Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:07

O‘shlik o‘zbeklar bolalarini rus sinflariga bermoqda


O'shlik bolalar
O'shlik bolalar
O‘shdagi Kalinin nomli maktab direktoriga ko‘ra¸ har to‘rt o‘zbek oilasidan uchtasi o‘z farzandini rus sinfiga bermoqda.

Laylak tumanidagi qirg‘iz maktablarida o‘zbek bolalarni, o‘zbek maktablarida qirg‘iz bolalarni uchratish mumkin.

O‘sh va Laylakdagi o‘zbek maktablar direktorlari aytgan bu gaplar qirg‘izistonlik siyosatchilarning ham, mahalliy o‘zbeklar nomidan bayonotlar berayotgan ba‘zi arboblarning ham asl vaziyatni bilmasliklariga dalolat bo‘lishi mumkin.

********************************

Shu yilning 18 iyun kuni Bishkekda o‘tgan Qirg‘iziston Xalqlari assambleyasi qurultoyida prezident O‘tunbayeva Qirg‘izistondagi boshlang‘ich maktablarning barchasida ta‘limni qirg‘iz tiliga ko‘chirish lozimligi to‘g‘risida gapirgan edi.

Ko‘p o‘tmay ba‘zi bir o‘shliklar, xususan, O‘sh shahar kengashining millati o‘zbek deputati Omonullo Iminov Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarida o‘qitishni qirg‘iz tiliga ko‘chirish tashabbusi bilan chiqdi.

Janob Iminov Ozodlik muxbiri savollariga javob berar ekan, “o‘zbek maktablarida bitta sinf o‘zbekcha, bitta sinf qirg‘izcha, bitta sinf aralash bo‘lsin, deyapman”, deb, taklifini detallashtirganiga qaramay, o‘tgan yilgi yaralaridan hanuz “qon silqib” turgan qirg‘izistonlik o‘zbeklar deputatning tashabbusini og‘ir oldi.

Bu Ozodlik tinglovchilari saytimizda qoldirgan sharhlardan ham ko‘rinib turibdi.

Masalan, Shuhrat ismli o‘shlik mana bu sharhni qoldirdi: “Omonillo kapatangiz uzgarib kolibdi akaxon! Agar boshingdan utganda bilarding! oxiri voy bu tashabbusingni!”

Lekin O‘sh shahridagi Kalinin nomidagi o‘rta maktab direktori A‘zam Rahimovdan eshitganlarimizdan ta‘lim tilini tanlash masalasidagi vaziyatdan deputat ham, uning tanqidchilari ham xabarsiz, degan fikrga kelish mumkin.

Mamlakat hududida ish topish mushkulligi, tirikchilik o‘tkazish perspektivalari tobora Rossiyaga bog‘liq bo‘lib qolayotgani uchun tilga olingan maktab mikrorayonidagi o‘zbeklar o‘z farzandlarini rus sinflariga berishga majbur bo‘lmoqda.

Maktab direktori A‘zam Rahimovning aytishicha, har to‘rt o‘zbek oilasidan uchtasi o‘z farzandini rus sinfiga bermoqda.



O‘sh shahridagi Kalinin nomidagi o‘rta maktab direktori A‘zam Rahimov Ozodlik savollariga javob berdi.

Janob Rahimov boshqarib turgan maktab mikrorayonida yashaydigan o‘zbeklar o‘z bolalarini rus sinflariga berayotganini bu maktabda azaldan rus sinflari borligi bilan izohlash mumkindir.

Biroq ma‘lumotlarga qaraganda, faqat o‘zbeklar yashaydigan mahallalardagi o‘zbek maktablarida ham keyingi yillarda rus sinflari ochilmoqda. Bu haqda A‘zam Rahimovdan ham hozirgina eshitdik.

Ahvol shu tarzda ketavyeradigan, respublikadagi iqtisodiy vaziyat yaxshilanmaydigan bo‘lsa, prezident O‘tunbayeva bo‘ladimi, bu yil saylanadigani – yangi prezident bo‘ladimi, qirg‘iz maktablarining ham rus tiliga o‘tib ketishidan saqlab qolishi qiyin bo‘lib qoladi.
Siyosat Bishkekda, siyosat O‘shda, chekka tumanlarda esa, oddiy xalq – o‘zbek bilan qirg‘iz bir-biri bilan murosa qilib, “bu sening tiling, bunisi – meniki” demay yashab yuribdi.

Har holda bu fikr Botken viloyati, Laylak tumanidagi Zahiriddin Bobur nomidagi o‘rta maktab direktori Sadriddin Kamolov bilan o‘tkazganimiz suhbatdan so‘ng paydo bo‘ldi.

Bishkek va O‘shda millatchilik avj olganiga qaramay, direktorning aytishicha, ba‘zi qirg‘iz oilalari farzandlarini o‘zbek maktabida, ba‘zi o‘zbek oilalari farzandlarini qirg‘iz maktabida o‘qitmoqda – osmon uzilib yerga tushgani yo‘q.



Laylak tumanidagi Zahiriddin Bobur nomidagi o‘rta maktab direktori Sadriddin Kamolov bilan suhbatni tingladingiz.
XS
SM
MD
LG