Линклар

O‘shlik taksichi amerikaliklarga o‘zbeklarni tanishtiryapti


Chikagoda taksichilik qilaëtgan Ne‘matullo. U taksi haydab mijozlariga ashula ham aytib beradi.

Chikagoda taksichilik qilaëtgan Ne‘matullo. U taksi haydab mijozlariga ashula ham aytib beradi.

O‘sh qirg‘iniga bir yil to‘lgan shu kunlarda mushtariylarimiz, birinchi navbatda qirg‘izistonlik mushtariylarimiz e‘tiboriga umidbaxsh bir maqola ham tortiq qilgimiz keldi.

Maqolaning to'liq audiosini eshiting


Videolavha. Unda yengil mashinaning ichini ko‘ramiz.

Mashina shifti bilan old oynasi tutashgan navoga videokamera o‘rnatilgan, deb tushunamiz.

Kamera o‘zbekka o‘xshagan yoshi 25 lardagi haydovchi yigit bilan orqa o‘rindiqda o‘tirgan o‘rta yoshlardagi ayolni tortayapti.

Haydovchi ayol bilan ingliz tilida gaplashayapti. Keyin musiqa - “Eshiging” qo‘shig‘i daromadi eshitila boshlaydi.

Haydovchi ayolga “Markaziy Osiyoda mashhur Ozodbek Nazarbekov degan xonandaning qo‘shig‘ini eshitajagini, qo‘shiq Ollohga muhabbat to‘g‘risida ekanligini” musiqa fonida tushuntirayapti.

Hamkasblarim meni qo‘shiq shu joyga kelganda chaqirishdi.

“O‘shdanakan, ismi Ne‘matillo ekan, balki tanirsiz, Chikagoda taksi haydab yo‘lovchilarga ashula aytib berarkan”, deyishdi.

Ishdan qo‘yishgani uchun ijirg‘andim. Ko‘ngillari o‘lmasin, deb hamkasbimning kompyuteri oldiga bordim. “Qani-i-i”, dedim peshonamni tirishtirib – “YouTubeda kim ko‘p – havaskor ashulachi ko‘p, o‘shalardan biridir-da?!”

Hamkasbim rolikni kelgan joyidan qo‘yib yubordi.

-E, to‘xtang!

Hamkasbim cho‘chib tushdi.

-Ne‘matillo-ku, bu, dedim.

-Aytdim-ku, men ham Ne‘matillo ekan, deb.

-O‘zi aytyaptimi ashulani?

-Shuning uchun eshiting dedim-da. Qarang, ovozi yaxshiykan-a? Taniysizmi, bu bolani?

-Zuhriddin akaning o‘g‘li-da!

Hamkasbimning og‘zi ochilib qoldi - uning Zuhriddin akani tanimasligi xayolimga kelmabdi.

Zuhriddin aka o‘tgan yili O‘sh qirg‘ini kunlari yondirib yuborilgan Tolstoy nomidagi maktabda ming yildan beri fizikadan dars beradi.

Kichikroq fildan kattaroq bu odamning haybatidan katta fil hurkadi. Lekin o‘zi multfilmdagi filchaday beozor.

O‘shga qo‘ng‘iroq qildim: aytib qo‘ymasam bo‘lmaydi o‘g‘lining qilig‘ini, mashina haydayotganda ashulaga balo bormi, bir joyga oborib, qars etib ursa nima bo‘ladi? Odam tashirakan...

Ozodlik: Internetda o‘g‘lingizning ashula aytganini ko‘rdingizmi?

- Ha, ko‘rdim. Yuragimni siqib deng mashinada ketayotib ashula aytib. Bu katta shahar bo‘lsa. Obbo nima balo qilgani ekan-a? Bolayam oxiri yuragingizni siqib-siqib ado qiladigan bo‘ladi shekilli deb o‘tiribmiz mana bu yerda. Oyog‘ini hali u yoqqa chiqarib oladi, hali bu yoqqa chiqarib oladi, deb zorlandi ming yildan beri o‘qituvchilik qilayotgan, o‘zi endigina 55 dan o‘tgan Zuhriddin aka.

O‘sha eski gap-da – otaning ko‘ngli bolada, bolaning ko‘ngli...

Taksist xonanda Ne‘matilloning o‘zi bilan ham bog‘landik, otasining tashvishini yetkazdik.

Ozodlik: Ne‘matillo, men dadangizga “YouTubeda ko‘rdingizmi?” desam, “E, ko‘rdim. Yurakni siqdi bu bola. Ruldayam ashula aytadimi? Xavfliku” deb xafa bo‘ldi. Xavflimasmi?

- Mening mashinamda Bluetooth borda. Xavfli yeri yo‘q menga. Bundan tashqari mashinani ko‘p yildan beri minaman. Professional bo‘lib ketgan bo‘lsam kerak.

Ozodlik: Demak, dadangiz qo‘rqmasa ham bo‘lavyeradi.

- Dadam qo‘rqmasa ham bo‘lavyeradi. Men o‘zim tushuntirganman. Menga ham aytgan, deydi Ne‘matillo.

Xavf masalasini hal qildik. “Mashina haydashda professional bo‘lib ketgan bo‘lsam kerak”, degan bo‘ldi Ne‘matillo.

Biz ishongan bo‘ldik.

Endi boshqa masalaga o‘tamiz. Savolimiz odobdan bo‘lmasayam, Ne‘matillodan so‘radik.

Ozodlik: Siz qo‘shiqni o‘zingiz aytayapsizmi?

- Ha, albatta. Mening tovushimda bu. Ovozsiz muzikalarim bor. Mashinamga qo‘yaman. Yaxshi stereosistemam bor.

Ozodlik: Minuslar-a?

- Ha. O‘zim kompyuterda tayyorlaganman. Diskda qo‘yaman, o‘zim aytaman. U realno o‘zimning tovushim.

Ozodlik: Nima uchun bunaqa yo‘l tanladingiz? Nima uchun passajirlarga qo‘shiq aytib berishingiz kerak?

- Birinchidan, men ulardan so‘rayman. Aslida men rosa qiziqib aytadigan mahalimda kliyentlar chiqib qoladida. Rosa ilhom kelganda qaytarib yuborishni xohlamayman. O‘zidan ruxsat so‘rab “Ashula aytmoqchi edim. Qarshimasmisan?” desam, “Albatta” deydi. Amerikaliklar juda ham yaxshi muomalada bo‘ladi. Ular hech qachon yo‘q demaydi, deydi Nema‘tillo.

Aytgancha, lavhamizning boshida Ne‘matillo Ozodbekning “Eshiging”ini aytayotgandi. Keling, qo‘shiqning finalini eshitib qo‘yaylik.



-That is Fantastic! dedi orqa o‘rindiqda o‘tirgan ayol. Buni tushundingiz. Keyin qaysi tilda aytildi, deb so‘radi. Ne‘matillo aytdi qaysi tildaligini.

Passajir ayol, orqada o‘tirgani uchunmi, ashulani haydovchi aytganini sezmadi shekilli, bu qo‘shiqni internetdan qanday topish mumkinligini so‘radi.

Ne‘matillo Ozodbek Nazarbekov degan ismni lotinchada yozib berdi.

Bir-ikki oydan keyin Ozodbek Chikagoga gastrolga borovursa bo‘lavyeradi endi.

“Qorni keng” Zuhriddin aka faylasuf odam - (faylasuf emas fizikni ko‘rganmisiz?) - dunyoni suv bossa, to‘pig‘iga chiqmaydi.

O‘g‘lining yaxshi ovozi borligini bilgandir. Lekin bilsayam, uni muzika maktabiga bermagan.

Bermaganligi uning farzandlariga befarqligidan emas, DUNYoNING IShLARIGA befarqligidan. Bo‘lmasa, shunday zamonda maktabda ishlarmidi to‘rt so‘m oylikka?.....dedimu, yana o‘ylanib qoldim: yo o‘quvdimikin Ne‘matillo muzika maktabida?

O‘zidan so‘radim.

Ozodlik: Musiqadan ilm, ma‘lumot olganmisiz?

- Yo‘q. Dadam meni muzikalniy shkolaga olib bormoqchi bo‘lganida, menda u mahalda hech qanaqa qiziqish yo‘q edi. Lekin o‘zim ashula aytib yurardim, deydi Nema‘tillo.

Pardon, Zuhriddin aka. O‘qi, degan ekansiz Ne‘matilloga.

Lekin, chala pardon. Bir martagina aytgandirsiz-da, “Ey bola, muzikalniyda o‘qiysanmi”, deb.

U “Yo‘q”, degan.

“Mayling”, degansiz – masala hal.

Lekin o‘zida bo‘lsa, chiqovrarkanda-a?

O‘zida bo‘lsa Elton Jondan ham aytvorovrarkanda-a?



Elton Jon bo‘lib berdi Ne‘matillo.

Maktab ko‘rmasayam bo‘lovrarkanda-a?

Yo‘q, bo‘lmaydi.

Maktab ko‘rmagan odam eshak bozoriga dallol ham bo‘lolmaydi.

Lekin Ne‘matilloning masalasida boshqa qonun – Zuhriddin akaning fizikasi qonuni ishlaydi: bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan bor bo‘lmaydi.

Gap qonda. Gap genda.

Ne‘matilloning onasi, bir umr tibbiyot hamshirasi bo‘lib ishlab kelayotgan Hikmatxon opaning yaxshi ovozi bor.

Bundan 35 yil muqaddam Farg‘onadagi tibbiyot texnikumida o‘qiyotgan paytda Hikmatxon “Marhabo talantlar” tanlovi g‘olibi bo‘lgan edi.

Bu eski gaplarni gapirib o‘tirmaylik, mayli.

Yaxshisi - mana bu - yangi gap.

Ozodlik: Hikmatxon opa, birorta ashulani xirgoyi qilib bering.

- Qaysini aytib beray?

Ozodlik: Xohlaganingizni.

- U paytlar Marg‘uba Sobirova bo‘lardi namanganlik xonanda. U qiz yosh qiz edi. teng bo‘lishi kerak biz bilan yoki yoshroqmi. Shuning ashulasi esimda bor.

Ozodlik: Ayting.

- Bir kupletini nima qilib beraman. Bu ashulani bilasiz siz ham. (Shu yerda Hikmatxon opa ashuladan bir parcha xirgoyi qilib berdi)



Tovushim yaxshi ekanmi?

- E, Hikmatxon opa, dedim.

Keyin telefon go‘shagini qo‘yib qo‘yib qarsak chaldim.

Chikagoda taksi haydab yo‘lovchilariga qo‘shiq aytib berayotgan o‘shlik yigit Ne‘matillo to‘g‘risidagi hikoyamiz ham adog‘iga yetib qoldi.

Kecha Ne‘matillo bilan gaplashayotib, undan ham biron qo‘shiqni xirgoyi qilib berishini so‘radim.

- Xo‘p. Bu “Eshigingda” degan qo‘shiq aslida qiz bolaga bo‘lgan sevgi sifatida aytilmagan. Bu she‘rni Gadoiy Mashrab yozganda. Ollohga bo‘lgan muhabbati shunchalik kuchli bo‘lganki, har doim Xudoning jamolini ko‘rishni orzu qilib yashagan inson. Shu she‘rni yozadi. Ozodbek aka buni qizlarga, yorlarga atab aytgan deb o‘ylayman.

Ozodlik: Siz kimga atab aytgansiz?

- Men hozir, to‘g‘risini aytsam, Mashrabday emasman. Men yorlarga atab aytaman mayli. Sizni aldamoqchimasman.

(Shu joyda Nema‘tillo Ozodbek Nazarbekov ijrosidagi “Eshigingda” qo‘shig‘idan bir parcha ijro qilib berdi)

Shu joyga kelganda, qo‘shiqning beliga tepib, yana Mehribon chaqirdi.

- O‘ktam aka, Ne‘matillo Enriko Iglesiasdan ham aytibdi, dedi u.

- Yo‘-o‘-g‘-e-e, dedim men. Keyin qo‘shib qo‘ydim: o‘zining qo‘shig‘ini qachon toparkin?
XS
SM
MD
LG