. Qozog‘istonda Militsiya oliy maktabini bitirib, doimo bizni sport bilan shug‘ullantirgan. Yoshlikdan yugurtirar edi, sportga olib borar edi. Boshida karate dodan boshlaganman. U paytlar Bryus Li afsona edi. Shu uchun shu sport turiga qatnashar edim, - deya eslaydi Farhodjon.

O‘shlik 27 yoshli Farhodjon karatedan so‘ng dzyudoga, keyin taekvondo, futbol, boks kabi sport turlariga qiziqib qatnashgan.
Shu paytning o‘zida O‘shdagi sobiq O‘zbek-qirg‘iz univyersitetini iqtisod yo‘nalishida ham tamomlashga ulgurgan.
So‘nggi uch yildan buyon o‘shlik Farhodjon AQShning Florida shtatida chempion unvonini ketma-ket qo‘lga kiritib kelmoqda. Uni amerikaliklar “Frenk Sharipov” nomi bilan tanishadi.
- Har-xil sport turlari bo‘yicha qatnashaman. “Boy bez pravil “ deyishadi, yoki "vosmiugolnik”. Unda qoidalar deyarli yo‘q. Ko‘zga qo‘l tiqilmaydi. Yana bir ikki qoidasi bor. Endi bizda “boy bez pravil” deb qo‘yib olishgan. O‘zi Amerikada “miks marshal art” , ya‘ni “MMA” deyishadi,- deydi sportsmen Farhodjon.
Farhodjon uch yil ichida 16ta o‘yinda qatnashgan. Shundan 14tasida g‘alaba qozongan. Uning aytishicha, musobaqalarda qatnashayotganida jarohat olishini bilsa-da, qo‘rqmasdan ringga tushadi.
- Oktabrda Xudo xoxlasa jahon chempioni unvoni uchun kurashaman. Undan tashqari Kanadaga borib, belbog‘ uchun kurashishim kerak. Hozir menejerim shu bo‘yicha muzokaralar olib borayapti,- deya o‘zining kelgusi rejalari haqida gapiradi o‘shlik sportchi.
O‘shlik o‘zbek yigitining AQShda shu paytga qadar erishgan yutuqlari ham ancha ekan.











.
- Natijalar katta. Bunday qarasangiz, sambo bo‘yicha Amerika chempionatida uchinchi o‘rinni olganman,- dedi Farhodjon.
Farhodjon Floridadagi barlardan birida barmen bo‘lib ishlaydi. Undan tashqari, sport turlari bo‘yicha yoshlarga saboq ham berib turadi.
27 yoshli o‘shlik Farhodjonga ko‘ra, uning tug‘ilib o‘sgan shahrida iqtidorli sportchi yigitlar ko‘p.



.
- Mening bilishimcha, boksda, kurashda o‘zbeklar O‘shda yaxshi natijalar ko‘rsatgan. Bekzod, Sherzod deganlar bor edi. Kikboksingdan Mansur degan bola Osiyo chempionatida juda yaxshi natija ko‘rsatgan edi. Uning jahon chempionatida uchinchi o‘rin olgan ukasi ham bor edi. Bizda baribir sharoit qiyin. Iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlashmaydi. Qarasangiz istagan sport turida o‘zbeklardan juda ham talantli bolalar bor, - dedi Farhodjon.


.
Bugun AQShda sport turi bo‘yicha “qirg‘izistonlik o‘zbek” deya e‘lon qilinib, musobaqaga chorlanayotgan Farhodjon o‘z yoniga O‘sh qirg‘inidan so‘ng ota-onasini olib ketgan. Yagona orzusi O‘shda qolgan farzandi va og‘a-inisi bilan tezroq ko‘rishib, tinchlikda yashash.
XS
SM
MD
LG