Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:15

O‘tunbayeva o‘shliklardan uzr so‘radi


Qirg'iziston prezindeti Roza O'tunbayeva
Qirg'iziston prezindeti Roza O'tunbayeva
Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva 21-22 mart kunlari mamlakat janubiga qilgan safari chog‘ida muvaqqat hukumat 2010 yil iyun oyidagi voqealarning oldini ola bilmagani uchun o‘shliklardan uzr so‘radi.

Bundan tashqari, prezident bundan buyon O‘shda nohaq qamashlar va adolatsiz sudlovga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ham va‘da berdi. Bu haqda O‘sh o‘zbek milliy madaniy markazi prezidenti Rashid Xo‘jayev Ozodlik muxbiri bilan bo‘lgan suhbati chog‘ida so‘zlab berdi.

Ozodlik: Prezident O‘tunbayeva 2 kundan beri O‘sh shahrida yuribdi. U oddiy aholi vakillari bilan ham uchrashayaptimi?

Rashid Xo‘jayev: Roza O‘tunbayeva safarini Qorasuv rayonidan boshladi. U yerda O‘tunbayeva xalq bilan uchrashib, odamlarni Navro‘z bilan tabrikladi. Shundan keyin u O‘shga keldi. Biz uni hokimiyatning yig‘inlar zalida kutayotgan edik. Ammo prezident Qorasuvdan kechroq kelgani uchun majlisni keyinga qoldirib, to‘g‘ri O‘shning Turon shaharchasiga yo‘l oldi.

Ozodlik: Rashid aka, shu o‘rinda tinglovchilarimizga Turon shaharchasida asosan o‘zbeklar yashashini aytib o‘tsak. Prezident bu yerda nima qildi?

Rashid Xo‘jayev: To‘g‘ri aytasiz, Turon shaharchasida 38-40 ming aholi yashaydi, shularning 98 foizini o‘zbeklar tashkil etadi. Prezident Turon shaharchasida ikki xalqning do‘stligi haqida gapirdi. 5 ta o‘zbek va 5 ta qirg‘iz bolasining sunnat to‘yini o‘tkazdi. Prezidentning Turon shaharchasida so‘zlagan nutqi xalqqa juda yoqdi. O‘tunbayeva o‘z so‘zida iyun voqealari paytida muvvaqqat hukumat ojiz bo‘lganini aytib, fojeaning oldini ola bilmagani uchun xalqdan uzr so‘radi. Undan keyin bunday voqea qaytalanishiga hukumat yo‘l qo‘ymasligi, hozir hukumatning kuchi har qanday tartibsizliklarning oldini olishga yetishini aytib, xalqqa tushuntirish berdi. Bu gaplardan turonliklar juda xursand bo‘lishdi.

Ozodlik: Ayni paytda turonliklar o‘z muammolarini prezidentga yetkazishdimi? Masalan, o‘shlik o‘zbeklar militsiya tomonidan o‘zlariga nisbatan noqonuniy harakatlar bo‘layotganidan, pul undirish maqsadida o‘zbeklarni soxta ayblovlar bilan qamashga harakat qilinayotganidan va adolatsiz sudlovan shikoyat qilib keladilar.

Rashid Xo‘jayev: Aytishdi... Odamlar gapirishdi, prezident ham ularga javob qaytardi. “Bundan keyin biz bunday narsalarga yo‘l qo‘ymaymiz, militsiya organlari ichida rotatsiya o‘tkazamiz, hukumat to‘la ishga tushdi, demak, qonun ham ishlay boshladi. Endi biron joyda noqonuniy harakat sodir bo‘lsa, odamlar bizga yozma tarzda murojaat qilishsin, biz albatta, qonunni buzganlarni jazolaymiz”, deb va‘da berdi.

Ozodlik: Prezident gapirgani bilan mahalliy hokimiyat, mahalliy huquq-tartibot tuzilmalari oddiy xalqning, asosan o‘zbeklarning arizalarini qabul qilmayotgani haqida ham gaplar bor.

Rashid Xo‘jayev: Yo‘q, bunday ko‘rinish ommaviy tarzda emas. O‘shda “Millatlararo munosabatlarni yaxshilash jamoatchilik kengashi” tashkil qilingan. Men mana shu kengashning a‘zosiman. Doimo xalqning ichida yuribmiz. Siz aytganday ko‘rinish ba‘zan uchrab turadi, biroq aholining o‘zi bizga og‘zaki shikoyat qiladi. “Mana shu shikoyatni bizga yozib beringlar” desak, yozib berishmaydi. Odamlar ariza yozishdan cho‘chib qolgan. Ammo biron kishi ariza yozib murojaat qilsa, bugungi kunda har bir tuzilma uni qabul qilib, teshirish o‘tkazayapti.

Ozodlik: Nega shikoyat qilishdan cho‘chiydi odamlar?

Rashid Xo‘jayev: Odamlarning yuragi “tushib” qolgan. “Ariza yozganimiz bilan kechasi kelishib, yana bizga muammo qilishadi, qo‘rqitishadi”, deb o‘ylashadi.

Ozodlik: Prezidentning oldida odamlar ayni mana shu qo‘rquv masalasini ham ko‘tarishdimi? Umuman olganda, prezident o‘z nutqida konkret bir narsalarni va‘da qildimi - deylik, adolatsiz deb hisoblanayotgan sudlarni qayta o‘tkazish, shikoyatlar asosida nohaq qamalganlar bo‘yicha jinoyat ishlarini qayta tergov qilish masalasida?

Rashid Xo‘jayev
: Yo‘q, bunday gap bo‘lgani yo‘q.

Ozodlik: Prezident O‘tunbayevaning o‘shlik o‘zbeklar bilan bo‘lgan uchrashuvidan so‘ng xalq qanday xulosaga keldi?

Rashid Xo‘jayev: Rostini aytsam, uchrashuv bayramga aylanib ketdi. Chunki o‘shliklar ko‘p vaqtdan beri xursandchilikni, ashula aytish va raqsga tushishni unutib qo‘ygan edilar. Prezident O‘tunbayevaning so‘zlari oz bo‘lsa ham yaraga malham qo‘ygandek bo‘lib, xalqning kayfiyatini ko‘tarib yubordi.
XS
SM
MD
LG